Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasining tashkiliy-shtat tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida
Xitoy Xalq Respublikasi bilan har tomonlama strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish, shuningdek, eksport salohiyatini oshirish va turistlar oqimini jalb etish maqsadida:
1. 2018-yilning 15-iyulidan Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi shtat jadvaliga maslahatchi-vakil, SHHT Kotibiyati huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining doimiy vakili (1 nafar), moliya institutlari bilan hamkorlik qilish boʻyicha birinchi kotib (1 nafar), savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha ikkinchi kotib (1 nafar), uchinchi kotib (1 nafar) va attashe (1 nafar) qoʻshimcha lavozimlari kiritilsin.
2. Harbiy attashe lavozimi maqomi va mehnatga haq toʻlash darajasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi maslahatchisiga tenglashtirilishi belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-yanvardagi PQ-4120-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi sarf-xarajatlarini 2018-yilgi budjetda tasdiqlangan xorijiy muassasalarni moliyalashtirish hajmlari doirasida shtat jadvalidagi oʻzgarishlarni inobatga olib, moliyalashtirishni amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasiga qoʻshimcha uchta yengil avtomobil taʼminoti uchun limit ajratsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Elchixona tuzilmasiga kiritilgan oʻzgarishlarni inobatga olgan xolda, Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasining 2018-yilgi xarajatlar smetasini tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari shtat jadvallariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2010-yil 16-iyuldagi PQ-1369-sonli qarorining 3-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi Kotibi V.V. Maxmudov va Oʻzbekiston Respublikasi tashki ishlar vaziri A.X. Komilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-iyul,
PQ-3844-son