Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
Tabiiy suv havzalari mahsuldorligini oshirishda baliqlantirish meʼyorlari va texnologiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 20-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3103]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-apreldagi PQ-3657-son “Baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Tabiiy suv havzalari mahsuldorligini oshirishda baliqlantirish meʼyorlari va texnologiyasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir B. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 16-noyabr,
54-son
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining 2018-yil 16-noyabrdagi 54-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Tabiiy suv havzalari mahsuldorligini oshirishda baliqlantirish
meʼyorlari va texnologiyasi
Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-apreldagi PQ-3657-son “Baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tabiiy suv havzalarini baliqlantirish meʼyorlari va texnologiyasini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur hujjat talablari tabiiy suv havzalarida baliq yetishtirish bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Mazkur Nizomda chavoq deganda baliqlarni lichinka davridan keyingi rivojlanish bosqichi tushuniladi.
2-bob. Tabiiy suv havzalarini baliqlantirish meʼyorlari va texnologiyasi
3. Har bir tabiiy suv havzasining biologik xususiyatidan kelib chiqqan holda tabiiy suv havzasi tegishli oʻsimlikxoʻr baliqlar bilan baliqlantiriladi.
4. Tabiiy suv havzalarida baliq yetishtirish boshlangan vaqtdan keyin 3 yil davomida har yili 1 gektar suv havzasi kamida 50 dona oʻsimlikxoʻr baliqlarning chavoqlari bilan baliqlantirilishi lozim. Bunda oʻsimlikxoʻr baliqlar chavoqlarining ogʻirligi 20 grammdan kam boʻlmasligi kerak.
5. Tabiiy suv havzalarining qirgʻoqlarida baliq chavoqlarini yetishtirish uchun chavoq hovuzlari tashkil etilishi mumkin. Bunda har bir chavoq hovuzlarining maydoni 0,5 gektardan koʻp boʻlmasligi lozim.
6. Tabiiy suv havzalarini baliqlantirish maqsadida suvga tashlanadigan baliq chavoqlarining soni va ogʻirligi quyidagicha aniqlanadi:
baliq chavoqlarini yetishtiruvchi tashkilotning tegishli mutaxassisi hamda tegishli tuman (shahar) veterinariya boʻlimining ixtiopatologi ishtirokida oʻlchash sigʻimiga ixtiyoriy miqdordagi baliq chavoqlari olinadi;
sigʻimga olingan baliq chavoqlarining tabiiy suv havzasini baliqlantirishga yaroqliligi hamda kasallik alomatlari mavjud yoki mavjud emasligi aniqlanadi;
tabiiy suv havzasini baliqlantirishga yaroqli hamda kasallik alomatlari mavjud emas deb topilgan baliq chavoqlarining ogʻirligi oʻlchanadi, ularning soni sanaladi, shuningdek har bir baliq chavogʻining vazni aniqlanadi.
7. Tabiiy suv havzasini baliqlantirishga yaroqli hamda kasallik alomatlari mavjud emas deb topilgan baliq chavoqlarini tashish tirik baliq tashishga moʻljallangan maxsus transport vositasida amalga oshiriladi.
Bunda, maxsus yelim xaltaning hajmidan kelib chiqib uchdan ikki qismi baliq chavoqlari yashab turgan suv bilan toʻldiriladi va baliq chavoqlari tashlanadi, shuningdek xalta germetik holda qadoqlanadi. Germetik holda qadoqlangan xaltalar maxsus transport vositasining baliqlarni tashishga moʻljallangan qismiga joylashtiriladi va tashish amalga oshiriladi.
8. Tabiiy suv havzasiga baliq chavoqlarini tashlashdan oldin tabiiy suv havzasining tegishli hududida meliorativ ishlar amalga oshiriladi. Bunda, tabiiy suv havzasining tegishli hududidagi suv oʻtlari oʻrib tashlanadi.
9. Tabiiy suv havzasining tegishli hududida meliorativ ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmalarining tegishli mutaxassislari ishtirokida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Maxsus transport vositasida tabiiy suv havzasiga olib kelingan baliq chavoqlarini tabiiy suv havzasiga tashlashdan oldin maxsus transport vositasidagi suvning harorati va tabiiy suv havzasi suvining harorati oʻlchanishi zarur.
11. Tabiiy suv havzasi suvining harorati maxsus transport vositasidagi suvning haroratidan 5 oS farq qilganda maxsus transport vositasidagi suvning harorati tabiiy suv havzasi suvining haroratiga tenglashtirilishi lozim.
12. Maxsus transport vositasidagi baliq chavoqlarini tabiiy suv havzasiga tashlash tabiiy suv havzasining sayoz boʻlgan qirgʻogʻida amalga oshiriladi.
3-bob. Yakuniy qoida
13. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat veterinariya qoʻmitasi, “Ipoteka bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Suv xoʻjaligi vaziri Sh. XAMRAYEV
2018-yil 5-noyabr,
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B. QOʻCHQOROV
2018-yil 6-noyabr,
Davlat veterinariya qoʻmitasi raisi v.v.b. B. NORQOBILOV
2018-yil 8-noyabr,
“Ipoteka bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki raisi O. MUSAYEV
2018-yil 1-noyabr,
“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi raisi A. ERGASHEV
2018-yil 31-oktabr,
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2018-yil 13-noyabr,
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 10/18/3103/2355-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2023-y., 10/23/3103-1/0643-son; 20.01.2026-y., 10/26/3103-2/0056-son)