Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
1. 2017-yil 11-oktabr kuni Sochi shahrida imzolangan Jinoyat ishlari boʻyicha ashyoviy dalil hisoblangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari, oʻqotar qurol, uning asosiy qismlari, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi Bayonnoma tasdiqlansin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi — yuqorida koʻrsatilgan xalqaro shartnomani amalga oshirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining masʼul vakolatli organi etib;
jinoyat ishi yoki tergovga qadar tekshiruv materiallari ish yurituvida boʻlgan yoxud sudga yuborilgunga qadar ish yurituvida mavjud boʻlgan tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar — yuqorida koʻrsatilgan xalqaro shartnomaga muvofiq ashyoviy dalillarni bevosita berish va qabul qilish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining masʼul vakolatli organlari etib belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashki ishlar vazirligi mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi toʻgʻrisida va uni amalga oshirish uchun masʼul vakolatli organlar haqida depozitariyga tegishli bildirishnoma yoʻllasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasinlar.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 14-mart,
PQ-4237-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2019-y., 07/19/4237/2767-son)