Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Yoshlar” teleradiokanali” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-apreldagi 211-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida” 2017-yil 5-iyuldagi PF-5106-son Farmoniga muvofiq “Yoshlar” teleradiokanali” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Adliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va “Yoshlar” teleradiokanali” aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlari umumiy yigʻilishining:
“Yoshlar” teleradiokanali” aksiyadorlik jamiyatining (keyingi oʻrinlarda “Yoshlar” teleradiokanali deb ataladi) ustav fondidagi sobiq “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining 19 foiz, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining 15 foiz, “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining 15 foiz aksiyalarini va davlat ulushining 1 foizini Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga mulk huquqi asosida berish;
“Yoshlar” teleradiokanali Vasiylik kengashi tarkibiga Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining raisini kiritish;
“Yoshlar” teleradiokanali direktorini Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Markaziy Kengashi tomonidan aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi qaroriga asosan lavozimga tasdiqlash;
“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining ustav fondidagi davlat ulushini Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga berilayotgan aksiyalarning balans qiymati summasiga kamaytirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda “Yoshlar” teleradiokanali faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirsin:
efirga uzatilayotgan tele- va radiodasturlarning gʻoyaviy-badiiy va professionallik darajasini izchil oshirib borish, bugungi kun zamonaviy yoshlari talablariga mos boʻlgan yangicha yondashuvlar asosida tele- va radiodasturlar tayyorlash;
“Yoshlar” teleradiokanali Badiiy kengashi faoliyati samaradorligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqish va Badiiy kengash tarkibiga Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining masʼul vakillarini kiritish;
“Yoshlar” teleradiokanalining iqtisodiy barqarorligini taʼminlash uchun tijorat va homiylik loyihalarini yoʻlga qoʻyish;
“Yoshlar” teleradiokanali studiyalarini eng zamonaviy multimedia texnologiyalari bilan jihozlash va yangi dekoratsiyalar bilan taʼminlash;
“Yoshlar” teleradiokanalida faoliyat yuritayotgan xodimlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va oʻqitish ishlarini doimiy ravishda amalga oshirib borish.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi v. b. B.B. Alixonov, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Q.Q. Quranbayev hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 21-avgust,
649-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 34-son, 891-modda)