O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
HUQUQNI MUHOFAZA QILISh ORGANLARI FUNKSIYASINI BAJARUVChI DAVLATGA TEGIShLI BO‘LMAGAN TUZILMALARNING FAOLIYATINI TAQIQLASh HAMDA SPORT KLUBLARI (SEKSIYALARI)NING YAKKAMA-YAKKA OLIShUVLARNING JANGOVAR VA ShARQChA TURLARIGA O‘RGATISh BO‘YIChA IShLARINI TARTIBGA SOLISh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Huquqni muhofaza qilish organlari funksiyasini bajaruvchi davlatga tegishli bo‘lmagan tuzilmalarning faoliyatiga barham berish hamda sport klublari (seksiyalari)ning yakkama-yakka olishuvlarning jangovar va sharqcha turlariga o‘rgatish bo‘yicha ishlarini tartibga solish, shuningdek, jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning or-nomusi, qadr-qimmati va qonuniy manfaatlarini huquqqa qarshi tajovuzlardan himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddat ichida huquqni muhofaza qilish organlarining funksiyalarini bajaruvchi jamoat tashkilotlari, korxonalar, kooperativlar, ularning uyushmalari va birlashmalarini, shuningdek, yakkama-yakka olishuvlarning jangovar va sharqcha turlariga o‘rgatuvchi sport klublari (seksiyalar)ni inventarizatsiyadan o‘tkazsinlar va ularning faoliyatini taqiqlasinlar. Ularning qonunga xilof ravishda harakat qilishlariga yo‘l ko‘yganlar qattiq javobgarlikka tortilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi huquqni muhofaza qilish organlarining funksiyasini bajaruvchi davlatga tegishli bo‘lmagan tuzilmalar, shuningdek, yakkama-yakka olishuvlarning jangovar va sharqcha turlariga o‘rgatuvchi sport klublari (seksiyalar) tomonidan asossiz ravishda olingan daromadlar aniqlanishini va respublika budjetiga olib qo‘yilishini ta’minlasinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Moliya vazirligi, Davlat soliq bosh boshqarmasi, Davlat banki, Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddat ichida mazkur qarorning ijrosi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga ma’lum qilsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 17-mart,
133-son