O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida
(qarorning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
Nodir iste’dodi, badiiy teran, falsafiy she’r va dostonlari, dramatik va publitsistik asarlari bilan o‘zbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov nomini abadiylashtirish, shoir izdoshlarini kashf etish va ularning o‘z iste’dodlarini keng namoyon qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi (keyingi o‘rinlarda — ijod maktabi) tashkil etilsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
2. Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida Farg‘ona viloyati mahalliy budjeti mablag‘lari hisobiga 100 o‘rinli maktab-internat binosi va 80 o‘rinli yotoqxona binosi qurilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
ijod maktabida har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 20 nafarni tashkil qiladi, 7-sinflarga esa ijodiy tanlovlar, test va boshqa sinovlar asosida qabul qilinadi;
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga ijod maktabining moddiy-texnik bazasi, imkoniyatlari, pedagog kadrlar salohiyatidan hamda mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda, keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda maktab-internatga oliy ta’lim muassasalarining o‘zbek tili va adabiyoti hamda xorijiy tillar fakultetlarini tamomlagan iqtidorli pedagog-kadrlar jalb etilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi:
Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda maktab-internatga Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi 4-son maktabning bo‘sh turgan bino va inshootlari biriktirib berilishini ta’minlasin;
Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda loyiha-smeta hujjatlari asosida 2019-yilgi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishda ushbu bandning birinchi xatboshida ko‘rsatilgan bino va inshootlarni 110 o‘rinli maktab-internat binosiga moslashtirgan holda rekonstruksiya qilish ishlari uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Ijod maktabining bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha:
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
Farg‘ona viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — buyurtmachi etib belgilansin;
bosh loyiha va bosh pudrat tashkiloti belgilangan tartibda tender (tanlov) savdolari natijalari bo‘yicha aniqlansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi rekonstruksiya qilinayotgan obyektning loyiha-smeta hujjatlari va olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarining sifati yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshirsin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu ijod maktabining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida uni yotoqxona, oshxona, kutubxona, faollar zali va o‘quv-laboratoriya jihozlari hamda kompyuter texnikasi, o‘quv-metodik majmualar, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;
bir oy muddatda ijod maktabining ustavi tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida ijod maktabining ta’minoti uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri U.I. Inoyatov va Farg‘ona viloyati hokimi Sh.M. G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 14-may,
361-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2018-y., 09/18/361/1230; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)