Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Koʻp tarmoqli “Oqlon” texnologiya parkini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Investitsiyalarni faol jalb uchun etish shart-sharoitlar yaratish, yangi raqobatbardoshli ishlab chiqarishlarni va texnologiya parklarini rivojlantirishni yanada qoʻllab-quvvatlash, ularning alohida hududlarda jamlanishini taʼminlash, shu asosda ishlab chiqarish sohasida yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligini va farovonligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahri hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning:
Toshkent shahrida koʻp tarmoqli “Oqlon” texnologiya parkini tashkil etish va uning hududida mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlarning yangi turlarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziga tegishli boʻlgan, Toshkent shahri, Shayhontoxur tumani, Koʻkcha darvoza koʻchasi, 27-uy manzilidagi boʻsh turgan yer uchastkasining umumiy maydoni 1,8 gektar boʻlgan qismini “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning investitsiya kompaniyasi — “PSBCapital” MChJga koʻp tarmoqli “Oqlon” texnologiya parkini tashkil etish uchun ajratish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBga va “PSBCapital” MChJga, istisno tariqasida:
2019-yil 1-sentabrgacha koʻp tarmoqli “Oqlon” texnologiya parki hududida obyektlarni belgilangan shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etgan holda bir vaqtda loyihalashtirish shartlarida qurishga;
koʻp tarmoqli “Oqlon” texnologiya parki hududida amalga oshiriladigan loyihalar doirasida loyihalash va pudrat tashkilotlarini, shuningdek, asbob-uskunalarni yetkazib beruvchilarni tender (tanlov) savdolari oʻtkazmasdan eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida aniqlashga ruxsat etilsin.
3. “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB “PSBCapital” MChJ bilan birgalikda 2019-yil 1-sentabrgacha boʻlgan muddatda tashkil etilayotgan koʻp tarmoqli “Oqlon” texnologiya parki hududida sifatli, raqobatbardoshli, importning oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun loyihalar tashabbuskorlari jalb etilishini va bankning hamda loyihalar tashabbuskorlarining investitsiyalari kiritilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov va Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi J.A. Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 7-noyabr,
921-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2018-y., 09/18/921/2170-son)