Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 5-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1019-2]
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish boʻyicha 2018-yil 15-avgustdagi xulosaga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar meʼyoriy hujjatlarining qonuniyligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2000-yil 19-maydagi 197-son “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning meʼyoriy hujjatlarini qabul qilish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorlariga asosan buyuraman:
1. “Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasini Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari tomonidan rasmiylashtirish va berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi buyruqni (roʻyxat raqami 1019, 2001-yil 22-mart), shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni (roʻyxat raqami 1019-1, 2012-yil 3-iyul) Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish masalasi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2018-yil 31-iyuldagi 22/14316-son xati maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2001-yil 11-martdagi 65-son “Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasini Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari tomonidan rasmiylashtirish va berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi (roʻyxat raqami 1019, 2001-yil 22-mart), 2012-yil 29-maydagi 82-son “Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasini Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari tomonidan rasmiylashtirish va berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi (roʻyxat raqami 1019-1, 2012-yil 3-iyul) buyruqlari davlat reyestridan chiqarilsin.
3. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilsin.
4. Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
5. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari N. Joʻrayev zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-sentabr,
442-mh-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2018-y., 10/18/1019-2/1831-son)