Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Bolalar va oʻsmirlar adabiyotini nashr etish tizimini yanada takomillashtirish va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan siyosatni izchil davom ettirish, bolalar va oʻsmirlar adabiyotini nashr etish tizimini takomillashtirish va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, bolalar va oʻsmirlarning maʼnaviy, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishi, adabiyotga qiziqishini, kitobga hurmatini oshirish, kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018 — 2022-yillarda bolalar va oʻsmirlar adabiyotini nashr etish tizimini yanada takomillashtirish va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ikki oy muddatda ishlab chiqish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligining Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish;
bolalar va oʻsmirlar uchun moʻljallangan kitoblarni nashr qilishga ixtisoslashtirilgan nashriyotlarni aniqlash mezonlarini ishlab chiqish, ularni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish;
bolalar va oʻsmirlar dunyoqarashini kengaytirish, ularni ertangi kunning chinakam qahramonlari sifatida tarbiyalashga qaratilgan asarlar yaratilishini ragʻbatlantirib borish;
yaratilayotgan yangi asarlarni maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy taʼlim muassasalarida keng targʻib qilish maqsadida ushbu asarlar mualliflari ishtirokida muntazam ijodiy uchrashuvlar tashkil etish;
bolalar va oʻsmirlar mavzusida ijod qilayotgan adiblarga “Ijod” jamoat fondi mablagʻlari hisobidan aniq ijtimoiy buyurtmalar berish tizimini takomillashtirish;
bolalar va oʻsmirlar mavzusida ijod qiladigan yosh adib va shoirlarni tarbiyalash, ularning ijod namunalarini chop etib borish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi hamda Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda:
umumtaʼlim maktablari hamda maktabgacha taʼlim muassasalari uchun bolalar va oʻsmirlarga moʻljallangan kitoblarni nashr etish kvotalari oʻquvchilar (tarbiyalanuvchilar) soni va ehtiyojidan kelib chiqqan holda belgilanishini;
kvotalar asosida bolalar dunyoqarashini kengaytirishga, ularning maʼnaviy, intellektual olamini boyitishga qaratilgan, bolalar psixologiyasiga mos adabiyotlarning bosqichma-bosqich chop etilishini taʼminlasin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi belgilangan kvotalarga asosan har yili chop etiladigan bolalar va oʻsmirlar uchun moʻljallangan kitoblarning original maketlarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun tegishli tashkilotni eng maqbul takliflar asosida aniqlaydi;
b) umumtaʼlim maktablari hamda maktabgacha taʼlim muassasalarining kutubxonalarini yuqori sifat bilan chop etilgan bolalar va oʻsmirlarga moʻljallangan kitoblar bilan taʼminlash uchun xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan qoplanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Maktabgacha taʼlim vazirligi, ularning tizimidagi muassasalarga ushbu maqsadlar uchun ajratilgan budjet mablagʻlari, shuningdek, ushbu tashkilotlarning budjetdan tashqari mablagʻlari.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
2018-2019 oʻquv yilidan boshlab, bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va mutolaa koʻnikmalarini oshirish maqsadida bolalar va oʻsmirlar oʻqishi zarur boʻlgan adabiyotlar roʻyxatini shakllantirsin;
umumtaʼlim maktablari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va oliy taʼlim muassasalarida har oyning oxirgi shanba kunini “Insholar kuni” deb eʼlon qilgan holda, oʻquvchi va talabalar oʻrtasida oʻzlari oʻqigan kitoblar boʻyicha insholar tanlovini tashkil etish hamda ularni ragʻbatlantirish mexanizmini ishlab chiqsin.
5. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligining nashriyot-matbaa ijodiy uylari, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya qilinadigan bolalar va oʻsmirlar uchun moʻljallangan adabiyotlarni arzon narxlarda chop etish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Yoshlar ittifoqi va “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasiga oʻz tizimidagi kitob savdosi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar tomonidan hududlarga kitoblarni yetkazish bilan bogʻliq xarajatlarni hisob-kitob qilishda bolalar va oʻsmirlarga moʻljallangan kitoblar narxining asossiz ravishda oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Yozuvchilar uyushmasi boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun va mohiyati yuzasidan aholi va kitob savdosi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini olib borsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori L.X. Tangriyev zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, sanʼat va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-may,
335-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 09/18/335/1160-son)