Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda chorva mollari va parrandalar bosh sonini barqaror oshirishni taʼminlash, veterinariya nazoratini kuchaytirish va veterinariya xizmatlari sifatini oshirish, hayvonlarning sogʻligʻini himoya qilishni samarali tashkil etish, epizootik osoyishtalik va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, chorva mollarining naslini yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlash, naslchilik yoʻnalishidagi chorvachilik xoʻjaliklari faoliyatini hamda chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishda yirik tadbirkorlik subyektlari koʻpaytirilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etilmoqda.
Respublikada naslchilik-seleksiya ishlarini yuritishning ilmiy asoslangan innovatsion uslublarini joriy etish, sunʼiy urugʻlantirishni tizimli tashkil etish, qishloq xoʻjaligi hayvonlari orasidagi epizootik osoyishtalik hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi etib qayta tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari sifatida belgilansin:
Keyingi tahrirga qarang.
veterinariya, chorvachilik va naslchilik sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, ushbu sohada davlat, xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirish, veterinariya faoliyatini litsenziyalashni amalga oshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
veterinariya sohasi va chorvachilikni barcha tarmoqlarini, shu jumladan qoramolchilik, qoʻychilik, qorakoʻlchilik, echkichilik, yilqichilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va quyonchilikni rivojlantirish, naslchilik-seleksiya ishlarini muvofiqlashtirish hamda ushbu yoʻnalishlar boʻyicha maqsadli davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
mamlakat hududlarini hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishidan himoya qilishni taʼminlash, hayvonlar kasalliklari profilaktikasining va ularni davolashning zamonaviy usullarini amaliyotga joriy etish, mahalliy va xorijiy fan yutuqlarini tatbiq etish asosida veterinariya dori vositalarining yangi turlari va shakllarini ishlab chiqarishni tashkil etish;
epizootik osoyishtalikni taʼminlashda hayvonlarning yuqumli kasalliklarini oʻz vaqtida aniqlash, tashxis qoʻyish va tarqalishining oldini olishga doir profilaktika ishlarining samaradorligini monitoring qilish;
chorvachilik va naslchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yagona mexanizmlarini amalga oshirish, chorvachilik xoʻjaliklariga ozuqa yetishtirish uchun ajratilgan yer maydonlarida chorva ozuqa ekinlarini joylashtirishni tashkil etish hamda yuqori hosildorlikka erishishni monitoring qilish;
chorvachilik tarmoqlarida hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash ishlarini tashkil etish, qishloq xoʻjaligi hayvonlarini zoti boʻyicha rayonlashtirish;
veterinariya va naslchilik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi hamda veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalarning sifati va muomalasi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;
veterinariya va naslchilik-seleksiya sohalarida ilmiy, uslubiy va taʼlim salohiyatini har tomonlama rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishlarini belgilash, fundamental va amaliy tadqiqotlar, innovatsiya ishlanmalari natijalarini veterinariya va naslchilik-seleksiya amaliyotiga joriy etilishini muvofiqlashtirish;
chorvachilik mahsulotlarini xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirishni taʼminlash, sifat menejmentining zamonaviy usullarini keng joriy etish, veterinariya va chorvachilik sohalariga xorijiy investitsiyalar va grant mablagʻlarini jalb qilish;
soha kadrlarini tizimli tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etish, rahbar hamda mutaxassislarning ish uslubi va shakllarini takomillashtirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Fanlar akademiyasi tarkibidagi quyidagi muassasalar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tarkibiga oʻtkazilishiga rozilik berilsin:
Keyingi tahrirga qarang.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Samarqand veterinariya meditsinasi instituti va uning qoshidagi akademik litsey;
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazining Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi epizootik osoyishtalikni taʼminlash, hayvonlarning yuqumli kasalliklarini oʻz vaqtida aniqlash, tashxis qoʻyish va tarqalishining oldini olish, chorvachilikni barcha tarmoqlarini va naslchilikni rivojlantirish uchun masʼul davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, uning tizimi va hududiy tashkilotlari faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, budjetdan tashqari jamgʻarmalar va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Ilmiy-tadqiqot ishlari, qoʻmita tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, soha kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, shuningdek xodimlarni moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzurida Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamgʻarmasini shakllantirish manbalari etib:
Davlat chegarasi va transportda davlat veterinariya nazorati boshqarmasining hamda Veterinariya dori vositalari, ozuqabop qoʻshimchalar sifati va muomalasi nazorati boʻyicha Davlat ilmiy markazining xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlarning 75 foizi;
chorvachilik fermer xoʻjaliklariga sotiladigan urugʻlar, sunʼiy urugʻlantirish xizmatini koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining Chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik boshqarmasi, Baliqchilik boshqarmasi hamda ularning hududiy boʻlinmalari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzurida faoliyat koʻrsatadigan “Oʻzbekchorvanasl” agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb yuritiladi) tashkil etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
chorvachilik tarmogʻini rivojlantirish, sunʼiy urugʻlantirishni tashkil etish, seleksiya-naslchilik ishlarini takomillashtirish, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash;
chorvachilikda sof genofondni saqlab qolish va rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan seleksiya-naslchilik dasturlarini amaliyotga tatbiq etish va muvofiqlashtirish;
chorvachilikda nasldorlik va mahsuldorlik sifatlarini yaxshilash maqsadida naslchilik resurslarini yaratish, saqlash, takror koʻpaytirish va ulardan oqilona foydalanish;
ozuqabop ekinlarni yetishtirish uchun ajratilgan yer uchastkalarida ushbu ekinlar yetishtirilishini monitoring qilish.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Belgilansinki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab:
chorva mollari bosh soni 100 shartli va undan ortiq boʻlgan chorvachilik hamda parrandalar soni 100 ming bosh va undan yuqori boʻlgan parrandachilikka ixtisoslashgan xoʻjaliklarda alohida shtat asosida veterinariya vrachi va zootexnik mutaxassislarning faoliyat yuritishi joriy etiladi;
qoramolchilik yoʻnalishidagi xoʻjaliklar (boʻrdoqichilik xoʻjaliklari bundan mustasno) hamda aholi qaramogʻidagi sigirlar Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan seleksiya rejasiga asosan mazkur hudud uchun biriktirilgan zotdagi naslli buqalar urugʻi bilan sunʼiy urugʻlantiriladi;
tuman hokimliklari har yilning 1-dekabriga qadar Agentlikning hududiy boʻlinmalari bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga fermer xoʻjaliklari kesimida kelgusi yil uchun ozuqa ekinlarini joylashtirish rejasini taqdim etadi;
shaxsiy yordamchi, dehqon xoʻjaliklari va aholi qaramogʻidagi sigirlarni sunʼiy urugʻlantirish uchun foydalaniladigan nasldor buqalarning muzlatilgan urugʻi hamda kimyo korxonalari tomonidan yetkazib beriladigan suyuq azot xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplashga ruxsat etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 28-mart,
PF-5696-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2019-y., 06/19/5696/2843-son; 01.01.2020-y., 06/20/5898/4258-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 06/23/90/0352-son)