Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ayrim maʼlumotlarni rasman eʼlon qilish boʻyicha cheklovlarni olib tashlash toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 21-iyuldagi PQ-3877-son qaroriga muvofiq hamda xalqaro reyting agentliklari va investorlarga mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati va investitsion jozibadorligini toʻlaqonli namoyish etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagi maʼlumotlarni rasman eʼlon qilish boʻyicha cheklovlar olib tashlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalarining zaxira va resurslari, ularning qazib olish (ishlab chiqarish) va sotish hajmlari, mablagʻlarning taqsimlanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, “Olmaliq KMK” AJ va “Navoiy KMK” DKning 2013-yildan boshlab milliy va xalqaro standartlar asosidagi moliyaviy hisobotlari;
2017-yil 1-yanvar holatigacha davlat oltin valyuta-zaxiralarining yillik hajmlari va ularning tarkibi;
davlat va davlat tomonidan kafolatlangan (ichki va tashqi) qarzlarning umumiy hajmi, ularning manbalari, valyutalari, foiz stavkalari, soʻndirish muddatlari, shuningdek, qarzdor tashkilotlar kesimida oʻzlashtirilishi va qaytarilishi boʻyicha maʼlumotlar.
3. Moliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ushbu qarorning mazmun-mohiyatini keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisi B.A. Begalov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 1-fevral,
77-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2019-y., 09/19/77/2558-son)