O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat tibbiyot tashkilotlarining tibbiyot kadrlarini qayta tayyorlash, ularning malakasi va kasb ko‘nikmalarini oshirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Davlat tibbiyot tashkilotlarining tibbiyot kadrlarini ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va xorijiy tibbiyot mutaxassislarini jalb etish asosida qayta tayyorlash, ularning malakasi va kasb ko‘nikmalarini oshirishni samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining davlat tibbiyot tashkilotlarining tibbiyot kadrlarini yetakchi xorijiy tibbiyot va ilmiy muassasalarga markazlashtirilgan holda yuborish, shuningdek mahorat saboqlarini o‘tkazish hamda mamlakatimiz mutaxassislarini tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy texnologiyalari bo‘yicha o‘qitish uchun respublikaga malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish yo‘li bilan ularni qayta tayyorlash, malakasi va kasb ko‘nikmalarini oshirishni tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
davlat tibbiyot muassasalarining tibbiyot kadrlarini qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun xorijiy yetakchi tibbiyot hamda ilmiy muassasalarga yuborish, shuningdek respublikaga malakali xorijiy tibbiyot mutaxassislarini jalb etish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining takliflariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili tasdiqlanadigan Reja-jadvalga muvofiq amalga oshiriladi;
xorijiy yetakchi tibbiyot va ilmiy muassasalarga qayta tayyorlash hamda malaka oshirish uchun yuboriladigan davlat tibbiyot muassasalarining tibbiyot kadrlari tanlov asosida tanlab olinadi.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra respublikaga xorijiy yetakchi tibbiyot va ilmiy muassasalardan malakali xorijiy tibbiyot mutaxassislarini:
qisqa muddatli mehnat shartnomalari bo‘yicha jalb etishda — xorijiy tibbiyot mutaxassislarining yashashi davlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ularni respublika mehmonxonalariga joylashtirish yo‘li bilan tashkil etiladi;
ularga mamlakatimizda bo‘lish davrida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining to‘lov kunidagi kursi bo‘yicha 20 AQSh dollari ekvivalentida har kunlik norma bo‘yicha milliy valyutada sutkalik pul to‘lanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga markazlashtirilgan tartibda har yili ajratiladigan budjet mablag‘lari, davlat tibbiyot tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlarining grantlari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar davlat tibbiyot tashkilotlarining tibbiyot kadrlarini xorijiy yetakchi tibbiyot va ilmiy muassasalarga qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishga yuborish, shuningdek respublikaga malakali xorijiy tibbiyot mutaxassislarini jalb etish xarajatlarini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha va tasdiqlangan Reja-jadvalga muvofiq 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining “Sog‘liqni saqlash” sohasi parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida davlat tibbiyot tashkilotlarining tibbiyot kadrlarini yetakchi xorijiy tibbiyot va ilmiy muassasalarga qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishga yuborish, shuningdek respublikaga malakali xorijiy tibbiyot mutaxassislarini jalb etish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash uchun budjetdan zarur mablag‘lar ajratsin, 2018-yildan boshlab esa — har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetini shakllantirishda ushbu mablag‘larni nazarda tutsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
davlat tibbiyot tashkilotlarining tibbiyot kadrlarini xorijiy yetakchi tibbiyot va ilmiy muassasalarga qayta tayyorlash hamda malaka oshirishga yuborish uchun tanlov asosida tanlab olish, shuningdek respublikaga yetakchi xorijiy tibbiyot hamda ilmiy muassasalardan taklif etiladigan malakali xorijiy tibbiyot mutaxassislarining ro‘yxatini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni bir oy muddatda tasdiqlasin;
davlat tibbiyot tashkilotlarining yetakchi xorijiy tibbiyot va ilmiy muassasalarga qayta tayyorlash hamda malaka oshirishga yuboriladigan tibbiyot kadrlarini tanlab olish sifati, shuningdek budjetdan ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan zarur nazoratni ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalarini Sog‘liqni saqlash vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan o‘z vaqtida rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jalb etiladigan malakali xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar Sog‘liqni saqlash vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha o‘z vaqtida berilishi va muddati uzaytirilishini, ularning O‘zbekiston Respublikasida yashash joyida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 18-sentabr,
736-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 38-son, 1045-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)