Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qashqadaryo viloyatining kitob tumanida sement zavodini qurishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Qashqadaryo viloyatida ichki va tashqi bozorlarda barqaror talabga ega boʻlgan zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni koʻpaytirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish, eksport salohiyatini yanada kengaytirishni taʼminlash, shuningdek, yangi ish oʻrinlari tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018-2019-yillarda investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 19-iyuldagi PQ-3874-son qarorida “Anhui Conch Cement Co LTD” (XXR) kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda investor deb ataladi) tomonidan quvvati yiliga 1,2 mln tonna portlandsement ishlab chiqaradigan sement zavodi (keyingi oʻrinlarda investitsiyaviy loyiha deb ataladi) qurilishi nazarda tutilganligi;
investitsiya loyihasini amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qashqadaryo viloyatiga tashrifi yakunlari boʻyicha 2018-yil 19-dekabrdagi 23482-xx-son bayonnoma topshirigʻiga muvofiq Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida portlandsement ishlab chiqarish uchun xomashyo bazasi (ohaktosh, lyossimon jinslar) mavjudligini hisobga olgan holda amalga oshirilganligi;
investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida “Anhui Conch Cement Co LTD” (XXR) kompaniyasi tomonidan “Qarshi Conch Cement” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxona tashkil etilganligi;
materiallar, asbob-uskunalar, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar va texnologik jihozlar uzellari, priborlar, transport vositalari, ehtiyot qismlar, instrumentlar, dasturiy taʼminot, texnik va loyiha hujjatlari yetkazib berishni, shuningdek zarur tashqi infratuzilmani keltirish ishlarini moliyalashtirish manbalari etib investor tomonidan jalb etiladigan 150,51 mln AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalar belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Qarshi Conch Cement” MCHJ XKga, istisno tariqasida, investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida 2020-yil 1-sentabrga qadar loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsat berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Energetika vazirligi qurilayotgan sement zavodini tashqi muhandislik va transport kommunikatsiyalariga ulashda “Qarshi Conch Cement” MCHJ XKga zarur yordam koʻrsatsin.
4. Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Sh. Roʻziyev zimmasiga investitsiya loyihasini belgilangan muddatlarda amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin, bunda 2020-yil dekabr oyida quvvatlarni ishga tushirishni hisobga olgan holda investitsiya loyihasini amalga oshirishning tarmoq jadvali bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishi nazarda tutilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi loyiha-smeta hujjatlarining belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin va investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida qurilish-montaj ishlarining bajarilishi sifati ustidan tegishli davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov va Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Sh. Roʻziyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 3-may,
368-son