Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING ISTIQBOLNI BELGILASh VA STATISTIKA DAVLAT QOʻMITASI HUZURIDA TOVAR BOZORLARI KONʼYuNKTURASINI OʻRGANISh MARKAZINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 7-maydagi 113-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Tovar bozorlari konyunkturasini oʻrganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertizadan oʻtkazish Respublika markazi faoliyatining ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tovar bozorlarini konyunkturasini muntazam oʻrganish, isteʼmol bozorining qisqa muddatli prognozlarini ishlab chiqish, uni tovar bilan toʻldirish va boshqarish chora-tadbirlarini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 14-avgustdagi 286-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
2. Quyidagilar Tovar bozorlari konyunkturasini oʻrganish markazining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
umuman respublika va hududlar boʻyicha isteʼmol bozori konyunkturasini oʻrganish;
isteʼmol tovarlarining alohida turlari va nomenklaturasi bozorlari konyunkturasini oʻrganish;
umuman va asosiy tovarlar guruhlari boʻyicha isteʼmol bozorining ahvoli toʻgʻrisida har oylik tahliliy maʼlumotlarni hamda yil choraklari boʻyicha konyunktura obzorlarini tayyorlash;
isteʼmol bozorini aholi ehtiyoji katta boʻlgan tovarlar bilan toʻldirishga doir tavsiyanoma va takliflar tayyorlash:
isteʼmol bozorining qisqa muddatli prognozlarini ishlab chiqish;
vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari hamda mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalarning, shu jumladan xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalarning buyurtmalari boʻyicha shartnoma asosida marketing va konyunktura tadqiqotlari oʻtkazish.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 14-avgustdagi 286-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
Tovar bozorlari konyunkturasini oʻrganish markazi direktori lavozim maoshi boʻyicha “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasining boʻlim boshligʻiga tenglashtirilsin. Direktorga Markaz xodimlariga lavozim maoshining 70 foizigacha miqdorda shaxsiy ustamalar belgilash huquqi berilsin.
4. Davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek shartnoma asosida bajariladigan ishlar uchun olingan xoʻjalik faoliyati mablagʻlari Tovar bozorlari konyunkturasini oʻrganish markazi faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash manbalari etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasiga Markaz apparatini taʼminlashga, shu jumladan belgilangan ustamalarga, tahlillar oʻtkazishga va Markazni texnika bilan jihozlashga zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Tovar bozorlari konyunkturasini oʻrganish markazi hisob-kitob va valyuta schyotiga ega boʻlgan mustaqil yuridik shaxs hisoblanadi.
Markaz “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasining quyidagi manzildagi binosiga joylashtirilsin: Toshkent sh., Oʻzbekiston koʻchasi, 45a-uy.
6. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi:
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 14-avgustdagi 286-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
Markazni yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlasin;
Markazni zarur statistika axborotlari bilan taʼminlasin, Bosh hisoblash markazining hududiy boʻlinmalari orqali Markaz tomonidan ishlab chiqiladigan uslubiyot boʻyicha isteʼmol bozori tahlil qilinishini tashkil etsin;
Markazni uning tashkiliy davrida, unga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar bilan taʼminlasin.
7. Respublika markaziy iqtisodiyot organlari, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, xoʻjalik birlashmalari hamda mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar, birjalar zimmasiga Tovar bozorlarini konyunkturasini oʻrganish markazi tomonidan soʻraladigan, Markaz vazifalarini bajarish uchun zarur boʻlgan axborotlarni taqdim etish yuklansin.
8. Mazkur qarorni bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari Oʻ.Q. Ismoilov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 23-yanvar,
35-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 14-avgustdagi 286-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)