Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarni qurish, restavratsiya, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mamlakatimiz aholisi va xorijiy mehmonlarga xalqimizning madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan merosini keng targʻib qilish hamda ziyoratchi va sayyohlarga qulay shart-sharoitlar yaratish ichki va tashqi turizmni yanada rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi.
Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadisshunoslik maktabi, Imom Buxoriy majmuasi, Buxoro shahrining “eski shahar” qismi, xususan, “Ark qoʻrgʻoni” va “Qushbegi saroyi majmualari”, “Masjidi kalon”, “Minorai kalon”, “Mir-arab”, “Saidolimxon”, “Abdulazizxon”, “Ulugʻbek” madrasalarini (keyingi oʻrinlarda obyektlar deb ataladi) qurish, restavratsiya, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash ishlarining sifatli va qisqa muddatlarda yakunlanishini talab qilmoqda.
Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarni xalqaro mezonlar hamda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablari asosida oʻziga xos xususiyatlarini oʻzgartirmagan va tarixiy, estetik-ahamiyatini saqlab qolgan holda qisqa muddatlarda bajarish, shuningdek, ushbu maqsadlarga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlardan samarali foydalanilishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi, Buxoro viloyati hokimligi hamda Toshkent shahar hokimligining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya, restavratsiya qilish va mukammal taʼmirlash direksiyasi (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb ataladi) mablagʻlari hisobidan qurilayotgan, restavratsiya, rekonstruksiya qilinayotgan va mukammal taʼmirlanayotgan obyektlarning 2019-yilda toʻliq foydalanishga topshirilishi toʻgʻrisidagi axboroti;
obyektlar boʻyicha tegishli ravishda Toshkent shahar, Samarqand va Buxoro viloyati hokimligi huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalari buyurtmachi (keyingi oʻrinlarda buyurtmachilar deb ataladi) etib belgilanganligi;
Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi qurilishida loyiha hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha — “Oʻzogʻirsanoatloyiha” AJ, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadisshunoslik maktabi va Imom Buxoriy majmuasi boʻyicha — “ToshuyjoyLITI” AJ hamda Buxoro viloyatidagi obyektlar boʻyicha — “Madaniy meros LITI” MChJ bosh loyiha tashkiloti etib belgilanganligi;
Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi qurilishida tarixiy majmualarni loyihalashtirish boʻyicha ilgʻor tajribaga ega boʻlgan “Wilmotte & Associes Architectes” kompaniyasi (Fransiya) subloyiha tashkiloti etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-apreldagi PQ-5095-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
3. Obyektlar boʻyicha buyurtmachilar, loyiha, subloyiha, pudrat va subpudrat tashkilotlari, homiy yuridik va jismoniy shaxslar obyektlarni qurish, rekonstruksiya, restavratsiya qilish va mukammal taʼmirlash ishlarini amalga oshirish doirasida oʻrnatilgan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha chet eldan olib kelinadigan qurilish materiallari, qurilish texnikasi, shuningdek, ularga ehtiyot qismlar, mebellar, inventar va jihozlar 2021-yil 1-yanvarga qadar bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
4. Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi doirasida zarur yuklarni mazkur markaz quriladigan davr mobaynida va hududda bojxona ombori bojxona rejimida joylashtirishga istisno tariqasida ruxsat etilsin.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
buyurtmachilar chet el va Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida pul shaklidagi xayriya mablagʻlarini, shuningdek, tovarlar, ishlar va xizmatlarni olish huquqiga ega boʻladilar;
yuridik va jismoniy shaxslarning loyihani amalga oshirish doirasida yoʻnaltiriladigan xayriya mablagʻlari, shuningdek, tovarlar, ishlar va xizmatlari foyda soligʻi yoki yagona soliq toʻlovini hisoblashda soliqqa tortiladigan bazadan toʻliq chegiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Direksiyaning viza talabnomalariga koʻra, obyektlarda ishlar va xizmatlarni amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirishni taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Direksiyaning talabnomalariga koʻra, obyektlarda ishlar va xizmatlarni amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan, koʻp martalik kirish vizalari berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi oʻrnatilgan tartibda Direksiyaning talabnomalariga koʻra, obyektlarda ishlar va xizmatlarni amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etishga ruxsatnomalar berishni (muddatini uzaytirishni), shuningdek, ularga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.
9. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.A. Artikxodjayev, Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.O. Turdimov va Buxoro viloyati hokimi U.I. Barnoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 10-sentabr,
F-5361-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2018-y., 08/18/5361/1861-son)