Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Moliya-xoʻjalik departamentining Davlat rezidensiyalari direksiyasi negizida issiqxona, chorvachilik va mehmonxona komplekslarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oziq-ovqat tovarlari turlarini koʻpaytirish va ularni ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Moliya-xoʻjalik departamentining Davlat rezidensiyalari direksiyasi faoliyatini, mehmonxona xizmatlari koʻrsatishni tashkil etgan holda rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Moliya-xoʻjalik departamentining Davlat rezidensiyalari direksiyasi tashkilotlari:
a) “Agro Servise” davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda loyiha tashabbuskori deb ataladi) tomonidan:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Moliya-xoʻjalik departamenti Davlat rezidensiyalari direksiyasining Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan va pomidor hamda bodring yetishtirish uchun oynali blokdan (3 ga) iborat boʻlgan “Agro Servise” DUKning mavjud issiqxona-parnik xoʻjaligi negizidagi issiqxonalarni rekonstruksiya qilish;
“ESO” zamonaviy ixtisoslashtirilgan issiqxona bloki (1,2 ga) va gul yetishtirish uchun issiqxona blokini (0,5 ga) tashkil etish;
Toshkent viloyatida qoramollar boqish uchun chorvachilik kompleksi va echkilarni boqish boʻyicha sut fermasini tashkil etish;
Keyingi tahrirga qarang.
b) “Turkiston mehmonxonalar kompleksi” davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda loyiha tashabbuskori deb ataladi) tomonidan — Toshkent shahri, Yunus Rajabiy koʻchasi, 64-uydagi mavjud mehmonxona binolarini rekonstruksiya qilish va restoran qurish orqali xalqaro standartlar boʻyicha premium-klass toifasidagi mehmonxona xizmatlari koʻrsatishni yoʻlga qoʻygan holda, zamonaviy mehmonxona kompleksini tashkil etish loyihalari amalga oshirilayotgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Ushbu qarorning 1-bandida qayd etilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Moliya-xoʻjalik departamentining Davlat rezidensiyalari direksiyasi — buyurtmachi;
b) “Bauraum Group” MChJ — bosh pudratchi etib;
v) quyidagilar:
2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturi parametrlarida nazarda tutiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari — “ESO” zamonaviy ixtisoslashtirilgan issiqxona bloki va gul yetishtirish uchun issiqxona blokini tashkil etish:
tijorat banklarining kreditlari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Moliya-xoʻjalik departamentining Davlat rezidensiyalari direksiyasining “Agro Servise” DUK issiqxona-parnik xoʻjaligi negizidagi issiqxonalarini rekonstruksiya qilish, Toshkent viloyatida qoramollar boqish uchun chorvachilik kompleksi va echkilarni boqish boʻyicha sut fermasini tashkil etish, xalqaro standartlar asosida premium-klass toifasidagi mehmonxona xizmatlari koʻrsatishni yoʻlga qoʻygan holda zamonaviy mehmonxona kompleksini tashkil etish boʻyicha moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
3. Loyihalar tashabbuskorlari manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
loyihalarni amalga oshirishning tarmoq jadvali bir oy muddatda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;
loyihalarning loyiha-smeta hujjatlari va texnik-iqtisodiy asosi ikki oy muddatda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;
yetkazib beruvchilar va pudratchilar bilan eng yaxshi takliflarni tanlash asosida shartnomalar tuzilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi “Loyiha va import kontraktlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazish markazi” DUKda loyihalar va import shartnomalarning texnik-iqtisodiy asosini ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlasinlar.
4. Toshkent viloyati hokimligi:
qoramollar boqish uchun chorvachilik kompleksi va echkilarni boqish boʻyicha sut fermasini qurishga yer uchastkalari, ozuqa ekinlarini yetishtirish, shuningdek, “ESO” zamonaviy ixtisoslashtirilgan issiqxona bloki va gul yetishtirish uchun issiqxona blokini tashkil etishga zarur yer maydonlari ajratilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻztransgaz” va “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatlari, loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda Toshkent viloyatida qoramollar boqish uchun chorvachilik kompleksi va echkilarni boqish boʻyicha sut fermasini, “ESO” zamonaviy ixtisoslashtirilgan issiqxona bloki va gul yetishtirish uchun issiqxona blokini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga belgilangan tartibda ulash, shu jumladan energiya resurslarining zarur limitlari va sugʻorish uchun suv taʼminoti hajmlari ajratilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi:
joriy yil birinchi yarim yilida kapital qoʻyilmalarning oʻzlashtirilishi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Moliya-xoʻjalik departamenti Davlat rezidensiyalari direksiyasining “Agro Servise” davlat unitar korxonasiga 2018-yil uchun tasdiqlangan kapital qoʻyilmalarning umumiy limitlari doirasida budjet mablagʻlari ajratilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturining parametrlarini shakllantirishda zarur boʻlganda, ushbu qarorga muvofiq amalga oshiriladigan loyihalar doirasida obyektlar qurilishini yakunlash uchun kapital qoʻyilmalar limitlarini nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Moliya-xoʻjalik departamenti Davlat rezidensiyalari direksiyasining “Agro Servise” DUK issiqxona-parnik xoʻjaligi bazasidagi issiqxonalarni rekonstruksiya qilish, Toshkent viloyatida qoramollar boqish uchun chorvachilik kompleksi va echkilarni boqish boʻyicha sut fermasini, shuningdek, xalqaro standartlar boʻyicha premium-klass toifasidagi mehmonxona xizmatlari koʻrsatishni yoʻlga qoʻygan holda zamonaviy mehmonxona kompleksini tashkil etish loyihalarini amalga oshirish doirasida zarur boʻlgan import uskunalarni xarid qilishni moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori boʻlmagan stavkada 10 yil muddatga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davrga milliy valyutada kredit ajratish hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ kafolatini kredit boʻyicha taʼminot sifatida qabul qilish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Bosh vazir oʻrinbosari Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-oktabr,
793-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2018-y., 09/18/793/1997-son)