O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Paxta tolasini birja savdolarida sotish tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha kiritish haqida
Mavjud to‘qimachilik ishlab chiqarishlarining barqaror faoliyatini ta’minlash, “O‘zpaxtasanoat” AJ terminallarida paxta tolasi qoldiqlarini qisqartirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-fevraldagi 106-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2018-y., 2-son, 31-modda) bilan tasdiqlangan Paxta tolasini birja savdolarida sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom 15-bandining birinchi xatboshidagi “10 foiz miqdoridagi” so‘zlaridan keyin “, 2017-yilgi hosil paxta tolasi qoldiqlariga esa 15 foiz miqdoridagi” so‘zlari qo‘shilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — N.S. Otajonov, “O‘zpaxtasanoat” AJ boshqaruvi raisi A.I. Maksudov va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi I.O‘. Haydarov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-noyabr,
923-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.11.2018-y., 09/18/923/2180-son)