Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Toʻraqoʻrgʻon tumanida Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabini tashkil etish toʻgʻrisida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
Vatan taraqqiyoti yoʻlidagi fidokorona hayoti ibrat namunasi boʻlib xizmat qilayotgan maʼrifatparvar olim, sharq va gʻarb tillarining bilimdoni Isʼhoqxon Ibratning nomini abadiylashtirish, uning izdoshlarini kashf etish va isteʼdodlarini keng namoyon qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Namangan viloyati hokimligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Namangan shahrida Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi (keyingi oʻrinlarda — ijod maktabi) hamda ijod maktabi huzurida Namangan davlat universiteti tomonidan 7 ta xorijiy tilni oʻrgatishga ixtisoslashgan markazini (keyingi oʻrinlarda — markaz) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
ijod maktabida har bir sinfdagi oʻquvchilar soni 20 nafarni tashkil qiladi, 7-sinflarga esa ijodiy tanlovlar, test va boshqa sinovlar asosida qabul qilinadi;
Markazda dars mashgʻulotlari 7 ta til boʻyicha oʻquvchi-talabalar soni 10 nafardan oshmaydigan guruhlarda tashkil etiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Namangan davlat universitetiga ijod maktabida tashkil etiladigan dars mashgʻulotlariga Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik institutining malakali professor-oʻqituvchilarini jalb etsinlar.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda muzeyshunos olimlardan iborat ishchi komissiya tuzsin hamda Toshkent shahridagi Shahidlar xiyoboni, Qatogʻon qurbonlari xotirasi muzeyi va Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida amalga oshirilgan ishlarni, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgansin hamda oʻrganish natijalariga asosan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan Isʼhoqxon Ibrat muzeyini jihozlash choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2018-yil mart oyiga qadar Isʼhoqxon Ibratning xorijiy tillarda yozgan lugʻatining yangi nashrini tayyorlash va chop etish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Madaniyat vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddatda maktab-internat, markaz oʻqituvchilari va muzey xodimlarining oylik ish haqlariga 25 foiz miqdorida qoʻshimcha ustamalar belgilasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi:
maktab-internat, markaz va muzey binolarining qurilishi 2017-yil Investitsiya dasturi doirasida toʻliq yakunlanishini taʼminlash;
2018-yilgi Investitsiya dasturiga maktab-internat oʻquvchilari uchun 100 oʻrinli oʻquvchilar turar joyi, oshxona binolarini qurish va jihozlar bilan taʼminlashni kiritish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ikki oy muddatda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda YUNESKOning va Xalqaro til oʻrgatish markazlarining Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatayotgan til oʻrgatish markazlari vakolatxonalarining filiallarini Namangan viloyatida tashkil etish choralarini koʻrsin.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda ijod maktabi va markazni oʻquv-metodik majmualar, oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalar, badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida “Taʼlim” sohasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida ijod maktabi, markaz va muzeyning taʼminoti uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida atoqli maʼrifatparvar Isʼhoqxon Ibrat nomidagi yodgorlik majmuasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 13-apreldagi 208-son qarori 2-bandining toʻrtinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov, Xalq taʼlimi vaziri U.I. Inoyatov, Namangan viloyatining hokimi X.X. Bozarov va Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamenti zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-sentabr,
698-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 36-son, 962-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)