O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Aholining ijtimoiy jihatdan himoya qilinishini ta’minlash va uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2018-yil 30-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2018-yil 27-sentabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2018-yil 27-sentabrda ma’qullangan
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi 938-XII-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 9, 338-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 4-5, 126-modda; 1998-yil, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 5, 112-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; 2002-yil, № 4-5, 74-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 5, 152-modda; 2007-yil, № 12, 590, 608-moddalar; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2010-yil, № 5, 178-modda, № 9, 334-modda, № 12, 472-modda; 2012-yil, № 1, 4-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 12, 341-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 12, 384-modda) 65-moddasiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Pensioner O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining pensiyadan ortiqcha to‘langan summalarni ushlab qolish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, aniqlangan qarzdorlik sud tartibida, biroq uning aniqlanish sanasidan uch yildan ko‘p bo‘lmagan davr uchun undiriladi”;
ikkinchi — beshinchi qismlari tegishincha uchinchi — oltinchi qismlar deb hisoblansin.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 24-dekabrda qabul qilingan 713-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 1, 4-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 6, 260-modda; 2007-yil, № 1, 3-modda, № 4, 156-modda; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 12, 470-modda; 2011-yil, № 12/2, 365-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda) 134-moddasiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:
uchinchi qism quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat va xususiy uy-joy fondlarida ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar to‘lash o‘tgan oydan keyingi oyning o‘ninchi kunidan kechiktirmay har oyda amalga oshirilishi kerak, bundan suv ta’minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari mustasno”;
quyidagi mazmundagi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Davlat va xususiy uy-joy fondlarida ko‘rsatiladigan suv ta’minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar oldindan 100 foizlik haq to‘lash asosida amalga oshirilishi kerak”;
to‘rtinchi — oltinchi qismlar tegishincha beshinchi — yettinchi qismlar deb hisoblansin;
oltinchi qismdagi “to‘rtinchi” degan so‘z “beshinchi” degan so‘z bilan almashtirilsin;
yettinchi qism quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga kommunal xizmatlar ko‘rsatish majburiy to‘lovlar uch oydan ortiq to‘lanmagan taqdirda to‘xtatib turiladi, bundan suv ta’minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari, shuningdek elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish mustasno”;
quyidagi mazmundagi sakkizinchi va to‘qqizinchi qismlar bilan to‘ldirilsin:
“Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga suv ta’minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun oldindan 100 foizlik haq to‘lash amalga oshirilmagan taqdirda, suv ta’minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) tizimlaridan to‘liq uzib qo‘yishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.
Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berganlik uchun ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddatda majburiy to‘lovlar to‘lanmagan taqdirda, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi”.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 16-oktabr,
O‘RQ-500-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.10.2018-y., 03/18/500/2057-son)