O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida
2017-yil mayda Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan MDH hukumat rahbarlarining Kengashi majlisi davomida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish sohasida normativ-huquqiy va normativ-texnik boshqarish, muvofiqlikni baholash, standartlashtirish, akkreditatsiya va metrologik ta’minlash bo‘yicha yondashuvlarni bir-biriga yaqinlashtirish to‘g‘risidagi Bitimga muvofiq:
1. 2017-yil 26-mayda Qozon shahrida (Rossiya Federatsiyasi) imzolangan atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish sohasida normativ-huquqiy va normativ-texnik boshqarish, muvofiqlikni baholash, standartlashtirish, akkreditatsiya va metrologik ta’minlash bo‘yicha yondashuvlarni bir-biriga yaqinlashtirish to‘g‘risidagi Bitim tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi ularga taalluqli qismida yuqorida ko‘rsatilgan xalqaro shartnomaning amalga oshirilishi yuzasidan mas’ul bo‘lgan vakolatli organlar etib belgilansin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
3. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish sohasida normativ-huquqiy va normativ-texnik boshqarish, muvofiqlikni baholash, standartlashtirish, akkreditatsiya va metrologik ta’minlash bo‘yicha mazkur Bitim ishtirokchi-davlatlarining yondashuvlarini yaqinlashtirish Bitimning 2-moddasiga muvofiq ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha faoliyatni belgilovchi Tomonlarning qo‘shimcha bitimlarni qabul qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashki ishlar vazirligi (A.X. Komilov) O‘zbekiston Respublikasi mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillarini bajarganligi to‘g‘risida depozitariyga tegishli bildirishnoma yo‘llasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A.S. Sultonov) ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi majburiyatlari bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlasin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A.S. Sultonov, Bosh vazir o‘rinbosari — “O‘zagrosanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi N.S. Otajonov, “Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshlig‘i B.V. G‘ulomov va “O‘zstandart” agentligi bosh direktori A.U. Karimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-noyabr,
PQ-3368-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.11.2017-y., 07/17/3368/0203-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)