Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tarjimonlar byurosi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi PF-133-sonli “Maʼmuriy islohotlar doirasida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishda uning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-apreldagi PF-5400-son Farmonini bajarish yuzasidan, shuningdek, rasmiy tadbirlarni tarjima bilan taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari matnlarini va boshqa hujjatlarni tarjima qilish sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishda uning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-apreldagi PF-5400-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida Tarjimonlar byurosi (keyingi oʻrinlarda Tarjimonlar byurosi deb ataladi) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Tarjimonlar byurosi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor boshqaradigan davlat muassasasi hisoblanadi.
2. Quyidagilar Tarjimonlar byurosining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va oliy mansabdor shaxslari ishtirokidagi rasmiy tadbirlarni sinxron va izchil tarjima bilan taʼminlash;
rasmiy tadbirlar doirasida tayyorlangan materiallarning yozma tarjimasini amalga oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan tuziladigan xalqaro shartnomalar loyihalarining davlat va xorijiy tillardagi matnlarining autentligini taʼminlashga koʻmaklashish;
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va boshqa ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari orasidan yuqori malakali tarjimonlar tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining, shuningdek, shartnoma asosida davlat organlari xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha boʻlinmalari xodimlarining xorijiy tillarni bilish boʻyicha koʻnikmalari rivojlantirilishini taʼminlash;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga shartnoma asosida ogʻzaki va yozma tarjima boʻyicha xizmatlar koʻrsatish.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tarjimonlar byurosining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tarjimonlar byurosining Ustavi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tarjimonlar byurosiga quyidagi huquqlar berilsin:
tarjimonlik xizmatlari koʻrsatish boʻyicha tuziladigan shartnomalar asosida ogʻzaki va yozma tarjima boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatish;
zarur holatlarda, mutaxassislarni, shu jumladan yuridik yoki boshqa tor ixtisoslik boʻyicha maxsus malakalar talab qiladigan xalqaro shartnomalar va boshqa hujjatlar matnlarini tarjima qilish uchun, soha boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillarini Tarjimonlar byurosiga, mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda, shartnoma asosida jalb etish.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari, toʻlov-shartnoma asosida tarjimonlik xizmatlari koʻrsatishdan tushadigan kirimlar hisobidan shakllanadigan budjetdan tashqari mablagʻlar, davlat va xalqaro grantlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Tarjimonlar byurosi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
6. Tarjimonlar byurosi Toshkent shahri, Mustaqillik shoh koʻchasi, 54-uy manzilidagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti binosiga, tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tarjimonlar byurosi xodimlari ish haqini toʻlash va uning faoliyati moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan mablagʻ ajratsin va kelgusi yillarda mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
8. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti:
talab eng katta boʻlgan xorijiy tillar boʻyicha mutaxassis tarjimonlarni tayyorlash boʻyicha oʻquv dasturlarini, shuningdek, Tarjimonlar byurosi xodimlarini kasbiy rivojlantirish boʻyicha qisqa muddatli kurslarning dasturini ishlab chiqsin;
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan birgalikda Tarjimonlar byurosini toʻldirish uchun mutaxassis-tarjimonlarni yuqori malakali gid-tarjimonlar, shu jumladan, yurisprudensiya, iqtisodiyot va boshqa sohalardagi terminologiya boʻyicha bilimga ega mutaxassislar orasidan tanlov asosida ajratib olish tartibini ishlab chiqsin va tashkil etsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 18-fevral,
140-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-fevraldagi 140-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tarjimonlar byurosining
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 30 nafar.
Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni — 13 nafar.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-fevraldagi 140-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tarjimonlar byurosining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ustav Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tarjimonlar byurosining (keyingi oʻrinlarda Tarjimonlar byurosi deb ataladi) asosiy vazifalari va funksiyalarini, huquqlari va javobgarligini, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Tarjimonlar byurosi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Ustavga, shuningdek, boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
3. Tarjimonlar byurosi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining tarkibiy boʻlinmalari hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
4. Tarjimonlar byurosining rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tarjimonlar byurosi, qisqartirilgani — Tarjimonlar byurosi;
b) rus tilida:
toʻliq — Byuro perevodchikov pri Ministerstve inostrannix del Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgani — Byuro perevodchikov;
v) ingliz tilida:
toʻliq — Bureau of Interpreters under the Ministry of Foreign Affairs of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgani — Bureau of Interpreters.
5. Tarjimonlar byurosi davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida gʻazna hisob raqamlariga, milliy, shu jumladan, xorijiy valyutadagi bank hisob raqamlariga ega boʻladi.
2-bob. Tarjimonlar byurosining asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Tarjimonlar byurosining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va oliy mansabdor shaxslari ishtirokidagi rasmiy tadbirlarni sinxron va izchil tarjima bilan taʼminlash;
rasmiy tadbirlar doirasida tayyorlangan materiallarning yozma tarjimasini amalga oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan imzolanadigan xalqaro shartnomalar loyihalarining davlat va xorijiy tillardagi matnlarining autentligini taʼminlashga koʻmaklashish;
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va soha boʻyicha boshqa oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari orasidan yuqori malakali tarjimonlar tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining, shuningdek, shartnoma asosida davlat organlarining xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha boʻlinmalari xodimlarining xorijiy tillarni bilish boʻyicha koʻnikmalarini rivojlantirishni taʼminlash;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga shartnoma asosida ogʻzaki va yozma tarjimonlik xizmatlari koʻrsatish.
7. Tarjimonlar byurosi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, xorijiy mamlakatlar hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari va oliy mansabdor shaxslari ishtirokidagi rasmiy tadbirlarni sinxron va izchil tarjima bilan taʼminlash sohasida:
rasmiy tadbirlarni xorijiy tillarni, tarjima qilish texnikasi va nazariyasini erkin biladigan, yurisprudensiya, iqtisodiyot, tarix, din, madaniyat va boshqa sohalardagi terminologiya boʻyicha bilimga ega, shuningdek, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy va amalga oshirilayotgan tashqi siyosatdan xabardor boʻlgan yuqori malakali tarjimonlar bilan taʼminlaydi;
oliy va yuqori darajadagi tashriflar davomida sinxron va izchil ogʻzaki va yozma tarjimani taʼminlash boʻyicha doimiy tayyorlikni taʼminlaydi;
rejalashtirilayotgan oliy va yuqori darajadagi xalqaro tadbirlar mavzusiga tarjimonlarni oldindan tayyorlash orqali talab katta boʻlgan xorijiy tillarga sifatli tarjimani taʼminlaydi;
Tarjimonlar byurosining texnik jihozlanganligini zamonaviy talablarga muvofiqligi nuqtai nazaridan tizimli tahlil qilib boradi hamda sinxron tarjimani amalga oshirish uchun zarur kompyuter va dasturiy taʼminot, multimediya va audiouskunalar hamda boshqa texnik vositalar darajasini oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga koʻrib chiqish uchun takliflar kiritadi;
b) rasmiy tadbirlar doirasida tayyorlangan materiallarning yozma tarjimasini amalga oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan tuziladigan xalqaro shartnomalar loyihalarining davlat va xorijiy tillardagi matnlarining autentligini taʼminlashga koʻmaklashish sohasida:
mamlakat Rahbariyatining, vazirliklar va idoralarning chet el auditoriyasiga yoʻllanadigan murojaatnoma va nutqlarining sifatli tarjimasini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining soʻroviga asosan, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarining yozma tarjimasini amalga oshiradi, shuningdek, ular matnlarining autentligini belgilashda koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining soʻroviga asosan, koʻp tomonlama xalqaro shartnomalar matnlarining davlat tiliga yozma tarjimasini amalga oshiradi;
v) Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va soha boʻyicha boshqa oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari orasidan yuqori malakali tarjimonlar tayyorlash sohasida:
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va soha boʻyicha boshqa oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari va oʻqituvchilari orasidan tarjimonlarni tayyorlash uchun oʻquv kurslari tashkil etadi;
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va soha boʻyicha boshqa oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilari va oʻqituvchilarini, ularning koʻnikmalarini oshirish maqsadida, xalqaro tadbirlarning tarjima jarayoniga jalb qiladi;
xorijiy tillar boʻyicha mutaxassislar tayyorlashni amalga oshiradigan oliy taʼlim muassasalariga, boshqa manfaatdor muassasalarga ogʻzaki va yozma tarjima qilishning zamonaviy shakllari va usullarini amaliyotga joriy etish masalasida uslubiy yordam koʻrsatadi;
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Chet tillarini oʻqitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlik qiladi;
xorijiy tillarni oʻqitishning interfaol vositalarini ishlab chiqadi va joriy etadi;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining, shuningdek, shartnoma asosida davlat organlarining xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha boʻlinmalari xodimlarining xorijiy tillarni bilish boʻyicha koʻnikmalarini rivojlantirishni taʼminlash sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Tarjimonlar byurosi xodimlarining, ayniqsa Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi muassasalarida ishlash uchun yuborilayotgan xodimlarning chet tillarni bilish koʻnikmalarini oshirish boʻyicha tizimli asosdagi tadbirlar va oʻquv kurslarini tashkil qiladi;
xorijiy stajirovkaga yuborish, ogʻzaki va yozma tarjima qilish nazariyasi hamda texnikasi boʻyicha xorijlik ekspertlar ishtirokidagi master-klasslar, amaliy tilshunoslik sohasidagi ilgʻor taʼlim muassasalari bilan birgalikda malaka oshirish oʻquv kurslari va treninglarni oʻz ichiga olgan Tarjimonlar byurosi xodimlarini kasbiy rivojlantirish boʻyicha doimiy dasturni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
Tarjimonlar byurosi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilishni yaxshilash, ularning samarali ishi va doimiy asosda malakasini oshirish borasida qulay sharoitlar yaratish boʻyicha choralar ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
d) davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga shartnoma asosida ogʻzaki va yozma tarjimonlik xizmatlari koʻrsatish sohasida:
tarjimonlik xizmatlari koʻrsatish boʻyicha tuziladigan shartnomalarga asosan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga ogʻzaki va yozma tarjima boʻyicha keng koʻlamli pulli tarjimonlik xizmatlari koʻrsatadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga bosma va media materiallarni, muzokara jarayonlarini, shuningdek, ularning faoliyat sohalari boʻyicha ishlab chiqilayotgan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini davlat tiliga va xorijiy tillarga tarjima qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Tarjimonlar byurosining huquqlari va majburiyatlari
8. Tarjimonlar byurosi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
tarjimonlik xizmatlari koʻrsatish boʻyicha yuridik va jismoniy shaxslar bilan oʻz vakolatlari doirasida shartnomalar tuzish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Tarjimonlar byurosi xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha treninglar va master-klasslar tashkil qilish uchun belgilangan tartibda yetakchi mahalliy va xorijiy olimlar va mutaxassislarni taklif qilish;
kasbiy malakasini rivojlantirish, yangi tajriba va bilim olish maqsadida Tarjimonlar byurosi xodimlari uchun xorijiy stajirovkalar tashkillashtirish;
davlat organlari, oliy taʼlim va ilmiy muassasalar, shuningdek, boshqa tashkilotlarning ilmiy xodimlari hamda mutaxassislarini shartnoma asosida Tarjimonlar byurosi faoliyatiga jalb qilish;
vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar xodimlarini tayyorlash hamda malakasini oshirish boʻyicha pulli asosda turli xizmatlar koʻrsatish.
Keyingi tahrirga qarang.
Tarjimonlar byurosi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
9. Tarjimonlar byurosi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Tarjimonlar byurosi faoliyatini tashkil etish
10. Tarjimonlar byurosini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor boshqaradi.
Tarjimonlar byurosining direktori oʻz maqomi, mehnatga haq toʻlash, qoʻshimcha toʻlovlar va moddiy ragʻbatlantirish sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining bosh boshqarma boshligʻiga tenglashtiriladi.
11. Tarjimonlar byurosining direktori:
Tarjimonlar byurosi faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, shuningdek, Tarjimonlar byurosiga yuklangan vazifa va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Tarjimonlar byurosi xodimlarini lavozimiga tayinlash va lavozimdan ozod qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga takliflar kiritadi;
doimiy va sifatli tarjimonlik xizmatlari koʻrsatish uchun yuqori malakali tilshunoslar va tarjimonlarni samarali jalb qilish maqsadida kadrlar siyosatini belgilangan tartibda amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatiga Tarjimonlar byurosi faoliyatining samaradorligini oshirish, shu jumladan, talab katta boʻlgan tillar roʻyxatiga va shtat jadvaliga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar kiritadi;
Tarjimonlar byurosining Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tarkibiy boʻlinmalari bilan samarali hamkorligini taʼminlaydi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida, boshqa tashkilotlarda, shu jumladan xorijiy davlatlarda, shuningdek, xalqaro tashkilotlarda Tarjimonlar byurosi nomidan ish koʻradi;
Tarjimonlar byurosining shtatlar jadvalini va uning taʼminoti boʻyicha xarajatlar smetasini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziriga kiritadi;
Tarjimonlar byurosi xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, ularning funksional vazifalarini va Tarjimonlar byurosining boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi;
Tarjimonlar byurosi xodimlarining malakasini va kasbiy darajasini oshirish uchun zarur sharoitlar yaratadi, belgilangan tartibda ularni moddiy ragʻbatlantirish choralarini koʻradi;
Tarjimonlar byurosi nomidan faoliyatni, shu jumladan xoʻjalik faoliyatini yuritadi, shartnomalar tuzadi, Tarjimonlar byurosi xodimlari uchun bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi hamda koʻrsatmalar beradi;
Keyingi tahrirga qarang.
Tarjimonlar byurosi direktori qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Tarjimonlar byurosi xodimlari Tarjimonlar byurosi direktorining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Boʻlim boshligʻi, bosh yuriskonsult va bosh buxgalter oʻz maqomi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tarkibiy boʻlinmasining boʻlim boshligʻiga, tarjimon — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparatining yetakchi mutaxassisiga, ularga nisbatan mehnatga haq toʻlashning, qoʻshimcha toʻlovlar va moddiy ragʻbatlantirishning tegishli shartlarini qoʻllagan holda, tenglashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Tarjimonlar byurosi xodimlari quyidagilarga majbur:
maxfiylik tartiboti va xizmat doirasida foydalaniladigan hujjatlarni, shuningdek, ularga Tarjimonlar byurosidagi faoliyati davomida maʼlum boʻlgan konfidensial xarakterdagi axborot va maʼlumotlarni oshkor etmaslik talablariga rioya qilish;
oʻzlarining ish yurituvidagi hujjatlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish, ularning toʻliq hajmda sifatli saqlanishini taʼminlash hamda xavfsizlik, shu jumladan yongʻinga qarshi tartibotga rioya qilish, Tarjimonlar byurosining mulkidan lozim darajada foydalanish va saqlashni taʼminlash.
14. Tarjimonlar byurosi tarjimani taʼminlaydigan boʻlimlardan iborat boʻladi.
5-bob. Tarjimonlar byurosi faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash
15. Tarjimonlar byurosi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari, pulli asosda tarjimonlik xizmatlari koʻrsatishdan tushadigan kirimlar hisobidan shakllanadigan budjetdan tashqari mablagʻlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar grantlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
16. Tarjimonlar byurosi xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
Tarjimonlar byurosi xodimlariga nisbatan davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun belgilangan mukofotlash, moddiy yordam va ustamalar sharoitlari tatbiq etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Tarjimonlar byurosi oʻz majburiyatlari boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻziga tegishli boʻlgan butun mol-mulki bilan javob beradi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
18. Tarjimonlar byurosini qayta tashkil qilish yoki tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2019-y., 09/19/140/2630-son; 21.01.2021-y., 09/21/28/0057-son)