OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
OʻZBEKISTON ARXEOLOGIYA YODGORLIKLARINI SAQLASH CHORALARI VA YODGORLIKLARNI OʻRGANISHNING AHVOLI HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Buyuk ipak yoʻli — xalqlarning muloqot yoʻli” deb nomlangan xalqaro dasturga muvofiq madaniyat yodgorliklarini samarali muhofaza qilish va Oʻzbekistonning qadimiy madaniyat markazlarining madaniy-iqtisodiy aloqalari tarixiy tajribasini oʻrganish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Yodgorliklarni saqlash bosh milliy-ishlab chiqarish boshqarmasi va ilmiy-metodik kengashi komissiyasining maxsus ruxsatisiz tashkilotlar, ekspeditsiyalar va alohida shaxslar tomonidan madaniy va tarixiy meros buyumlarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketish taqiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Yodgorliklarni saqlash bosh ilmiy-ishlab chiqarish boshqarmasi birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Arxeologiya instituti tarkibida Toshkent, Urganch, Namangan va Termiz shaharlarida 1992-yildan boshlab institutning mintaqaviy boʻlimlarini ochsinlar hamda kerakli mutaxassislar bilan va 1992-yil uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyaviy jihatdan taʼminlasinlar.
3. Toshkent, Xorazm, Namangan va Surxondaryo viloyat ijroqoʻmlari 1992-yilning 1-apreliga qadar Arxeologiya instituti mintaqaviy boʻlimlarini laboratoriya xonalari va kolleksiya saqlash xonalari bilan taʼminlasinlar.
Joylarda arxeologiya boʻlimlarini mahalliy budjet hisobidan bittadan mashina bilan taʼminlash koʻzda tutilsin, shuningdek, tashkil etilayotgan boʻlimlar mutaxassislarini uy-joy bilan taʼminlash rejalashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 13-fevral,
64-son