Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-iyundagi 380-sonli “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligiga toʻsqinlik qiluvchi, qadriyatlarimizga zid boʻlgan oilalarning nikohdan ajralish holatlarining oldini olishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rolini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-oktabrdagi 274-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 10-son, 71-modda) bilan tasdiqlangan Fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomning 5-bandiga quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi qoʻshilsin:
“sud yoki fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan nikohdan ajrashishga ariza bilan murojaat qilgan er-xotinlarni yarashtirish uchun tegishli choralar koʻrish boʻyicha xabar olingandan soʻng yarashish uchun belgilangan muddat tugashidan oʻn kun avval ularni yarashtirish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida tegishli ravishda sud yoki fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organini xabardor qilish”;
beshinchi — oʻn birinchi xatboshilar tegishli — ravishda oltinchi — oʻn ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, sanʼat va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 15-fevral,
110-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.02.2018-y., 09/18/110/0700-son)