O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VAZIRLAR MAHKAMASINING “AVTOMOBILDA XORIJIY YUK TASHUVCHILARNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIGA KIRISHLARI, BO‘LISHLARI, YUK OLIB O‘TISHLARI VA UNDAN CHIQIB KETISHLARI TARTIBI TO‘G‘RISIDA” 1995-YIL 11-YANVARDAGI 11-SON QARORIGA O‘ZGARTIRISHLAR KIRITISH HAQIDA
Toshkent halqa avtomobil yo‘li va Toshkent viloyatining magistral avtomobil yo‘llarining ayrim uchastkalari rekonstruksiya qilinishi mo‘ljallanayotganligi munosabati bilan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish, chiqish va u orqali yuk olib o‘tishda xorijiy avtotashuvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorijiy tranzit avtotashuvchilarning yo‘nalishlari o‘tadigan Toshkent halqa avtomobil yo‘lining shimoliy va “Toshkent—Samarqand” magistraliga tutashib ketuvchi qismlarida, shuningdek “Toshkent—Chinoz” yo‘lining ayrim uchastkalarida Toshkent shahrini rekonstruksiya qilishning Bosh rejasiga muvofiq yo‘llar rekonstruksiya qilinayotganligi va ko‘priklar qurilayotganligi, ularni 2003-yil 1-sentabrgacha tugallash mo‘ljallanayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Shu munosabat bilan:
xorijiy avtotashuvchilarning manfaatlariga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “O‘zavtoyo‘l” davlat konserni, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklarining xorijiy tranzit avtotashuvchilar uchun yangi yo‘nalishlar belgilash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin;
Qozog‘iston Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida 1999-yil 28-mayda tuzilgan ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiya bayonnomasiga muvofiq Qozog‘iston Respublikasi hududidan keluvchi tranzit avtotashuvchilarning kirish va chiqish punkti etib “Yallama” Davlat chegarasi orqali o‘tish punkti (Toshkent viloyati) belgilansin;
Qozog‘iston Respublikasidan Tojikiston Respublikasiga “Yallama” o‘tish punkti orqali borayotgan tranzit xorijiy avtotashuvchilar uchun 4R24, 4R25 va 4R26 yo‘llar bo‘yicha yo‘nalish belgilansin;
barcha tranzit xorijiy avtotashuvchilarning, shu jumladan MDH mamlakatlari avtotashuvchilarining Toshkent shahri hududiga kirishi vaqtincha to‘xtatilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 9-dekabrdagi 323-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2011-y., 50-son, 513-modda)
3. “O‘zavtoyo‘l” davlat konserni Toshkent (U. Mirzaqulov) va Sirdaryo (R.Haydarov) viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda:
xalqaro tranzit yo‘nalishlar ro‘yxatiga kiritilgan 4R24, 4R25 va 4R26 avtomobil yo‘llarida zarur ta’mirlash ishlarini amalga oshirsinlar;
Davlat bojxona qo‘mitasining ko‘magida M-34 “Toshkent—Dushanbe” yo‘lining 72-kilometrida va 4R20 “Toshkent—Bo‘ka—Bekobod” yo‘lining 51-kilometrida katta yuk avtomobillari uchun texnik xizmat ko‘rsatish stansiyalari bo‘lgan avtomobil to‘xtash joylari qurilishini amalga oshirsinlar.
4. Davlat bojxona qo‘mitasi (B. Parpiyev) “Yallama” bojxona postini rekonstruksiya qilish, katta yuk avtomobillari o‘tishi uchun xalqaro talablarga javob beruvchi shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur ishlarni amalga oshirsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Z. Almatov), Davlat bojxona qo‘mitasi (B. Parpiyev) xorijiy avtotashuvchilarning respublika hududi orqali o‘tishning belgilangan yo‘nalishlariga qat’iy rioya qilishlarini ta’minlasinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (Z. Mirxo‘jayev), boshqa vakolatli tijorat banklari Davlat chegarasi orqali o‘tiladigan barcha punktlarda valyuta almashtirish, to‘lovlar va yig‘imlarni qabul qilish punktlari faoliyat ko‘rsatishini ta’minlasin.
7. Tashqi ishlar vazirligi (A. Komilov) xorijiy davlatlarning manfaatdor elchixonalari, konsulxonalari va vakolatxonalariga mazkur qarorda nazarda tutilgan xorijiy avtotashuvchilarning tranzit harakati tartibi takomillashtirilishiga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida diplomatik yo‘llar orqali ma’lum qilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobilda xorijiy yuk tashuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishlari, bo‘lishlari, yuk olib o‘tishlari va undan chiqib ketishlari tartibi to‘g‘risida” 1995-yil 11-yanvardagi 11-son qaroriga 1-ilova, Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 25-dekabrdagi 457-son qarori 1-bandining “v” kichik bandi, Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 29-sentabrdagi 455-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 10-dekabr,
433-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 9-dekabrdagi 323-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2011-y., 50-son, 513-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 23-son, 189-modda; 2011-y., 50-son, 513-modda)