Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent viloyati hokimligi huzurida Toshkent viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida
Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan dasturlar ijrosini taʼminlash, viloyatning shahar va tumanlari infratuzilmasini takomillashtirish, viloyat hududlarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, shuningdek, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, ularning farovonligini taʼminlovchi keng koʻlamli dasturlarda belgilangan tadbirlarni amalga oshirishda qoʻshimcha moliyaviy manbalardan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent viloyati hokimligining Toshkent viloyati hokimligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmasdan Toshkent viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Jamgʻarma daromadlarini shakllantirish manbalari etib hisoblansin:
Toshkent viloyati hokimligi hamda uning muassisligida tashkil etilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ajratmalari;
davlat, chet el va xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratiladigan grantlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliyaviy institutlar va banklar tomonidan ajratiladigan kreditlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
Toshkent viloyati infratuzilmasini yaxshilash, uning hududlarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, mahalliy ichki yoʻllarni taʼmirlash;
koʻp qavatli turar joylarning umumfoydalaniladigan qismini taʼmirlash, bolalar va sport maydonchalarini barpo etish;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-fevraldagi 76-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
kam taʼminlangan va yosh oilalarga imtiyozli kreditlar olishda boshlangʻich badalni qisman yoki toʻliq qoplab berish hamda maishiy texnika vositalariga boʻlgan birlamchi ehtiyojni qondirish;
mahalla fuqarolar yigʻinlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mahallalar hududida kutubxonalar tashkil etish hamda ularni badiiy va boshqa adabiyotlar bilan boyitish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Jamgʻarmaning moliyaviy manbalarini kengaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Bosh vazir oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-yanvar,
6-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.01.2018-y., 09/18/6/0529-son)