Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
“Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati xodimlari tomonidan bajarilgan ishlar toʻgʻrisida adliya organlariga hisobot taqdim etish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 27-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2563-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-son “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-maydagi 250-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2014-yil 28-fevraldagi 51-mh-son “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati xodimlari tomonidan bajarilgan ishlar toʻgʻrisida adliya organlariga hisobot taqdim etish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2563, 2014-yil 28-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 9-son, 101-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik taʼminlash boshqarmasi hamda Huquqiy targʻibot va axborot boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishini va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari N. Joʻrayev zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2017-yil 27-noyabr,
408-mh-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.11.2017-y., 10/17/2563-1/0323-son)