O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mamlakatimizda yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yo‘li bilan aholi farovonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, mamlakatning ayrim hududlarida ijtimoiy tanglikning kuchayishi, shu jumladan qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olishning davom etayotganligi bilan bog‘liq bo‘lgan kriminogen vaziyatning yomonlashishi kuzatilmoqda.
Buning asosiy sababi miqdor va sifat jihatidan sanoat usulida qazib olish obyekti hisoblanmaydigan yer qa’ri uchastkalarida qimmatbaho metallarni nosanoat usulda qazib olish bilan qonuniy shug‘ullanish imkoniyatining mavjud emasligi hisoblanadi.
Qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish Navoiy, Samarqand va Buxoro viloyatlarida tizimli tus olib, qimmatbaho metallarning yashirincha aylanishiga va chet ellarga noqonuniy olib chiqib ketilishiga olib kelmoqda. Noqonuniy ravishda oltin qazib olish chog‘ida shikastlanishlar va o‘lim holatlari sodir bo‘lmoqda.
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishni tadbirkorlik turi sifatida rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, yer qa’ri uchastkasini samarali o‘zlashtirish, shuningdek, oltin va zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining 2019-yil 1-martdan boshlab tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini joriy qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati yer qa’ridan foydalanishning alohida turi hisoblanadi va u yer qa’ri uchastkalarida amalga oshiriladi;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qa’ri uchastkalari, shu jumladan o‘lchamlari 5 gektargacha bo‘lgan sochma oltin konlari taqdim etiladi;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnoma beriladi, bunda bitta talabgorga ruxsatnoma asosida berilgan yer qa’ri uchastkalarining umumiy maydoni yil davomida 20 gektardan oshmasligi lozim;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalarga faqat O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari, xususan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkor maqomiga ega jismoniy shaxslar hamda ustav kapitali (jamg‘armasi)da O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxsning ulushi 70 va undan ortiq foizga ega bo‘lgan yuridik shaxslar talabgor bo‘lishi mumkin;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomaga talabgor bo‘lishi mumkin bo‘lgan yuridik shaxslar ishchi-xodimlarining 70 foizi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi lozim;
Oldingi tahrirga qarang.
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga ruxsatnoma O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan “E-AUKSION” elektron savdo platformasidagi elektron auksion yakunlari bo‘yicha belgilangan tartibda “Litsenziya” axborot tizimi orqali 3 yil muddatga beriladi;
(2-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qo‘yishning boshlang‘ich narxi har bir gektariga O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravari miqdorida belgilanadi. Bunda to‘liq bo‘lmagan gektarlar uchun boshlang‘ich narx 1 gektar yer uchun belgilangan narxni yer maydonining o‘lchamiga ko‘paytirish orqali aniqlanadi;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qa’ri uchastkalari ro‘yxati har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi;
ruxsatnomani yoki yer qa’ri uchastkasidan (to‘liq yoki qisman) foydalanish huquqini uchinchi shaxslarga berish (topshirish), shuningdek, bitta yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqiga ruxsatnomani bir necha shaxsga berishga yo‘l qo‘yilmaydi;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning reyestrini yuritish va ularga ajratilgan yer qa’ri uchastkalarining davlat nazorati O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi;
oltin izlovchilar usulida qazib olingan qimmatbaho metallarni realizatsiya qilish affinaj faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega yuridik shaxslarga, shu jumladan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatlariga, shuningdek, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik va boshqa buyumlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga kelishilgan narxlarda amalga oshiriladi;
qimmatbaho metallarni yashirish, shu jumladan uni 6 oy ichida realizatsiya qilmaslik, shuningdek, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish chog‘ida ishlarni bexatar olib borish talablarining buzilishi oqibatida insonlarning og‘ir tan jarohati olishi yoki o‘limiga olib kelishi ruxsatnomani bekor qilish va mazkur faoliyat bilan shug‘ullanishni bir yil davomida cheklash uchun asos bo‘ladi;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqi tugatilgandan so‘ng, yer qa’ridan foydalanuvchilar zimmasiga yer qa’ri uchastkalarini rekultivatsiya qilish va ularni keyinchalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish majburiyati yuklanadi.
Belgilansinki, mazkur bandning to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan talablar 2021-yil 1-maydan boshlab beriladigan qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish huquqini beruvchi ruxsatnomalarga nisbatan tatbiq etiladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini “E-AUKSION” elektron savdo platformasida realizatsiya qilishdan olingan pul mablag‘lari va ushlab qolingan zakalat summasi, auksionni tashkil qilish xizmatlari uchun to‘lov summalari chegirilgan holda:
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati olib boriladigan hududlardagi tegishli tuman (shahar)lar mahalliy budjetlariga qo‘shimcha daromad manbai sifatida;
O‘zbekiston Respublikasi hududida mineral xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishning yillik davlat dasturlarini amalga oshirishga maqsadli yo‘naltirilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining maxsus g‘aznachilik hisob raqamlariga teng ulushlarda o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoniga asosan 2022-yil 1-iyuldan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
5. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda yer osti boyliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini tartibga solishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi “Sanoatgeokontexnazorat” DI, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019-yilning 1-fevraliga qadar quyidagilarni tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
a) quyidagilarni nazarda tutuvchi Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (keyingi o‘rinlarda — Nizom):
yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqiga litsenziya berish tartibi, shu jumladan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida elektron auksionni o‘tkazish reglamenti;
yer qa’ri uchastkasidan foydalanish shartlari, shu jumladan qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishning ruxsat etilgan usullari va vositalari, shuningdek, foydalaniladigan asbob-uskunalar va texnikaga qo‘yiladigan talablar;
oltin izlovchilar usulida qazib olingan qimmatbaho metallar narxini belgilash, ularni xarid qilish, hisobini yuritish, saqlash va realizatsiya qilish tartibi;
ishlarni olib borish qoidalari va normalariga rioya qilish bo‘yicha talablar, shuningdek, yer qa’ridan foydalanuvchilarning qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun javobgarligi;
foydalanib bo‘lingan yerlarni rekultivatsiya qilish va ularni mahalliy davlat hokimiyati organlarining zaxira fondiga qaytarish mexanizmi;
b) ishonchli, aniq konturlari va chegaralarini ko‘rsatgan holda qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun berilayotgan yer qa’ri uchastkalarining ro‘yxatini (keyingi o‘rinlarda — Ro‘yxat).
7. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DKga 2019-yilning 1-martiga qadar mamlakat hududlarida oltin izlovchilar usulida qazib olingan qimmatbaho metallarni sotib oluvchi ixtisoslashtirilgan qabul kassalarini ochish va sotib olishning shaffof mexanizmini o‘rnatish tavsiya qilinsin.
8. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishni amalga oshiruvchi shaxslarga, shu jumladan uslubiy, amaliy va yuridik maslahatlar berish yo‘li bilan har tomonlama yordam ko‘rsatsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, tegishli viloyat hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda qimmatbaho metallarni noqonuniy yo‘l bilan qazib olish holatlarining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi:
Internet tarmog‘idagi o‘zlarining rasmiy saytlarida joylashtirish orqali Nizom va Ro‘yxatdan erkin foydalanish imkoniyatini ta’minlasin va ularni tizimli ravishda yangilab borsin;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish me’yorlari va qoidalariga, shuningdek, tabiatni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishi ustidan belgilangan tartibda qat’iy nazorat o‘rnatsin;
Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B. Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-noyabr,
PQ-4030-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.11.2018-y., 07/18/4030/2224-son; 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son, Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son; 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)