O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YaPONIYA HUKUMATINING BEG‘ARAZ YORDAMIDAN SAMARALI FOYDALANISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qishloq xo‘jaligi texnikalari va asbob-uskunalari yetkazib berishni tashkil etish uchun Yaponiya hukumatining 550 mln Yaponiya yenasi miqdoridagi beg‘araz yordamidan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirinng o‘rinbosari T.X.Xoltoyev O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Almashuv Notasini imzolash uchun vakil qilinsin.
2. Quyidagilarga:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga beg‘araz yordam olish va beg‘araz yordam asosida ajratilayotgan mablag‘larga xizmat ko‘rsatish uchun barcha tartibotlarni Yaponiya tomoni bilan kelishilgan muddatlarda rasmiylashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga yuqorida ko‘rsatilgan beg‘araz yordamga hisob-kitob xizmati ko‘rsatish yuklansin.
3. O‘zbekiston Respublikasiga beg‘araz yordam doirasida kelayotgan qishloq xo‘jaligi texnikasi, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va xizmatlar bojxona to‘lovlari, soliqlar, yig‘imlar va yo‘l jamg‘armasiga ajratmalar to‘lashdan ozod qilinsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining buyurtmanomasi bo‘yicha loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarni konsullik yig‘imlari undirmasdan kirish vizalari bilan belgilangan tartibda ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining buyurtmanomasi bo‘yicha loyihaning xorijiy ishtirokchilarini yashash joyida vaqtinchalik ro‘yxatga olishni, vizalar va vaqtinchalik ro‘yxatda turish muddatlarini uzaytirishni davlat boji undirmasdan amalga oshirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari T.X. Xoltoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 15-yanvar,
26-son