Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 21-iyuldagi PQ-3877-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 21-iyuldagi PQ-3877-son qaroriga muvofiq vakolatli organ boʻlib, quyidagi operatsiyalarni amalga oshirishi belgilansin:
xalqaro moliya bozorlarida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan xalqaro obligatsiyalar emitenti boʻlib ishtirok etish;
emissiya risolasini, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish dasturini, hamda emissiya shartlarini mustaqil ravishda belgilash, shu jumladan emissiya hajmini va foiz stavkalarini xalqaro moliya bozorlari sharoitidan kelib chiqib mustaqil ravishda tasdiqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirishga oid shartnoma va bitimlarni tuzish;
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro obligatsiyalari boʻyicha tegishli toʻlovlarni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish jarayonida kerak boʻladigan tegishli bank hisob varaqlarini ochish va yuritish;
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirishga tegishli boshqa barcha harakatlarni amalga oshirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish uchun tegishli bitimlar va shartnomalarni imzolash vakolati berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan taqdim qilinadigan Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish uchun tegishli bitimlar va shartnomalar loyihasiga yuridik xulosa berishni tashkil etsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-yanvar,
35-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 09/19/35/2487-son)