Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
DAVLAT BOJI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-138-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim Qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Davlat bojini toʻlovchilar
Oʻzlarining manfaatlarini koʻzlab harakat qiluvchi va maxsus vakolatlarga ega boʻlgan tashkilotlarda yuridik ahamiyatga ega boʻlgan hujjatlarni oluvchi yuridik va jismoniy shaxslar davlat bojini toʻlovchilar deb hisoblanadilar.
2 - modda. Davlat boji undiriladigan obyektlar
Davlat boji:
Oldingi tahrirga qarang.
sudlarga beriladigan daʼvo arizalaridan, maxsus ishlar toʻgʻrisidagi arizalardan (shikoyatlardan), maʼmuriy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarga doir shikoyatlardan, sudlarning qarorlari yuzasidan beriladigan appelatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlaridan, shuningdek sudlar tomonidan hujjatlarning nusxalarini berganlik uchun;
(2-moddaning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 30-avgustdagi 271-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 182-modda)
xoʻjalik sudlariga berilgan daʼvo arizalaridan, shuningdek xoʻjalik sudlarining qarorlarini qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizalardan;
Oldingi tahrirga qarang.
hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizalardan, shuningdek hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizalardan;
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 1-avgustdagi OʻRQ-106-sonli Qonuni asosida toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 31-32-son, 315-modda)
notarial idoralar hamda shahar, tuman va qishloq boshqaruv idoralari tomonidan notarial harakatlarni bajarganlik uchun, shuningdek hujjatlarning notarial yoʻl bilan tasdiqlangan nusxalarini berganlik uchun, qayd etilgan idoralar tomonidan bitim, ariza loyihalari tuzilganligi, hujjatlar tayyorlanganligi va ulardan koʻchirmalar qilinganligi uchun;
fuqarolik holati aktlarini qayd etganlik uchun, shuningdek fuqarolarga fuqarolik holati aktlari qayd etilganligi toʻgʻrisidagi takroriy guvohnomalar berganlik uchun va fuqarolik holati aktlari qayd etilgan yozuvlarga oʻzgartishlar, qoʻshimchalar, tuzatishlar kiritgan hamda ularni qayta tiklagan holda guvohnomalar berganlik uchun;
yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun;
chet eldan respublikaga kelish va respublikadan chet elga chiqish huquqini beruvchi hujjatlarni, shuningdek boshqa davlatlardan Oʻzbekiston Respublikasiga taklif qilish toʻgʻrisidagi hujjatlarni berganlik, ana shu hujjatlarga oʻzgartishlar kiritganlik uchun; yashashga doir hujjat berganlik yoki uning muddatini uzaytirganlik uchun; respublika hududiga kelish va respublika hududidan chet elga chiqish huquqini beradigan chet el pasportiga yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjatga viza berganlik uchun, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish va Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish toʻgʻrisida beriladigan arizalardan;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini turar joyiga qayd etganlik uchun;
ov qilish huquqiga ega ekanligi toʻgʻrisidagi ruxsatnomalar berganlik uchun;
chet eldan kelgan pul joʻnatmalarini Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga berganlik uchun;
jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi hujjatlar berganlik uchun undiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-moddaning oʻn ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2006-yil 22-dekabrdagi OʻRQ-72-son Qonuniga muvofiq chiqarib tashlangan — OʻR QHT, 2006-y., 51-52-son, 500-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishga litsenziya berganlik uchun.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 30-avgustdagi 271-II-son Qonuniga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 182-modda)
3 - modda. Davlat boji stavkalari
Davlat boji stavkalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
4 - modda. Davlat boji boʻyicha imtiyozlar
1. Sudlarda quyidagilar davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadilar:
a) daʼvogarlar — ish haqini undirib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar va mehnat huquqlari munosabatlaridan kelib chiqadigan boshqa talablar yuzasidan;
b) daʼvogarlar — mualliflik huquqlaridan kelib chiqadigan daʼvolardan, shuningdek yangilik ochish, ixtiro qilish, ratsionalizatorlik takliflari va sanoat namunalariga boʻlgan huquqlari toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
v) daʼvogarlar — alimentlar undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
g) daʼvogarlar — mayib boʻlishdan yoki sogʻliqqa yetkazilgan boshqa shikastlanishlardan, shuningdek boquvchisining oʻlimidan kelib chiqqan zararlarni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
d) daʼvogarlar — qonunga zid tarzda mahkum etish, jinoiy javobgarlikka tortish, maʼmuriy jazo solish orqali fuqaroga yetkazilgan zararni toʻlash bilan bogʻliq nizolar yuzasidan;
e) ijtimoiy taʼminot boʻlimlari — zarar yetkazuvchidan regress daʼvolar boʻyicha quyidagilarni undirish yuzasidan:
— jabrlanuvchiga yoki uning oila aʼzolariga toʻlangan pensiyalar va nafaqalar summasini;
— benzinga, avtotransport vositalarini taʼmirlashga, ularga texnik xizmat koʻrsatishga va ehtiyot qismlar sotib olishga, nogironlarni avtotransport vositalarini haydashga oʻrgatishga ketadigan xarajatlarning summasini, shuningdek notoʻgʻri toʻlangan pensiya va nafaqa summalarini undirib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
(4-moddaning 1-bandi “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-moddaning 1-bandi “j” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuniga asosan chiqarilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
z) daʼvogarlar — jinoyat tufayli yetkazilgan moddiy zararni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
i) shaxslar — mol-mulkni boʻlish bilan bogʻliq boʻlmagan nikohni bekor qilish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha kassatsion shikoyatlardan;
k) yuridik va jismoniy shaxslar — jinoiy ishlar va alimentlarni undirish toʻgʻrisidagi ishlar bilan bogʻliq hujjatlarni ularga berganlik uchun;
Oldingi tahrirga qarang.
l) Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va uning mahalliy idoralari — koʻchib boruvchilarga nisbatan koʻchib borish joyiga bormaganliklari yoki koʻchib borgan joylarini oʻz holicha tark etganliklari uchun, koʻchib borish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
(4-moddaning 1-bandi “l” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-moddaning 1-bandi “m” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 7-dekabrdagi 320-II-son Qonuniga asosan chiqarilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 1-son, 20-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
n) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, uning idoralari — Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qilayotgan suv toʻgʻrisidagi qonunlarni buzish natijasida davlatga yetkazilgan zararni qoplash uchun mablagʻlarni davlat foydasiga undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
(4-moddaning 1-bandi “n” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
o) shaxslar — jinoyat tufayli yetkazilgan moddiy zararni undirib olish toʻgʻri ekanligi bahslashilayotgan jinoiy ishlar yuzasidan kassatsion shikoyatlardan;
p) qonunda nazarda tutilgan hollarda boshqa shaxslarning qonun bilan muhofaza qilinadigan huquqlari va manfaatlarini himoya qilib sudga ariza bilan murojaat etgan yuridik va jismoniy shaxslar;
r) daʼvogarlar — oʻrmon xoʻjaligi daromadini undirish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan (shu jumladan, daraxtlarni oʻsib turgan joyida sotish toʻgʻrisidagi qoidalarni buzganligi uchun koʻrilgan zarar va jarima, shuningdek oʻzboshimchalik bilan daraxtlarni kesganligi, pichan oʻrganligi va mollar oʻtlatganligi uchun undiriladigan jarimalar), jismoniy shaxslar mulki boʻlgan uy-joylarni, dala hovlilarni va boshqa mulklarni mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish idoralari fondiga bepul olib qoʻyish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan, shuningdek jismoniy shaxslardan ularga tegishli boʻlgan tarixiy, badiiy va boshqa jihatdan jamiyat uchun ahamiyatga ega boʻlgan mol-mulkni olib qoʻyish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan — jismoniy shaxslar bu mulkka xoʻjasizlarcha munosabatda boʻlgan hollarda;
s) Oʻzbekiston Respublikasi moliya, soliq, bojxona organlari hamda monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash organlari — barcha ishlar va hujjatlar yuzasidan, shuningdek alohida ishlar boʻyicha sudga ariza berganlik uchun;
(4-modda 1-bandning “s” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 51-son, 374-modda)
t) Oʻzbekiston Respublikasi davlat sugʻurta idoralari — majburiy sugʻurta qilish operatsiyalari bilan bogʻliq ishlar yuzasidan;
u) daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari — alimentlar va boshqa toʻlovlar toʻlashdan qochib yurgan shaxslarni qidirish uchun qilingan xarajatlarni undirish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan;
f) yuridik va jismoniy shaxslar — sudning ishni toʻxtatish yoki uni qarab chiqishni qoldirish toʻgʻrisidagi, qaror ijrosini kechiktirish yoki choʻzish, ijro usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi, daʼvoni qondirish yoki uni boshqasini qondirish bilan almashtirish toʻgʻrisidagi ajrimlarini bekor qilish haqidagi arizalar, yangi ochilgan holatlar munosabati bilan sudlov qarorini, ajrimni yoki qarorni qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi arizalar, sud tomonidan belgilangan jarimalarni bekor qilish yoki kamaytirish toʻgʻrisidagi, sudlov qarori ijrosini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisidagi arizalar, sud ijrochisining xatti-harakatlari ustidan shikoyatlar, sudlarning jarimani bekor qilish va kamaytirishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan xususiy shikoyatlar hamda sud ajrimi ustidan boshqa xususiy shikoyatlar;
x) prokuratura idoralari — jismoniy va yuridik shaxslar foydasini koʻzlab qilinadigan daʼvolar yuzasidan;
ts) nogironlar jamoat tashkilotlari, ularning muassasalari, oʻquv-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalari — hamma daʼvolar yuzasidan;
ch) Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va uning joylardagi idoralari — baliqchilik va baliq zaxiralarini muhofaza qilish qoidalarini buzish munosabati bilan baliq xoʻjaligiga; atrof muhitni ifloslantirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik oqibatida ovchilik xoʻjaligiga va davlat ovchilik fondiga yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
(4-moddaning 1-bandi “sh” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-son Qonuniga asosan chiqarilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
e) adliya organlari — davlatning va Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslarining manfaatlarini koʻzlab qilinadigan daʼvolar yuzasidan.
(4-moddaning 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 6-maydagi 1086-XII-son Qonuniga asosan “e” kichik band bilan toʻldirilgan — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 161-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
yu) isteʼmolchilar — oʻzlarining huquqlari buzilishi bilan bogʻliq daʼvolar yuzasidan, shuningdek tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsiz boʻlishi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari, isteʼmolchilarning jamoat birlashmalari — isteʼmolchilarning (isteʼmolchilar nomuayyan doirasining) manfaatlarini koʻzlab qilinadigan daʼvolar yuzasidan;
(4-moddaning 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 30-avgustdagi 281-I-son Qonuniga asosan “yu” kichik band bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 144-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
ya) tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida davlat organlari va boshqa organlarning qarorlari, mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan tadbirkorlik subyektlari sudga murojaat qilganlik uchun;
(4-moddaning 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrdagi 175-II-son Qonuniga asosan “ya” kichik band bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 1-2-son, 23-modda)
ya1) xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, kommunal-foydalanish tashkilotlari — majburiy badallarni toʻlash va kommunal xizmatlar toʻlovi boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha;
ya2) xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, kommunal-foydalanish tashkilotlari, shuningdek fuqarolar — tuzilgan shartnomalarning shartlari aholiga uy-joy-kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan bajarilmaganligi yoki sifatsiz bajarilganligi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha.
(4-moddaning 1-bandi “ya1” va “ya2” kichik bandlari Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 20-sentabrdagi OʻRQ-113-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 39-son, 399-modda)
ya3) tumanlar va shaharlar (shahar tarkibiga kiruvchi tumanlar) hokimliklari — kommunal xizmatlar toʻlovi va majburiy badallarni toʻlash boʻyicha qarzlarni undirish toʻgʻrisidagi, kommunal xizmat koʻrsatuvchilar yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining taqdimnomasiga muvofiq kiritilgan daʼvolar yuzasidan.
(4-moddaning 1-bandi “ya3” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 20-sentabrdagi OʻRQ-113-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 39-son, 399-modda)
ya4) nodavlat notijorat tashkilotlari oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda.
(4-moddaning 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 20-sentabrdagi OʻRQ-113-sonli Qonuni asosida “ya4” kichik band bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 39-son, 399-modda)
2. Quyidagilar xoʻjalik sudlarida koʻriladigan ishlar boʻyicha davlat foydasiga boj toʻlashdan ozod qilinadilar:
a) ijtimoiy taʼminot boʻlimlari — zarar yetkazuvchidan regress daʼvolar boʻyicha quyidagilarni undirish yuzasidan:
— jabrlanuvchiga yoki uning oila aʼzolariga toʻlangan pensiyalar va nafaqalar summasini;
— benzinga, avtomobillar va motoaravachalarni taʼmirlashga, ularga texnik xizmat koʻrsatishga va ehtiyot qismlar sotib olishga, nogironlarni avtotransport vositalarini xaydashga oʻrgatishga ketadigan xarajatlarning summasini.
(4-moddaning 2-bandi “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-moddaning 2-bandi “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuniga asosan chiqarilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
v) daʼvogarlar — oʻrmon xoʻjaligi daromadini undirish toʻgʻrisidagi ishlardan (shu jumladan, daraxtlarni oʻsib turgan joyida sotish toʻgʻrisidagi qoidalarni buzganligi uchun koʻrilgan zarar va jarima, shuningdek oʻzboshimchalik bilan daraxtlarni kesganligi, pichan oʻrganligi va mollar oʻtlatganligi uchun undiriladigan jarimalar);
g) Oʻzbekiston Respublikasi moliya, soliq, bojxona organlari hamda monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash organlari — barcha ishlar va hujjatlar yuzasidan, shuningdek alohida ishlar boʻyicha sudga ariza berganlik uchun;
(4-moddaning 2-bandi “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 51-son, 374-modda)
d) davlat sugʻurta idoralarining daʼvogarlari va javobgarlari — majburiy sugʻurta qilish operatsiyalari bilan bogʻliq barcha ishlar yuzasidan;
Oldingi tahrirga qarang.
e) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, uning idoralari — suv toʻgʻrisidagi qonunlarni buzish natijasida davlatga yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash uchun mablagʻlarni davlat foydasiga undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
(4-moddaning 2-bandi “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
j) Oʻzstandart agentligi va uning idoralari — standartlarni, texnik shartlarni ishlab chiqish va ularga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi hamda mahsulotlar sifati ustidan nazorat qiluvchi idoralar yoki shunday vakolatlarga ega boʻlgan boshqa idoralar joʻnatishni man etgan mahsulotlarni yetkazib bergani uchun, korxonalar va tashkilotlardan budjet foydasiga jarimalar undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
(4-moddaning 2-bandi “j” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-apreldagi 482-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 67-modda)
z) Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va uning joylardagi idoralari — quyidagi daʼvolar: baliqchilik, baliq zaxiralarini muhofaza qilish qoidalarini buzish, shuningdek baliqchilik xoʻjaligi suv havzalariga ifloslangan oqova suvlarni va boshqa chiqindilarni tashlash oqibatida baliq xoʻjaligiga yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar, ovchilik xoʻjaligiga va davlat ovchilik fondiga yetkazilgan zararni qoplash uchun tashkilotlarga qilingan daʼvolar, atrof muhitni ifloslantirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik oqibatida davlatga yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash uchun mablagʻlarni davlat foydasiga undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
i) prokuratura idoralari — yuridik shaxslar manfaatini koʻzlab qilingan daʼvolar yuzasidan;
k) nogironlar jamoat tashkilotlari, ularning muassasalari, oʻquv-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalari — barcha daʼvolar yuzasidan;
l) tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar — pul mablagʻlari boʻlmagan va bu narsa bank muassasasi tomonidan tasdiqlangan taqdirda xoʻjalik sudi ajrimi yuzasidan.
Oldingi tahrirga qarang.
m) adliya organlari — yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab qilinadigan daʼvolar yuzasidan.
(4-moddaning 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 6-maydagi 1086-XII-sonli Qonuniga asosan “m” kichik band bilan toʻldirilgan — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 161-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
n) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va uning joylardagi organlari — davlat mulkiga yetkazilgan zararni qoplash uchun davlat daromadi foydasiga mablagʻlar undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
(4-moddaning 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuniga asosan “n” kichik band bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-moddaning 2-bandi “o” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2005-y., 51-son, 374-modda)
p) “Oʻzagrosugʻurta” davlat-aksiyadorlik-sugʻurta kompaniyasi, uning direksiyasi va joylardagi boʻlimlari — qishloq xoʻjalik korxonalari tomonidan bank kreditlarini toʻlamaslik xavfini hamda qishloq xoʻjalik mahsuloti yetishtirish, shuningdek fyuchers kontraktlar boʻyicha ishlarni amalga oshirish uchun oldindan beriladigan mablagʻlarning qaytarilishini sugʻurta qilish shartnomalari boʻyicha toʻlangan sugʻurta tovoni uchun qishloq xoʻjalik korxonalaridan qarzni undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan.
(4-moddaning 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 30-avgustdagi 485-I-son Qonuniga asosan “o” va “p” kichik bandlar bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 241-modda)
r) arizachi va javobgar — qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) oʻz ustav fondini shakllantirmagan korxonalarni tugatishga doir ishlar yuzasidan;
(4-moddaning 2-bandi “r” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
s) tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida davlat organlari va boshqa organlarning qarorlari, mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan tadbirkorlik subyektlari sudga murojaat qilganlik uchun.
(4-moddaning 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrdagi 175-II-son Qonuniga asosan “s” kichik band bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 1-2-son, 23-modda)
t) qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari — tayyorlov va xizmat koʻrsatuv tashkilotlari tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi bilan bogʻliq daʼvolar yuzasidan;
u) tuman qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimlari — qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining manfaatlarini koʻzlab kiritilgan daʼvolar yuzasidan.
(4-moddaning 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuniga asosan “t” va “u” kichik bandlar bilan toʻldirilgan — Oliy Majlisning Axborotnomasi, 2004-y., 1-2-son, 18-modda)
f) xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, kommunal-foydalanish tashkilotlari — majburiy badallarni toʻlash va kommunal xizmatlar toʻlovi boʻyicha qarzlarni undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
x) xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, kommunal-foydalanish tashkilotlari — tuzilgan shartnomalarning shartlari aholiga uy-joy-kommunal xizmatlari koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan bajarilmaganligi yoki sifatsiz bajarilganligi oqibatida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
ts) tumanlar va shaharlar (shahar tarkibiga kiruvchi tumanlar) hokimliklari — kommunal xizmatlar toʻlovi va majburiy badallarni toʻlash boʻyicha qarzlarni undirish toʻgʻrisidagi, kommunal xizmat koʻrsatuvchilar yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining taqdimnomasiga muvofiq kiritilgan daʼvolar yuzasidan.
(2-bandning “f”, “x” va “ts” kichik bandlari Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 20-sentabrdagi OʻRQ-113-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 39-son, 399-modda)
ch) nodavlat notijorat tashkilotlari oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 20-sentabrdagi OʻRQ-113-sonli Qonuni asosida “ch” kichik band bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 39-son, 399-modda)
3. Notarial harakatlarni amalga oshiruvchi idoralarda quyidagilar davlat bojini toʻlashdan ozod etiladilar:
a) shaxslar — davlat pensiyalari va nafaqalarini olish uchun zarur boʻlgan, shuningdek vasiylik qilish va oʻgʻil (qiz) qilib olish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan hujjatlar nusxalarining toʻgʻriligini tasdiqlab berganlik uchun;
b) shaxslar — mulklarini davlat foydasiga, shuningdek yuridik shaxslar foydasiga inʼom qilish toʻgʻrisidagi vasiyatnoma va shartnomalarni tasdiqlaganlik uchun;
v) soliq va moliya idoralari — ularga davlatning meros huquqi toʻgʻrisida guvohnomalar (guvohnomalar dublikatlari) berganlik uchun, shuningdek ana shu guvohnomalarni (guvohnomalar dublikatlarini) olish uchun kerakli hamma hujjatlar uchun;
g) nogironlar jamoat tashkilotlari, ularning muassasalari, oʻquv-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalari — barcha notarial harakatlar yuzasidan;
d) yuridik va jismoniy shaxslar — ularga meros huquqi toʻgʻrisida quyidagi guvohnomalar.
Vatanni himoya qilish chogʻida, davlat yoki ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan boshqa vazifalarni oʻtayotganda yoxud inson hayotini qutqarish, davlat mulkini asrash va huquq-tartibotni muhofaza qilishda fuqarolik burchini ado etish munosabati bilan halok boʻlgan shaxslarning mol-mulkiga meros huquqi toʻgʻrisida;
uy-joy (kvartira) uchun, uy-joy-qurilish kooperatividagi pay uchun meros huquqi toʻgʻrisida, agarda ular meros beruvchining vafot qilish kunigacha birga yashashgan, propiska qilingan boʻlsa va meros beruvchining vafotidan keyin ham shu uyda (kvartirada) yashayotgan boʻlishsa;
banklarga qoʻyilgan pul jamgʻarmalari toʻgʻrisida, shaxsiy va mulkiy sugʻurtalar shartnomalari boʻyicha sugʻurta pullari toʻgʻrisida, davlat zayom obligatsiyalari uchun, ish haqlari summalari uchun, mualliflik huquqi, kashfiyot, ixtiro, ratsionalizatorlik takliflari va sanoat namunalari uchun mualliflik qalam haqi va mukofot summalari uchun meros huquqi toʻgʻrisida guvohnoma berganlik uchun;
e) shaxslar — pensiya va nafaqalarni olish uchun ishonch qogʻozini tasdiqlatganliklari uchun;
j) onalar — koʻp bolalik uchun ularga ordenlar va medallar berilganligi haqidagi ishlar boʻyicha hujjatlar nusxalarining toʻgʻriligini tasdiqlab berganlik uchun;
z) maktab-internatlar — farzandlarining maktab-internatlardagi taʼminoti uchun ota-onalardan qarzlarni undirish toʻgʻrisidagi ijro koʻrsatmalarini amalga oshirganlik uchun;
i) moliya idoralari — farzandlarining Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining maxsus maktablari va maxsus hunar-texnika bilim yurtlaridagi taʼminoti uchun ota-onalardan qarzlarni undirish toʻgʻrisidagi ijro koʻrsatmalarini amalga oshirganlik uchun;
k) ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisadan vafot etish va halok boʻlish hodisasiga korxonalar va tashkilotlar hisobidan sugʻurta qilingan fuqarolarning merosxoʻrlari — sugʻurta puliga meros huquqini tasdiqlovchi guvohnomalar berganlik uchun;
l) surunkali ruhiy kasallikka chalinganliklari tufayli qonunlarda belgilangan tartibda vasiylik oʻrnatilgan shaxslar — mulkka merosxoʻrlik qilishlari toʻgʻrisida guvohnomalar olganliklari uchun;
Oldingi tahrirga qarang.
m) Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda uning organlari — xodimlarni tashkiliy yoʻsinda ishga qabul qilish tartibida tuzilgan mehnat shartnomalarini tasdiqlab berganlik uchun;
(4-moddaning 3-bandi “m” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda)
n) Ulugʻ Vatan urushi nogironlari, Ulugʻ Vatan urushi janggohlarida yaralangan shaxslar, Ulugʻ Vatan urushi janggohlarida halok boʻlgan yoki bedarak yoʻqolgan shaxslarning oila aʼzolari, Ulugʻ Vatan urushi qatnashchilari hamda Vatanni himoya qilishda va Sovet Armiyasida oʻz xizmat burchini oʻtayotganda yaralangan shaxslar, Afgʻoniston Respublikasida baynalmilalchilik burchini oʻtagan shaxslar, 1986-1987-yillarda Chernobilʼ AESining zaharlangan mintaqasi doirasida falokat oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan shaxslar, 1986-yilda Chernobilʼ AESidagi avariya munosabati bilan zaharlangan mintaqadan koʻchirilgan (shu jumladan, oʻz ixtiyori bilan chiqib ketgan) shaxslar, agar ular vafot etgan boʻlsalar, ularning oila aʼzolari — imtiyozlar berilishi uchun zarur boʻlgan hujjatlar nusxalarining toʻgʻriligini tasdiqlab berganlik uchun;
o) mualliflik huquqi boʻyicha agentlik va uning idoralari — mualliflik huquqi boʻyicha toʻlanishi kerak boʻlgan mukofotlarning undirilishi haqidagi ijro koʻrsatmalarini amalga oshirganlik uchun;
p) shaxslar — yoʻlovchilarning majburiy sugʻurtasi yuzasidan sugʻurta puliga hamda fuqarolarga qarashli mol-mulk majburiy sugʻurtasi yuzasidan sugʻurta qoplovi puliga boʻlgan meros huquqi toʻgʻrisida ularga guvohnomalar berganlik uchun.
r) fermer xoʻjaligida faoliyatni davom ettirayotgan merosxoʻrlar — ularga fermer xoʻjaligi mol-mulkiga meros huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma berilganligi uchun;
s) dehqon xoʻjaligida faoliyatni davom ettirayotgan merosxoʻrlar — ularga dehqon xoʻjaligi mol-mulkiga meros huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma berilganligi uchun.
(4-moddaning 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustdagi 681-I-son Qonuniga asosan “r” va “s” kichik bandlar bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 181-modda)
t) xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, kommunal-foydalanish tashkilotlari — majburiy badallarni toʻlash va kommunal xizmatlar toʻlovi boʻyicha qarzlarni undirish toʻgʻrisidagi ijro xatlarini yozganlik uchun.
(3-bandning “t” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 20-sentabrdagi OʻRQ-113-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 39-son, 399-modda)
4. Fuqarolik holatlarini qayd etuvchi idoralarda quyidagilar davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadilar:
a) xalq taʼlimi idoralari, balogʻatga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar — yetim bolalarni va ota-onalar homiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni barcha bolalar internat muassasalariga va oʻquv yurtlariga yuborish uchun tugʻilganlik toʻgʻrisida takroriy guvohnomalar berganlik uchun;
Oldingi tahrirga qarang.
b) jismoniy shaxslar — tugʻilish, oʻlim qayd etilganligi uchun, farzandlikka olish, otalikni belgilash, jinsning oʻzgartirilishi hollarida, shuningdek fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish paytida yoʻl qoʻyilgan xatolar munosabati bilan tugʻilganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar yozuvlari oʻzgartirilgan, tuzatilgan va toʻldirilgan taqdirda ularga guvohnomalar berganlik uchun;
(4-moddaning 4-bandi “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrdagi 729-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 1-son, 20-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
v) jismoniy shaxslar — belgilangan tartibda daraksiz ketgan yoki ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi)tufayli faoliyatga yaroqsiz deb topilgan shaxslar bilan yoxud qilgan jinoyatlari uchun uch yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar bilan boʻlgan nikohlarini bekor qilish toʻgʻrisida ularga sudlov qarori asosida guvohnomalar berganlik uchun;
(4-moddaning 4-bandi “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrdagi 729-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 1-son, 20-modda)
g) jismoniy shaxslar — ularga oqlangan qarindoshlarining vafot etganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalarni takroran berganlik yoki ilgari berilgan guvohnomalarni almashtirganlik uchun.
Oldingi tahrirga qarang.
d) tabiiy ofatlar natijasida jabrlangan jismoniy shaxslar — ularga takroriy guvohnomalar berganlik uchun.
(4-moddaning 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrdagi 729-I-son Qonuniga asosan “d” kichik band bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 1-son, 20-modda)
5. Oʻzbekiston Respublikasidan chet elga borish toʻgʻrisidagi ishlarda davlat bojini toʻlashdan quyidagilar ozod qilinadilar:
a) jismoniy shaxslar — ularga diplomatik pasportlar berganlik uchun;
b) jismoniy shaxslar — yaqin qarindoshlari vafot etganligi yoki ularning qabrlarini ziyorat qilish sababi bilan chet elga borish uchun chet el pasportlari yoki ularning oʻrnini bosuvchi hujjatlar berganlik uchun. Aytilgan imtiyozlar beriladigan fuqarolar qatoriga ota-onalar, farzandlar, er-xotinlar, tugʻishgan aka-ukalar va opa-singillar kiradi;
v) 16 yoshga toʻlmagan jismoniy shaxslar — ularga chet elga borish uchun hujjatlar berganlik uchun;
g) ajnabiy sayyohlar — chet el pasportlarini roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun;
d) fuqarolik ishi, oilaviy va jinoiy ish boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalarga binoan chet el sudlariga fuqarolik va jinoiy ishlar yuzasidan tomonlar, guvohlar va ekspertlar sifatida chaqiriladigan jismoniy shaxslar — chet elga borish uchun ularga hujjatlar berganlik uchun;
e) oʻqishga, stajirovkaga yoki ishlab chiqarish praktikasini oʻtish uchun chet elga boruvchi 16 yoshga toʻlgan oʻquvchilar — ularga chet el pasportlari berganlik uchun.
Chet elga chiqishga hujjatlar berganlik uchun boj toʻlashdan ozod qilingan shaxslar shu hujjatlarga biron-bir oʻzgartishlar kiritilganligi uchun davlat boji toʻlashdan ham ozod qilinadilar.
6. Turar joyga qayd etishda quyidagilar davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadilar:
a) qarilar va nogironlar internat-uylarida yashovchi qarilar va nogironlar;
b) maktab-internatlar va hunar-texnika bilim yurtlarining butunlay davlat taʼminotida boʻlgan va yotoqxonalarda yashovchi oʻquvchilari.
7. Boj toʻlovchilarning ayrim guruhlari va toifalariga davlat boji toʻlashda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilab beradigan tartibda qoʻshimcha imtiyozlar berilishi mumkin.
5 - modda. Davlat bojini toʻlash va uni budjetga oʻtkazish tartibi
Davlat boji naqd pul, boj markalari bilan, shuningdek boj toʻlovchining kredit muassasasidagi hisobidan pul oʻtkazish yoʻli bilan toʻlanadi.
Mulkiy nizo boʻyicha sudga, xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi berilganda, shuningdek oldi-sotdi shartnomasini, inʼom qilishni, mol-mulkni almashtirishni notarial yoʻl bilan tasdiqlashda, meros huquqini rasmiylashtirishda, daʼvo qiymati, shartnoma summasi yoki meros miqdori chet el valyutasida belgilanadigan hollarda davlat boji Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilab qoʻyadigan tartibda chet el valyutasida undirilishi mumkin.
Koʻrsatilgan xizmat uchun davlat boji davlat idorasi ixtiyorida qoldiriladigan qismini istisno etgan holda, budjetga oʻtkaziladi.
Qoldiriladigan qismining miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qoʻyiladi.
6 - modda. Davlat bojini qaytarish
Toʻlangan davlat boji quyidagi hollarda toʻliq yoki qisman qaytariladi:
boj amaldagi qonunlarda talab etilganidan ortiqcha miqdorda toʻlanganda;
arizalar (shikoyatlar) qaytarib berilganda yoki ularni qabul qilishdan bosh tortilganda, shuningdek notarial idoralar yoki tuman, shahar va qishloq boshqaruv idoralari notarial harakatlarni bajarishni rad etganda;
sudda yoxud xoʻjalik sudida koʻrilmaydigan boʻlganligi tufayli ishning koʻrilishi toʻxtatilganda yoki daʼvoni koʻrib chiqish bekor qilinganda, shuningdek daʼvogar tomonidan aynan shu ishlar toifasi uchun nizolarni dastlabki tarzda hal qilishning belgilangan tartibi buzilgan boʻlsa yoxud daʼvo salohiyatsiz shaxs tomonidan qilingan boʻlsa;
sudlov qarori belgilangan tartibda bekor qilinganda, basharti bunda javobgardan davlat boji davlat foydasiga undirib boʻlingan boʻlsa;
balogʻatga yetmagan farzandlari boʻlmagan er-xotinlarning nikohi oʻzaro rozilik asosida bekor qilinganligini qayd etish uchun boj toʻlanganda, basharti er-xotinlarning yarashishi yoki ulardan birining sudga kelmasligi tufayli nikohni bekor qilish sodir etilmagan boʻlsa;
umum fuqarolik chet el pasportini berish rad etilganda;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qoʻyiladigan boshqa hollarda.
7 - modda. Davlat bojini undiruvchi idoralarning masʼuliyati
Davlat bojini undiruvchi muassasalarning rahbarlari bojlar toʻgʻri undirilishi uchun, shuningdek ular oʻz vaqtida va toʻliq miqdorda budjetga oʻtkazilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
8 - modda. Davlat boji toʻgʻri undirilishi ustidan nazorat
Davlat boji toʻgʻri undirilishi ustidan nazoratni moliya va davlat soliq idoralari amalga oshiradilar.
9-modda. Ushbu Qonunni qoʻllanishga doir yoʻriqnoma
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonunni qoʻllanishga doir yoʻriqnomani Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda chiqaradi.
(9-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 30-avgustdagi 271-II-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 182-modda)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I.KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-dekabr,
740-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 22-modda; 1994-y., 5-son, 161-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 144-modda; 1997-y., 2-son, 56-modda; 4-5-son, 126-modda; 9-son, 241-modda; 1998-y., 5-6-son, 102-modda; 9-son, 181-modda; 1999-y., 1-son, 20-modda; 9-son, 229-modda; 2001-y., 1-2-son, 23-modda; 5-son, 89-modda; 9-10-son, 182-modda; 2002-y., 1-son, 20-modda; 2003-y., 5-son, 67-modda; 2004-y., 1-2-son, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda; 2005-y., 51-son, 374-modda;52-son, 385-modda; 2006-y., 51-52-son, 500-modda; 2007-y., 31-32-son, 315-modda; 39-son, 399-modda)