Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda jamiyat hayotining maʼnaviy-maʼrifiy asoslarini mustahkamlash, milliy istiqlol gʻoyasining asosiy tushuncha va tamoyillarini hayotga joriy etish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik va masʼuliyat hissini oshirish, yot gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga yoʻnaltirilgan targʻibot tizimi shakllandi. Bu jarayonda Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi, uning joylardagi tuzilmalari hamda Milliy gʻoya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etish lozim.
Bugungi kunda dunyoda globallashuv jarayonlari kuchayib, tinchlik va barqarorlikka qarshi yangi tahdid va xatarlar tobora koʻpayib bormoqda. Bunday murakkab va tahlikali vaziyat sohada amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy baholab, uning faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Xususan, oila, mahalla va taʼlim muassasalarida yoshlar tarbiyasi, chekka hududlar va mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan maqsadli gʻoyaviy-tarbiyaviy ishlarning yuzaki tarzda olib borilayotgani, jinoyatchilik, diniy ekstremizm va terroristik harakatlarga adashib qoʻshilib qolish, milliy qadriyatlarga eʼtiborsizlik, erta turmush qurish, oilaviy ajralishlar kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan targʻibot ishlarining aksariyat hollarda kutilgan natijani bermayotgani bu masalalarga jiddiy eʼtiborni talab etmoqda.
Mamlakatimizda qabul qilingan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida eng avvalo, davlat boshqaruv organlarining quyi boʻgʻinlari faoliyatini tubdan yaxshilash, ularning halq bilan muloqot qilishini taʼminlash, bu borada samarali ijtimoiy hamkorlik mexanizmini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilab qoʻyilgan.
Ana shu maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda, maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlarining mazmun-mundarijasini tubdan yaxshilash, ularning koʻlami va miqyosini kengaytirish, tizimda faoliyat koʻrsatayotgan soha xodimlarining bilim va malakasini izchil oshirib borish, tuman (shahar) darajasidagi xodimlar mehnatiga haq toʻlashning barqaror tizimini yoʻlga qoʻyish, sohada faoliyat olib borayotgan muassasa va tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va ularning samarasini oshirish maqsadida:
1. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi xamda Milliy gʻoya va mafkura ilmiy-amaliy markazini birlashtirish yoʻli bilan ularning negizida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz deb ataladi) qayta tashkil etish haqidagi taklifi maʼqullansin.
2. Markaz faoliyatini tashkil etishda quyidagi asosiy vazifalarga alohida eʼtibor qaratilsin:
mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlarining mazmun va mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga qaratilgan targʻibot ishlarini tizimli va izchil amalga oshirish, bu borada keng jamoatchilik, olimlar, mutaxassislar, ijodkor ziyolilardan iborat “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatini shakllantirish hamda uning faoliyatini doimiy asosda yoʻlga qoʻyish;
dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va gʻoyaviy-mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyatini har tomonlama chuqur yoritib borish, terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, separatizm, odam savdosi, “ommaviy madaniyat”, narkobiznes va boshqa tahdidlarga qarshi samarali gʻoyaviy kurash olib borish;
jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan ichki tahdidlar — el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urugʻ-aymoqchilik, oilaviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga eʼtiborsizlik kabi holatlarga barham berishga qaratilgan kompleks tadbirlar tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish;
milliy gʻoyani yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar, ijtimoiy toifa vakillari oʻrtasida keng targʻib etish, bunyodkorlik ruhini yalpi ijtimoiy harakatga aylantirish, ertangi kunga ishonch tuygʻularini kuchaytirish;
targʻibot-tashviqot ishlarida aholining hududiy, kasbiy hamda yosh hususiyatlarini hisobga olgan holda mutanosib, maqsadli va mazmunli yondashuvni joriy etish;
maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlari samaradorligining ilmiy asoslangan monitoringini taʼminlashga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazishni muntazam yoʻlga qoʻyish;
yoshlarda sogʻlom dunyoqarash, jumladan, kitobxonlik koʻnikmasini shakllantirish, Internet, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish, ularda gʻoyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish;
mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan ishlash, ushbu toifani ijtimoiy-iqtisodiy faollashtirishda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
xalqimizning tarixiy merosi, urf-odatlari va milliy tarbiya anʼanalarini asrab-avaylash, keng aholi qatlamlari, ayniqsa, yoshlarimiz oʻrtasida dinlararo bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik va oʻzaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va joriy etish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) hokimlari tegishli ravishda hududiy kengashlarga jamoatchilik asosida raislik qiladilar.
4. Qayta tashkil etilayotgan Markaz Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi hamda Milliy gʻoya va mafkura ilmiy-amaliy markazining barcha huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanishi inobatga olinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2021-y., 07/21/5040/0243-son)
6. Markaz rahbariga uning tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
Markaz va uning hududiy boʻlimlari hamda boʻlinmalari faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
Markaz rahbari maqomi, maishiy taʼminoti, tibbiy va transport xizmatidan foydalanish shart-sharoitlariga koʻra — vazirga, Markaz rahbarining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosari — tegishli ravishda vazirning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Markaz, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari xodimlariga davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun belgilangan ish haqi, mukofotlash va moddiy yordam koʻrsatish shartlari tatbiq etiladi.
(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2021-y., 07/21/5040/0243-son)
8. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Markaz hamda “Tafakkur” va “Maʼnaviy hayot” jurnallari tahririyatini joylashtirish uchun bino ajratish boʻyicha taklif kiritsin.
9. Markaz bir oy muddatda oʻz Ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashiga kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
ushbu qarorni amalga oshirish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni 2017-yilda Ijtimoiy soha boʻyicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida ajratsin, 2018-yildan boshlab esa — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin;
Markazga 5 ta avtotransport vositasini, jumladan, 3 ta xizmat koʻrsatadigan, 1 ta navbatchi va 1 ta maxsus avtobusni saqlab turish uchun hamda Markazning hududiy boʻlimlariga jami 14 ta xizmat koʻrsatadigan avtotransport vositasini saqlab turish uchun limit ajratsin.
11. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Markaz, hududiy boʻlimlar va boʻlinmalar xodimlarining mehnatiga haq toʻlash boʻyicha yagona tarif setkasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
12. Markaz manfaatdor vazir va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati lektorlari faoliyatini moliyalashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqsin hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashiga kiritsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markazni zarur telekommunikatsiyalar, Internet axborot tarmogʻiga kirish va telefon aloqasi, jumladan, hukumat telefon aloqasi bilan belgilangan tartibda taʼminlasin.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) hokimlari ikki oy muddatda Markazning hududiy boʻlimlari va boʻlinmalarini belgilangan tartibda zarur xizmat xonalari, mebel jamlanmasi, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va Internet tarmoqlari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy gʻoya targʻiboti va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish toʻgʻrisida” 2006-yil 25-avgustdagi PQ-451-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
16. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari X. Sultonov, R. Komilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 28-iyul,
PQ-3160-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2021-y., 07/21/5040/0243-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2021-y., 07/21/5040/0243-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2021-y., 07/21/5040/0243-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2021-y., 07/21/5040/0243-son)