Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Fransiya Respublikasi fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirishda vizasiz rejimni belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi hamda Fransiya Respublikasi oʻrtasida madaniy, ilmiy, taʼlim almashinuvini, investitsiyaviy iqlimni yaxshilash, mamlakatimizning turistik salohiyatini rivojlantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan xalqaro munosabatlarni rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. 2018-yil 5-oktabrdan boshlab Fransiya Respublikasi fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 2-dekabrdagi PF-4861-son Farmonining 5-bandi uchinchi xatboshidan “Fransiya” soʻzi chiqarib tashlansin.
3. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-oktabr,
PF-5551-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2018-y., 06/18/5551/2195-son)