Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Tez yurar yoʻlovchi poyezdlari harakatini tashkil etgan holda “Qarshi-Kitob” temir yoʻl liniyasini elektrlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublika temir yoʻllari tarmogʻini yanada rivojlantirish, temir yoʻl transportida elektrlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobiga yoʻlovchi va yuk tashish samaradorligini oshirish, xalqaro standartlarga muvofiq “Qarshi-Kitob” temir yoʻl liniyasida tez yurar yoʻlovchi poyezdlari harakatini tashkil etish maksadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning 2017-2018-yillarda tez yurar yoʻlovchi poyezdlari harakatini tashkil etgan holda “Qarshi-Kitob” temir yoʻl liniyasini elektrlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Hisob-kitob narxi ekvivalenti 58,87 mln. AQSH dollari miqdoridagi:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning ekvivalenti 18,58 mln. AQSH dollari hamda “Oʻzbekenergo” AJning ekvivalenti 7,31 mln. AQSH dollari miqdoridagi oʻz mablagʻlari;
“Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi Davlat budjeti mablagʻlari parametrlarida nazarda tutiladigan 50,0 mlrd, soʻmga teng (ekvivalenti 14.06 mln. AQSH dollari) miqdoridagi markazlashtirilgan investitsiya mablagʻlari;
investitsiya loyihasi doirasida valyuta xarajatlarini moliyalashtirish uchun “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan qayta moliyalashtiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga taqdim etadigan 18,92 mln. AQSH dollari miqdoridagi kreditining qayta moliyalashtirish uchun bankning 0,5 foiz miqdordagi marjasini qoʻshganda yillik 2,5 foizli stavka bilan 2 yillik imtiyozli davrni qoʻshib hisoblaganda 15 yil muddatga beriladigan krediti investitsiya loyihasini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
3. Belgilansinki:
investitsiya loyihasini amalga oshirish, texnik-iqtisodiy hisob-kitobni ishlab chiqqan holda bir bosqichli tartibda amalga oshiriladi;
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ jalb etilayotgan kreditdan maqsadli foydalanilishi hamda investitsiya loyihasini samarali amalga oshirish yuzasidan javobgar ijro etuvchi organ hisoblanadi;
investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida jalb etilayotgan kreditni soʻndirish, uning foizlari va komissiyalarini toʻlash bilan bogʻliq sarf-xarajatlar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
loyihani amalga oshirish doirasida tashqi elektr taʼminoti obyektlarini loyihalash va qurish “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ — “Qarshi-Kitob” temir yoʻl liniyasida tez yurar yoʻlovchi poyezdi harakatini tashkil etish bilan birgalikda elektrlashtirish boʻyicha bosh buyurtmachi;
“Oʻzbekenergo” AJ — tashqi elektr taʼminoti obyektlarini qurish boʻyicha bosh buyurtmachi;
“Toshtemiryoʻlloyiha” MCHJ va “Sredazenergosetproyekt” AJ — bosh loyiha tashkilotlari;
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Oʻzbekenergo” AJning tarkibiy boʻlinmalari — bosh pudrat tashkilotlari etib belgilansin.
5. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Oʻzbekenergo” AJ 2018-yilning 1-yanvariga qadar muddatda investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy hisob-kitobini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Oʻzbekenergo” AJga, investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida, istisno tariqasida:
2018-yilning 1-apreliga qadar “Qarshi-Kitob” temir yoʻl liniyasini elektrlashtirish bilan birga tez yurar yoʻlovchi poyezdi harakatini tashkil etgan holda tashqi elektr taʼminoti obyektlarini qurish bilan bir vaqtda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishni parallel ravishda olib borishga;
tender savdolarini oʻtkazmasdan, mahsulot ishlab chiqaruvchi zavodlar yoki ularning rasmiy dilerlari (distribyutorlari) bilan ortib joʻnatishdan oldingi majburiy inspeksiyani oʻtkazgan holda eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida uskunalar va materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar va uzellar yetkazib berish toʻgʻrisida shartnomalar tuzishga;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitobi tasdiqlanguniga qadar belgilangan tartibda vakolatli organlarda ekspertizadan oʻtgan import shartnomalari boʻyicha, shuningdek, mamlakatimizning pudrat tashkilotlari va mahsulot yetkazib beruvchilari bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha moliyalashtirishni ochishga ruxsat berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga investitsiya loyihasini amalga oshirishni moliyalashtirish uchun jalb etilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining qayta moliyalashtiriladigan krediti boʻyicha “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki oldidagi majburiyatlari yuzasidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat kafolatini berish vakolati berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻzbekneftgaz” MXK investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida, mansubligiga qarab, oʻz mablagʻlari hisobiga, qurilish hududiga tushayotgan mavjud muhandislik kommunikatsiyalarini koʻchirish va ulash, shuningdek, muhandislik kommunikatsiyalarining uzluksiz ishlashini taʼminlashni hisobga olgan holda ularning loyiha hujjatlariga muvofiq ulanishi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirsin.
9. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida uning barcha qatnashchilari 2019-yilning 1-yanvariga qadar:
belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan va olib kelinadigan, uskunalar va materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar va uzellar, texnologik hujjatlar va jihozlar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari);
tovarlar, ishlar (xizmatlar), shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan bajarilgan ishlar (koʻrsatilgan xizmatlar) qoʻshilgan qiymat soligʻidan. shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasiga toʻlanadigan majburiy ajratmalar va yigʻimlardan;
bajarilgan ishlar (koʻrsatilgan xizmatlar)dan olingan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlari qismida foyda soligʻidan;
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tashkilotlari tomonidan begʻaraz asosda topshirilayotgan va qabul qilinayotgan mulk qismida foyda soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzmetkombinat” AJ, “Oʻzqurilishmateriallari” AJ bosh buyurtmachilarning ish hujjatlari parametrlarini hisobga olgan holda taqdim etiladigan asoslangan hisob- kitoblarga koʻra, investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan sement va metall prokati ajratilishi hamda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha boshqariladigan narxlarda yetkazib berilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi Investitsiya dasturini shakllantirishda “Qarshi-Kitob” temir yoʻl liniyasini elektrlashtirish bilan birga tez yurar yoʻlovchi poyezdi harakatini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan tegishli mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ buyurtmanomalariga koʻra, investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalarini konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmagan holda rasmiylashtirishni taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ buyurtmanomalariga koʻra, investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha yashash joyida vaqtinchalik roʻyxatga olinishi va uning muddati uzaytirilishini davlat boji undirmasdan taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda shaharsozlik hujjatlarining davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin hamda qurilish-montaj ishlarining sifati ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
15. Qashqadaryo viloyati hokimligi belgilangan tartibda:
bir oy muddatda “Qarshi-Kitob” temir yoʻl liniyasini elektrlashtirish bilan birga tez yurar yoʻlovchi poyezdi harakatini tashkil etish bilan birgalikda elektrlashtirish bilan bogʻliq obyektlar barpo etilishiga yer uchastkalari ajratilishini;
“Qarshi-Kitob” temir yoʻl liniyasini elektrlashtirish bilan birga tez yurar yoʻlovchi poyezdi harakatini tashkil etish boʻyicha ishlar oʻtkaziladigan tumanda yashovchi fuqarolarning investitsiya loyihasida nazarda tutilgan muddatlarda koʻchirilishini;
yer maydonlari ajratilishi munosabati bilan (fermer xoʻjaliklarining koʻrgan zararlari, qirqilgan daraxtlar, fuqarolarning koʻchirilishini yuzasidan) tovon puli mahalliy budjet mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan toʻlanilishini taʼminlasin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 10-iyul,
PQ-3121-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 28-son, 640-modda, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son)