Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Samarqand, Buxoro, Urganch va Nukus shaharlarida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligining konsullik boʻlimlarini ochish hamda Termiz shahridagi konsullik boʻlimi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
Xorijiy davlatlarga chiquvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga va mamlakatimizga kelayotgan xorijiy fuqarolarga zarur konsullik-huquqiy yordam koʻrsatish, Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik salohiyatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, respublika hududlarida ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Samarqand, Buxoro, Urganch va Nukus shaharlarida konsullik boʻlimlarini ochish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilansinki, Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Termiz shaharlaridagi konsullik boʻlimlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining hududiy boʻlinmalari hisoblanadi hamda oʻz ishida vazirlikning Konsullik boshqarmasiga hisobdor boʻladi.
2. Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus shaharlaridagi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining konsullik boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda — konsullik boʻlimlari)ning boshqaruv xodimlari shtatlari soni 3 nafardan etib belgilansin.
Termiz shahridagi Konsullik boʻlimi tuzilmasiga 1 nafar qoʻshimcha boshqaruv xodimi shtat birligi kiritilsin.
3. Quyidagilar Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Termiz shaharlaridagi konsullik boʻlimlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
konsullik-huquqiy yordam koʻrsatish masalalari boʻyicha koʻrsatiladigan zamonaviy xizmatlarning koʻlamini kengaytirish, ish yuzasidan hamda turistik maqsadlarda Oʻzbekiston Respublikasi hududlariga tashrif buyuradigan xorijiy fuqarolar tomonidan joylarda taqdim etiladigan hujjatlarni koʻrib chiqish va rasmiylashtirishda, shu jumladan xorijiy mamlakatlar fuqarolariga vizalar berishda tezkorlikni oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakolatiga kiradigan vizalarni uzaytirish, hujjatlarni legalizatsiya va apostil qilish hamda boshqa masalalar boʻyicha taqdim etiladigan xizmatlar qismida mamlakatimiz hududlarida ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy kompaniyalar va xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalariga konsullik-huquqiy yordam koʻrsatish;
odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar doirasida borayotgan mamlakati hududida boʻlish tartibi va qoidalari bilan xorijiy davlatlarga joʻnab ketayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini tanishtirish boʻyicha manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tushuntirish ishlarini olib borish;
xorijiy davlatlar hududida pasportlarini yoʻqotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini mamlakatimizga tezkor qaytarish masalalarida koʻmaklashish va hisobini yuritish;
mamlakatimiz hududlariga xorijiy turistlarni jalb qilishga yoʻnaltirilgan, Oʻzbekiston Respublikasining turistik salohiyatini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda turistik tashkilotlarga koʻmaklashish;
xorijiy mamlakatlarning yuqori martabali shaxslarini va rasmiy delegatsiyalarini Oʻzbekiston Respublikasida kutib olish va boʻlishini tashkillashtirish, yirik kompaniyalar vakillarini kutib olish va kuzatish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakolatiga kiradigan protokol tadbirlarida hamda xalqaro xususiyatga ega boshqa masalalarda bevosita ishtirok etish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Samarqand, Buxoro, Urganch va Nukus shaharlaridagi konsullik boʻlimlari toʻgʻrisidagi nizomini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Termiz shahridagi konsullik boʻlimi toʻgʻrisidagi amaldagi Nizomga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin;
Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Termiz shaharlaridagi konsullik boʻlimlarini yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun yuqori malakali mutaxassislar bilan butlash choralarini koʻrsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qaror talablariga muvofiqlashtirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Termiz shaharlaridagi konsullik boʻlimlarini lozim darajada faoliyat yuritishini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga “Shevrole Kaptiva” rusumli 5 ta avtomobil, ofis mebeli, kompyuter va boshqa orgtexnika, shuningdek, boshqa anjomlar xarid qilishga zarur mablagʻlar ajratsin;
Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Termiz shaharlaridagi konsullik boʻlimlariga 1 tadan yengil xizmat avtomashinasini saqlab turish uchun limit ajratsin;
ushbu qarorni amalga oshirish natijasida kelib chiqadigan xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligini saqlab turishga Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida amalga oshirilsin.
6. “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining buyurtmasi boʻyicha “Shevrole Kaptiva” rusumli 5 ta avtomobil oʻz vaqtida sotilishini amalga oshirsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Samarqand, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari hokimliklari bir oy muddatda:
konsullik boʻlimlarini joylashtirish va ularning faoliyat yuritishi uchun viloyatlar va Nukus shahri hokimligi binolarida ijara toʻlovining belgilangan “nol” stavkasi boʻyicha ofis xonalari ajratsin;
konsullik boʻlimlarining tegishli darajada faoliyat yuritishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va xorijiy fuqarolarni qabul qilish uchun zarur imkoniyatlar yaratsin;
konsullik boʻlimlarini tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari mablagʻlari hisobidan hududlarda toʻliq va samarali faoliyat yuritishi uchun zarur aloqa vositalari hamda umumjahon Internet tarmogʻiga ulanishini imkoniyati bilan taʼminlash boʻyicha choralar koʻrsin;
Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Termiz shaharlaridagi konsullik boʻlimlari oʻz faoliyati bilan bogʻliq kommunal xizmatlar boʻyicha barcha xarajatlarni toʻlashdan ozod etilsin.
8. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi bir oy muddatda:
hududlarga tashrif buyurayotgan xorijiy fuqarolarga tezkor konsullik-huquqiy yordam koʻrsatish va vizalarni rasmiylashtirish maqsadida konsullik boʻlimlarini joylashtirish uchun Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Termiz shaharlari xalqaro aeroportlari binolarida belgilangan “nol” ijara toʻlov stavkasida ofis xonalari ajratsin;
Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Termiz shaharlaridagi konsullik boʻlimlari bilan ularning koʻrsatib oʻtilgan shaharlardagi xalqaro aeroportlarda faoliyat yuritishi bilan bogʻliq koʻrsatilayotgan kommunal xizmatlar, muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari boʻyicha xarajatlar toʻlovlarini undirish uchun xonalar ijarasi yuzasidan shartnomalar tuzsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Termiz shaharlaridagi konsullik boʻlimlari xonalarini qoʻriqlashni tashkil etish hamda Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar fuqarolarini qabul qilish vaqtida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha zarur choralarni koʻrsin;
Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Termiz shaharlaridagi konsullik boʻlimlari faoliyati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha xarajatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari mablagʻlari hisobidan qoplansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 21-dekabr,
PQ-2689-son