O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan tashxis qo‘yish va davolash sifati standartlariga rioya qilgan holda aholiga pulli asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida
Respublika tibbiyot muassasalarining tashkiliy-infratuzilmaviy salohiyatini takomillashtirish, xorijiy fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 8-iyundagi 264-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 6-son, 53-modda) bilan tasdiqlangan Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan tashxis qo‘yish va davolash sifati standartlariga rioya qilgan holda aholiga pulli asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalarining 20-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“20. Xorijiy fuqarolar ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar uchun haqni belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflardan oshirilgan miqdorda raqobatbardosh bozor narxlaridan kelib chiqib milliy valyuta — “so‘m”da to‘laydilar.
Xorijiy fuqarolar uchun tariflarning oshirilgan miqdori O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda Markazlar tomonidan belgilanadi.
Bunda, xorijiy fuqarolarni davolash muassasasiga jalb qilishda vositachilik xizmatlarini amalga oshirgan yuridik shaxslarni rag‘batlantirish shartnomaga muvofiq oshirilgan tariflar bo‘yicha xorijiy mijozlarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan tushumlar hisobiga amalga oshiriladi”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 25-fevral,
168-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2019-y., 09/19/168/2667-son)