Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat daromadiga oʻtkaziladigan mulkni samarali boshqarish (tasarruf qilish) chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Poytaxtimizning meʼmoriy qiyofasini zamonaviy qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, davlat daromadiga oʻtkazilgan mulkdan samarali foydalanishni taʼminlash yoʻli bilan yanada yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudining 2015-yil 20-iyuldagi hukmiga muvofiq, Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Qori Niyoziy koʻchasi manzili boʻyicha joylashgan umumiy qiymati 22,9 mlrd soʻmga teng boʻlgan qurilishi tugallanmagan obyekt (keyingi oʻrinlarda — tugallanmagan obyekt) davlat daromadiga oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Toshkent shahar hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining tugallanmagan obyektni Toshkent shahar hokimligi tasarrufiga tekinga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik bildirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi belgilangan tartibda tugallanmagan obyekt oʻtkazilishini, Toshkent shahar hokimligi esa qabul qilishni taʼminlasin.
4. Toshkent shahar hokimligi budjetdan tashqari mablagʻlari hamda tijorat banklarining kreditlari hisobidan 2018-yil 1-yanvarga qadar, tugallanmagan obyekt boʻyicha barcha qurilish-montaj ishlari, unga tutash hududni koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarining yakunlanishini taʼminlasin.
5. Belgilansinki:
a) tugallanmagan obyekt boʻyicha barcha qurilish-montaj ishlarini yakunlash boʻyicha buyurtmachining funksiyalari Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi;
b) qurilish tugallangandan soʻng turar-joy binolari belgilangan tartibda taqdim etiladi:
davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qoʻyilishi munosabati bilan buzilayotgan turar-joy binolari (kvartiralari) mulkdorlariga imtiyozli asosda;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining uy-joy bilan taʼminlanmagan yoki uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan harbiy xizmatchilariga ellikta xonadon (kvartira) miqdorida imtiyozli uzoq muddatli ipoteka kreditini berish tarzida sotish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga idoraviy turar-joy fondi sifatida ellikta xonadon (kvartira) hisobida.
Turar-joy va noturar joy binolarining qolgan qismi Toshkent shahar hokimligi tasarrufida qoladi.
d) Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudining 2015-yil 20-iyuldagi hukmi bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan, tugallanmagan obyektning bir qismini yoki toʻliq qismini taqiqdan (xatlovdan) chiqarish toʻgʻrisida, uni natura shaklida qaytarish yoki uning qiymatini qoplash toʻgʻrisida sudning qarori chiqarilgan taqdirda, Toshkent shahar hokimligi sud qarorida koʻrsatilgan shaxsga teng qiymatli mol-mulk taqdim etishi yoki Toshkent shahar hokimligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplashi kerak.
6. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruv raisi A.J.Ramatov va Toshkent shahar hokimi R.J.Usmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 4-oktabr,
794-son