Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Navoiy viloyatining Tomdi tumanida tabiiy fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlari va Zarafshon shahrini kompleks rivojlantirish hamda aholisi bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 29-sentabrdagi PQ-3301-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, ixtisoslashtirilgan davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablari tarmogʻini kengaytirish, olis hududlardagi iqtidorli oʻquvchilarning sifatli taʼlim olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Navoiy viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazi hamda Xalq taʼlimi vazirligining 100 nafar oʻquvchiga moʻljallangan tabiiy fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat (keyingi oʻrinlarda maktab-internat deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar maktab-internatning asosiy vazifalari etib belgilansin:
umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlari asosida zamonaviy axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalardan samarali foydalangan holda biologiya va kimyo fanlarini chuqurlashtirib oʻqitishni tashkil etish;
har bir oʻquvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda ularda mustaqil tadqiqotchilik faoliyati koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;
yuqori kasb mahoratiga ega boʻlgan pedagoglarni jalb etgan holda oʻquvchilarning yosh biologlar, yosh zoologlar, yosh kimyogarlar jamoalarini tashkil etish, oʻquvchilarning fan sirlarini chuqur oʻrganishlari hamda ijodiy salohiyatlarini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
2018-2019 oʻquv yilidan boshlab maktab-internatning 7-8-9-10-11-sinflariga oʻquvchilarni qabul qilish, bunda birinchi navbatda, Tomdi tumanining olis hududlaridan oʻquvchilarni qabul qilishga eʼtibor qaratish;
maktab-internatning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida oʻquv-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, oʻquv-metodik majmualar, oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalar hamda badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
4. Navoiy viloyati hokimligi:
bir oy muddatda Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda maktab-internatning ustavi ishlab chiqilishi, belgilangan tartibda tasdiqlanishi hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
2018-yil 1-sentabrga qadar maktab-internatning bino va inshootlarini toʻliq taʼmirlash, oʻquvchilarning yashashi va ovqatlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratgan holda foydalanishga topshirilishini taʼminlasin.
5. Navoiy viloyati, Tomdi tumani, “Yangi-Tomdi” markazida joylashgan Tomdi agroiqtisodiyot kasb-hunar kollejining bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Tomdi tumani xalq taʼlimi boʻlimiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilsin va unga maktab-internat joylashtirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazi:
maktab-internat bino va inshootlarida Tomdi agroiqtisodiyot kasb-hunar kollejining ikkinchi va uchinchi bosqich oʻquvchilarining taʼlimni amaldagi oʻquv dasturlari boʻyicha yakunlanishiga sharoit yaratsin;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda Tomdi agroiqtisodiyot kasb-hunar kollejining boʻshaydigan xodimlari bandligini taʼminlasin;
2019-yil 1-avgustga qadar Tomdi agroiqtisodiyot kasb-hunar kolleji ustaxonasi jihozlari hamda oʻquv-mashq avtomobillarini tegishli taʼlim yoʻnalishlari mavjud boʻlgan kasb-hunar kollejlariga bepul berish choralarini koʻrsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
hududning joylashuvi va oʻziga xos shart-sharoitlarini inobatga olib, maktab-internatga oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilar ularni ovqatlantirish uchun toʻlanadigan toʻlovlardan ozod etiladi;
maktab-internat binosida bajariladigan qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat budjeti parametrlarida “Taʼlim” sohasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida 2018-2019 oʻquv yilidan boshlab maktab-internatning taʼminoti uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov va Navoiy viloyati hokimi K.B. Tursunov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 15-avgust,
665-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2018-y., 09/18/665/1767-son)