Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI DAVLAT VA JAMIYAT QURILIShI AKADEMIYASI QOShIDA OLIY BIZNES MAKTABI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Menejmentning zamonaviy metodlarini egallagan, iqtisodiy islohotlarni erkinlashtirish va yanada chuqurlashtirish boʻyicha respublikada oʻtkazilayotgan siyosatni amalga oshirishga doir ishlarni tashkil etishga qodir boʻlgan yuqori malakali boshqaruv kadrlarini tayyorlashni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasi Umumiqtisodiyot kompleksining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshida yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan Oliy biznes maktabi tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Respublikada olib borilayotgan demokratik oʻzgartirishlar va bozor islohotlari yoʻli vazifalari va ustuvorliklariga muvofiq xalqaro talablar hamda qabul qilingan xalqaro dasturlar asosida “boshqaruv-biznes magistri” dasturi boʻyicha yuqori malakali boshqaruv kadrlari va mutaxassislari tayyorlash Oliy biznes maktabining asosiy vazifasi etib belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. “Vaseda” universiteti (Tokio sh.) Yaponiya moliya korporatsiyasi koʻmagida Oliy biznes maktabida boshqarish va oʻquv jarayonini tashkil etishda texnik yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oliy biznes maktabining xodimlarning cheklangan soni (yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) 40 kishidan iborat boʻlgan tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oliy biznes maktabi direktori ayni bir vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi prorektori hisoblanadi hamda uning ikki nafar oʻrinbosari boʻladi. Oliy biznes maktabi direktoriga zarurat boʻlganda uning tuzilmasiga xodimlarning umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Oliy biznes maktabida oʻqitish pulli, kontrakt-maqsadli asosda, “boshqaruv-biznes magistri” dasturi boʻyicha, oʻquv dasturiga muvofiq kunduzgi shaklda 14 oy mobaynida va sirtqi shaklda 24 oy mobaynida amalga oshiriladi;
Oliy biznes maktabiga tinglovchilar ishlab chiqarish uyushmalari, konsernlar, korporatsiyalar, kompaniyalar, xolding kompaniyalari va boshqa xoʻjalik birlashmalari, yirik sanoat korxonalari rahbarlaridan, shuningdek rahbarlik boshqaruv lavozimlariga koʻtarish uchun zaxiradagi istiqbolli mutaxassislardan tanlov asosida olinadi;
Oliy biznes maktabi bitiruvchilariga maktabni tamomlagani toʻgʻrisida belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.
Oliy biznes maktabining professor-oʻqituvchilar tarkibi yetakchi xorijiy universitetlar, tadqiqot markazlari, xalqaro iqtisodiyot va moliya tashkilotlari mutaxassislari hisobiga, mahalliy mutaxassislarni, shu jumladan yetakchi xorijiy oʻquv yurtlari magistri diplomiga ega boʻlgan mahalliy mutaxassislarni jalb etish hisobiga shakllantiriladi;
Oliy biznes maktabining professor-oʻqituvchilar tarkibi, xodimlari va tinglovchilari moddiy-maishiy taʼminot va mehnatga haq toʻlash sharoitlari boʻyicha tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining professor-oʻqituvchilar tarkibi, xodimlari va tinglovchilariga tenglashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Umumiqtisodiyot kompleksi, Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi uch oy muddatda:
Oliy biznes maktabining oʻquv va moddiy-texnika bazasini shakllantirishni taʼminlasinlar;
Oliy biznes maktabida oʻquv jarayonini tashkil etishga xorijiy mutaxassislar va professor-oʻqituvchilar tarkibini xalqaro grantlar boʻyicha jalb qilish masalalarini hal etsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi 2001-yil 1-iyungacha:
manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda boshqaruvchi-menejer mutaxassislariga boʻlgan ehtiyojni oʻrganish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Devoniga 2001-2002 oʻquv yili uchun Oliy biznes maktabiga kunduzgi va sirtqi boʻlimda oʻqishga qabul qilish rejasi boʻyicha takliflar kiritsin;
zarur oʻquv-uslubiy hujjatlarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Oliy biznes maktabining shtatlar jadvalini va 2001-yil uchun xarajatlar smetasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Davlat test markazi bilan birgalikda Oliy biznes maktabi bitiruvchilariga beriladigan, chet ellarda tan olinadigan, taʼlim toʻgʻrisida davlat namunasidagi hujjat (sertifikat)ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2001-yilda Oliy biznes maktabining joriy xarajatlarini mablagʻ bilan taʼminlashni, oʻqitish uchun tushadigan mablagʻlarni hisobga olgan holda, qoʻshimcha budjet mablagʻlari ajratish hisobiga amalga oshirsin;
oʻqitish uchun tushadigan mablagʻlar yetishmagan taqdirda 2002-yildan boshlab, hisob-kitoblarga muvofiq, Oliy biznes maktabining joriy taʼminoti uchun budjetdan zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin;
Oliy biznes maktabiga 1 ta yengil avtomobil xarajatlariga limit ajratsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oliy biznes maktabiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun u, soliqlarning barcha turlaridan va oʻz ehtiyojlari uchun asbob-uskunalar, moddiy-texnika resurslari va jihozlar keltirishda bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtirishi uchun yigʻimlardan tashqari) istisno tariqasida 5 yil muddatga ozod qilinsin, boʻshaydigan mablagʻlar Oliy biznes maktabining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga maqsadli yoʻnaltirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oliy biznes maktabiga oʻqituvchilik qilish va ilmiy ish olib borish uchun taklif etilgan xorijiy mutaxassislar, professorlar va oʻqituvchilarning yashashi va transport xarajatlari uchun Oʻzbekiston fuqarolari uchun belgilangan tariflar boʻyicha milliy valyutada haq toʻlashiga ruxsat etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy biznes maktabi buyurtmanomalariga binoan, oʻqitish jarayonida qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga hamda professor va oʻqituvchilarga konsullik yigʻimlari undirilmasdan kelish vizalari berilishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy biznes maktabi buyurtmanomalariga binoan, oʻqitishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarni hamda professor va oʻqituvchilarni vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazishni va vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish muddatini uzaytirishni davlat boji toʻlovisiz taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Oliy biznes maktabi Toshkent shahar, Oʻzbekiston shoh koʻchasi, 45-uydagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi binosiga joylashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi Oliy biznes maktabini belgilangan tartibda telefon va telekommunikatsiyaning zarur turlari, shu jumladan hukumat aloqasi bilan taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Tashkiliy-kadrlar ishlari boʻyicha Davlat maslahatchisi xizmatiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 18-may,
222-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabi toʻgʻrisida
nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabi (keyingi oʻrinlarda Oliy biznes maktabi deb ataladi) menejmentning zamonaviy metodlarini egallagan va jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy sohalarida erkinlashtirish va islohotlarni yanada chuqurlashtirish borasida respublikada oʻtkazilayotgan siyosatni amalga oshirishga doir ishlarni tashkil etishga qodir boʻlgan boshqaruv kadrlarini tayyorlaydigan taʼlim muassasasi hisoblanadi.
2. Oliy biznes maktabi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oliy Majlis qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi toʻgʻrisidagi Nizomga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Quyidagilar Oliy biznes maktabining muassislari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Banklar uyushmasi.
4. Oliy biznes maktabi oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻz ixtiyoridagi pul mablagʻlari bilan javob beradi. Ular yetishmagan taqdirda uning majburiyatlari boʻyicha Oliy biznes maktabi muassislari birgalikda javob beradilar.
II. Huquqiy asoslari
5. Oliy biznes maktabi notijorat tashkilot hisoblanadi va oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshiradi.
6. Oliy biznes maktabi yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, bank muassasalarida hisob raqamiga, valyuta hisob raqamlari va boshqa hisob raqamlariga, oʻz nomi davlat tilida yozilgan gerbli muhrga, dumaloq muhrlarga, shtampga va uning kadrlar tayyorlash sohasidagi faoliyati uchun zarur boʻlgan boshqa atributlar va rekvizitlarga egadir.
7. Oliy biznes maktabi boshqaruv va menejment sohasida rahbar xodimlar tayyorlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasidagi yetakchi oʻquv-metodik va ilmiy markaz hisoblanadi.
8. Oliy biznes maktabining toʻliq nomi:
oʻzbek tilida – “Oliy biznes maktabi”;
rus tilida – “Visshaya shkola biznesa”;
ingliz tilida – “The Higher school of Business”.
9. Oliy biznes maktabi Toshkent shahar, Oʻzbekiston shoh koʻchasi, 45-uyda joylashgan.
III. Oliy biznes maktabining maqsadi va vazifalari
10. Oʻqitishning belgilangan taʼlim-kasb dasturlari asosida boshqaruv va menejmentning zamonaviy usullarini egallagan rahbar xodimlarni uzoq muddatli va qisqa muddatli kurslarda, maxsus seminarlarda tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Oliy biznes maktabining asosiy maqsadi hisoblanadi.
11. Mazkur maqsadni amalga oshirish uchun Oliy biznes maktabiga quyidagi vazifalar yuklangan:
respublikada amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar strategiyasini va ustuvorliklarini hisobga olgan holda xalqaro standartlar va qabul qilingan xalqaro dasturlar asosida (MBA) yoʻnalishi boʻyicha yuqori malakali boshqaruv kadrlari va mutaxassislar tayyorlash;
oʻquv jarayonini yetakchi xorijiy ilmiy va oʻquv tashkilotlari mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislari hisobiga, shuningdek yetakchi xorijiy oʻquv yurtlarining diplomini, sertifikatini olgan mahalliy mutaxassislarni jalb qilgan holda yuqori malakali professor-oʻqituvchilar tarkibi bilan taʼminlash;
oʻtish iqtisodiyotini boshqarish nazariyasi va amaliyoti sohasidagi zamonaviy tadqiqotlarni chuqur oʻrganish asosida mehnat, moliya, moddiy resurslarni boshqarishni tashkil etish boʻyicha oʻquv rejalari, dasturlari, oʻqitish texnologiyalarini ishlab chiqish va ularni belgilangan tartibda tasdiqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlarini hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlarini oʻrganish boʻyicha maxsus kurslar va seminarlar tashkil etish va oʻtkazish;
rahbar xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash jarayonida xalqaro aloqalar oʻrnatish;
Oʻzbekiston Respublikasida oʻtish iqtisodiyotining dolzarb muammolari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, boshqaruv xodimlari tayyorlashni takomillashtirish uchun uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish;
boshqaruv kadrlari malakasini oshirish boʻyicha doimiy ishlovchi oʻquv kurslari, seminarlar oʻtkazish;
Oliy biznes maktabi bitiruvchilari boʻyicha monitoring olib borish;
yetakchi xorijiy oʻquv muassasalarida va ilmiy markazlarda, yirik xorijiy kompaniyalarda Oliy biznes maktabi tinglovchilarining tajriba orttirishini, diplomoldi amaliy ishlarini tashkil etish;
rahbar va boshqaruv xodimlarini tayyorlash tizimi toʻgʻrisida respublika va xorijiy ommaviy axborot vositalarida axborotlar berish uchun noshirlik va matbaachilik faoliyatini tashkil etish.
IV. Oʻquv jarayonini tashkil etish
12. Oliy biznes maktabida oʻquv jarayonini tashkil etish:
oʻqitish rahbarlik lavozimlariga koʻtarish maqsadidagi kadrlar zaxirasi uchun — kunduzgi boʻlimda, xoʻjalik birlashmalari va yirik tuzilmalarni tashkil etuvchi sanoat korxonalari rahbarlari uchun — sirtqi boʻlimda olib boriladi;
oʻquv jarayoni xalqaro dasturlar va standartlar (MBA) asosida tashkil etiladi;
oʻqitish asosan shartnoma asosida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar va professor-oʻqituvchilar tarkibi tomonidan amalga oshiriladi.
13. Oʻqitish muddati:
kunduzgi boʻlimda davlat talablari (oʻquv rejasi)ga muvofiq 14 oygacha;
sirtqi boʻlimda — 24 oygacha.
14. Oʻqitish oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.
15. Oliy biznes maktabi bitiruvchilariga uni tamomlaganlik toʻgʻrisida belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.
V. Oliy biznes maktabi tinglovchilari
16. Ishlab chiqarish uyushmalari, konsernlar, kompaniyalar, korporatsiyalar, xolding kompaniyalar va boshqa xoʻjalik birlashmalari, yirik sanoat korxonalari rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari, shuningdek boshqaruv lavozimiga koʻtarish uchun zahirada turgan mutaxassislar Oliy biznes maktabining tinglovchilari etib qabul qilinadilar;
17. Tanlovda qatnashish uchun tinglovchilarni tanlash tasdiqlangan Tanlash tartibiga muvofiq belgilangan tartibda quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
40 yoshdan oshmaganlar kunduzgi boʻlimga, 50 yoshdan oshmaganlar sirtqi boʻlimga qabul qilinadi;
ishlab chiqarishdagi ish staji — boshqaruvning tarmoq organlarida (uyushma, konsern, kompaniya, korporatsiya, xolding kompaniya va boshqa xoʻjalik birlashmalarida), shuningdek ishlab chiqarishda kamida 4 yil boʻlishi kerak.
18. Tinglovchilarni qabul qilish test sinovi va suhbatlashish natijalarini hisobga olgan holda tanlov asosida amalga oshiriladi.
19. Oliy biznes maktabi tinglovchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi tinglovchilari uchun belgilangan huquq va majburiyatlar tatbiq etiladi.
VI. Oliy biznes maktabining professor-oʻqituvchilar tarkibi
20. Oʻquv jarayoni yetakchi xorijiy ilmiy va oʻquv tashkilotlari mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislari hisobiga, shuningdek yetakchi xorijiy oʻquv yurtlarining magistri diplomini olgan mahalliy mutaxassislarni jalb qilgan holda yuqori malakali professor-oʻqituvchilar tarkibi tomonidan taʼminlanadi.
VII. Oʻqitish uchun toʻlov shakllari
21. Oliy biznes maktabida tinglovchilarni oʻqitish pulli, kontrakt-maqsadli asosda amalga oshiriladi.
22. Belgilangan tartibni yoki fanlarni oʻzlashtirmaganlik uchun tinglovchilar safidan chiqarilgan taqdirda oʻqitish uchun toʻlangan pul tashkilotlarga qaytarilmaydi.
23. Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar buyurtmanomalari hisobga olingan holda pulli qisqa muddatli kurslar tashkil etiladi.
VIII. Oliy biznes maktabining tashkiliy tuzilmasi
24. Muassislar yigʻilishi Oliy biznes maktabining yuqori rahbar organi hisoblanadi. Muassislar yigʻilishi bir yilda 1-marta, yoxud zarurat boʻlganda Taʼsis kengashining qaroriga koʻra oʻtkaziladi.
25. Oliy biznes maktabi faoliyatiga joriy rahbarlik direktor tomonidan amalga oshiriladi.
Oliy biznes maktabi direktori ayni bir vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining prorektori hisoblanadi.
IX. Taftish komissiyasi
26. Taftish komissiyasi Taʼsis kengashi yigʻilishi tomonidan tayinlanadi.
27. Taftish komissiyasi Oliy biznes maktabi iqtisodiy va moliya-buxgalteriya faoliyatini hamda hisobotini yuritishning toʻgʻriligini nazorat qiladi va tekshiradi.
X. Oliy biznes maktabini qayta tashkil etish va tugatish
28. Oliy biznes maktabi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabi
tuzilmasi
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 10-son, 60-modda; 2003-y., 4-son, 42-modda; 13-son, 106-modda; 2005-y., 34-36-son, 264-modda; 2011-y., 25-son, 259-modda; 2015-y., 1-son, 7-modda)