O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida
Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishga oid qonunlarni qo‘llashda sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishga oid qonun talablarini aniq va og‘ishmay bajarish mahkumlarni qayta tarbiyalash, takroran jinoyatlar sodir etilishining oldini olish hamda insonparvarlik kabi jinoyat-huquqiy prinsipni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
2. Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish (JK 73, 89-moddalari) va jazoni yengilroq jazo turi bilan almashtirishga oid (JK 74, 90-moddalari) masalani sudlar har bir mahkumga alohida yondashuvni ta’minlagan holda hal etishlari lozim.
Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilroq jazo bilan almashtirish, faqat sud tomonidan tayinlangan jazoning qonunda nazarda tutilgan qismini o‘tash paytida (hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar ushlab turilgan, qamoqda, uy qamog‘ida saqlangan vaqtni hisobga olgan holda) o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo‘lgan mahkumlarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Shuni ta’kidlash lozimki, muqaddam jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan yoki jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilgan voyaga yetmagan mahkum jazoning o‘talmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etsa, unga nisbatan JK 89, 90-moddalari umumiy asoslarda qo‘llaniladi
3. Jazo amnistiya (afv) aktiga ko‘ra, qisqartirilgan yoki sud tomonidan kamaytirilgan hollarda jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishni qo‘llashda, jazoning haqiqatda o‘talgan qismi amnistiya (afv) akti qo‘llanilganidan keyin qolgan yoki sud ajrimi (qarori)da ko‘rsatilgan jazo muddatidan kelib chiqib hisoblanishi lozim.
Agar shaxs turli toifaga oid bir necha jinoyat yoki bir necha hukm majmui bo‘yicha sudlangan bo‘lsa, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish masalasini hal etishda, jinoyatlar yoki hukmlar majmui bo‘yicha tayinlangan uzil-kesil jazodan kelib chiqish lozim. Jazoning uni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki yengilrog‘i bilan almashtirish imkoniyatini beruvchi va haqiqatda o‘talishi shart bo‘lgan jazo muddatini hisoblashda, sudlar jinoyatlar va hukmlar majmuiga kiruvchi va eng og‘ir jinoyat uchun JK 73, 74, 89, 90-moddalari uchinchi qismi “a” “b” “v” bandlarida nazarda tutilgan qoidalarni qo‘llashlari lozim;
Oldingi tahrirga qarang.
JK 73-moddasining 4-qismida ko‘rsatilgan shaxslar boshqa jinoyat sodir etganligi aniqlanib, keyingi hukm bo‘yicha jazolar JKning 59-moddasi 8-qismi yoki 60-moddasi tartibida qo‘shilganda, JK 73-moddasining 4-qismida nazarda tutilgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan bo‘lsa jazoning o‘talmagan qismi yengilrog‘i bilan almashtirilishi yoki jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilinishi mumkin emas.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 30-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
31. Jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish:
a) umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxsga;
b) o‘ta xavfli retsidivistga;
v) uyushgan guruh yoki jinoiy uyushmaning tashkilotchi va qatnashuvchilariga;
g) javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirganlik, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirganlik, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsni jinsiy aloqada bo‘lish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirganlik yoki unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirganlik, xuddi shuningdek uni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etganlik, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qo‘shmachilik qilganlik, fohishaxonalarni tashkil etganlik yoki saqlaganlik, O‘zbekiston Respublikasiga, tinchlikka va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlik, yadroviy, kimyoviy, biologik va boshqa xildagi ommaviy qirg‘in qurollarini, shunday qurollarni ishlab chiqarish uchun foydalanish mumkinligi ayon bo‘lgan material va uskunalarni, kontrabanda qilganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 20-noyabrdagi 30-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
d) jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan yoki jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilgan va jazoning o‘talmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qo‘llanilmaydi.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan “d” kichik band bilan to‘ldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Sudlarga tushuntirilsinki, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish chog‘ida mahkumning zimmasiga JK 73-moddasi beshinchi qismidagi majburiyatlar yetarli asoslar mavjud bo‘lgan taqdirdagina yuklanishi mumkin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
5. JK 74-moddasiga muvofiq ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash yoki axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan shaxsga nisbatan sud jazoning o‘talmagan qismini yengilroq jazo turi bilan almashtirishi mumkin. Buning uchun mahkum tomonidan jazoning qonunda belgilangan qismi haqiqatda o‘talganligi, mazkur jazo turi uchun o‘rnatilgan tartib-qoida talablarining bajarilganligi va mehnatga halol munosabatda bo‘lganligi asos bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Shuni nazarda tutish lozimki, JK 74-moddasi to‘rtinchi qismiga ko‘ra, ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosining o‘talmagan qismini axloq tuzatish ishlari bilan almashtirilganda, u ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosining o‘talmagan qismi muddatiga tayinlanadi. Ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash, axloq tuzatish ishlarining o‘talmagan qismi jarima jazosi bilan almashtirilganda esa, sudlar JK 44-moddasining uchinchi qismi yoki 82-moddasi ikkinchi qismi qoidalariga rioya etishlari va bunda jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqishlari lozim.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
6. Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish instituti JK 74-moddasiga muvofiq jazosi yengilroq jazo turi bilan almashtirilgan shaxslarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, mahkum tomonidan yengilroq jazoning JK 73-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga binoan, mazkur jazo ijrosi boshlangan kundan hisoblanadigan muayyan muddati amalda o‘talganidan so‘ng u jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi mumkin.
7. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, ular nafaqat mahkumlarni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishni asossiz ravishda rad etishga, balki asossiz ravishda jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishga ham yo‘l qo‘ymasliklari lozim.
Sud qonunda nazarda tutilmagan asoslar, jumladan, oldingi jinoyatlari uchun sudlanganlik holati mavjudligi, tayinlangan jazo yengilligi, mahkum aybiga iqror emasligi, muayyan jazoni ijro etish muassasasida qisqa vaqt mobaynida bo‘lganligi va h.k. bo‘yicha jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishni rad etishga haqli emas. Sodir etilgan jinoyat xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi (uning og‘irligi va oqibatlari) ham iltimosnoma yoki taqdimnomani rad etish uchun asos bo‘lmaydi, chunki bu holatlar jazo tayinlangan vaqtda inobatga olingan bo‘lib, bundan tashqari, JK 73, 74, 89 va 90-moddalarida nazarda tutilgan muddatlar belgilanishi mezoni hisoblanadi.
Mahkumda jazoni ijro etish davrida qo‘llanilgan ta’sir choralarining mavjudligi, o‘z-o‘zidan, uning tayinlangan jazoni o‘tashni davom ettirishi zarurligidan dalolat bermaydi. Mazkur masalani hal etishda, har doim, nafaqat bevosita iltimosnoma kiritilishi arafasida, balki jazoni o‘tashning butun davrida mahkum tomonidan yo‘l qo‘yilgan har bir tartib-buzarlikning muayyan holatlari, og‘irligi va xususiyati, ta’sir choralari olib tashlanishi yoki tugallanishiga oid ma’lumotlar, oxirgi ta’sir chorasi qo‘llanilganidan so‘ng o‘tgan vaqt, mahkumning keyingi xulq-atvori va uni tavsiflovchi boshqa ma’lumotlar inobatga olinishi lozim.
8. Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishga oid masalani hal etishda sud jazoning o‘talmagan qismini JK 72-moddasi tartibida shartliga almashtirishga haqli emas. Bunda sud, faqat, iltimosnomani qanoatlantirishi yoki rad etishi mumkin.
Agar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishga oid iltimosnoma sudga kelib tushgandan so‘ng mahkumni jazodan ozod qilishni yoki unga nisbatan tayinlangan jazoni qisqartirishni (kamaytirishni) nazarda tutuvchi amnistiya akti e’lon qilinsa, sud muhokamasi boshlanganidan qat’iy nazar, sud iltimosnomani ko‘rmasdan qoldiradi va bu haqda jazoni ijro etuvchi organga xabar beradi.
9. Qo‘shimcha jazo tayinlangan mahkumni asosiy jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish chog‘ida, sudlar mahkumni o‘talmagan qo‘shimcha jazodan ozod qilish to‘g‘risidagi masalani ham muhokama qilishlari lozim (JK 73-moddasi birinchi qismi).
Qo‘shimcha jazo qisman o‘talganda, sud shaxsni qo‘shimcha jazoning qolgan qismidan to‘liq yoki qisman ozod qilishga oid masalani hal etishga haqli. Sudning mazkur masalaga oid qarori ajrimning qaror qismida bayon etilishi lozim.
Agar mahkum asosiy jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinib, qo‘shimcha jazodan ozod qilish to‘la yoki qisman rad etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha jazodan ozod qilish to‘g‘risida takroran qo‘yilgan masala JIK 164-moddasi beshinchi qismida belgilangan muddatlarga rioya etilgan holda ko‘rib chiqilishi mumkin.
10. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, JPK 536-moddasi birinchi qismiga muvofiq, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishga oid masala, jinoyat ishi qaysi sudlovga tegishliligidan qat’iy nazar, mahkum jazoni o‘tayotgan jazoni o‘tash muassasasi yoki jazoni ijro etuvchi organ (bundan buyon matnda-jazoni ijro etuvchi organ) joylashgan joydagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi, harbiy sudi sudyasi tomonidan yakka tartibda hal etiladi.
Agar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishga oid (jumladan, sud qarori bekor qilinib, ish yangitdan sudda ko‘rishga yuborilganda) iltimosnoma sudga kelib tushgandan so‘ng mahkum boshqa jazoni o‘tash muassasasiga o‘tkazilgan bo‘lsa, material shu muassasa joylashgan joydagi sudda ko‘riladi. Bunday hollarda sud iltimosnoma va taqdim etilgan materiallarni darhol mahkum jazoni o‘tayotgan joydagi sudga yuborishi shart.
Mahkum tergov harakatlari yoki sud muhokamasiga jalb etilishi munosabati bilan vaqtincha tergov hibsxonasiga o‘tkazilganda, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishga oid iltimosnoma mahkum tergov hibsxonasiga o‘tkazilgunga qadar saqlangan jazoni ijro etuvchi organ joylashgan joydagi sudga yuborilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Jazoni ijro etuvchi organning jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishga oid taqdimnomasini o‘z ish yurituviga qabul qilish masalasini hal etishda, sudya u JIK 164-moddasi ikkinchi qismi talablariga javob berish-bermasligini va taqdim etilgan materiallarda mahkumning xulq-atvorini, uning butun jazoni o‘tash davrida mehnatga va o‘qishga nisbatan bo‘lgan munosabatini tavsiflovchi ma’lumotlar, mahkumning jazo o‘tashi uchun asos bo‘lgan hujjatlar nusxalari, jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar to‘liq yoki qisman qoplanganligi, mahkum muqaddam JK 73 va 74-moddalariga asosan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinganligi yoki jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilganligi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar mavjud-mavjud emasligini tekshirishi lozim.
(11-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Agar taqdim etilgan materiallarda taqdimnomani ko‘rib chiqish uchun yetarli ma’lumotlar mavjud bo‘lmay, ularni sud majlisida to‘ldirishning iloji bo‘lmasa, sudya taqdimnomani ko‘rishga tayyorlash davomida o‘zining ajrimi bilan mazkur materiallarni tegishli tarzda rasmiylashtirish uchun qaytaradi.
Sudya mahkumning, uning qonuniy vakili, shuningdek, advokatning jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishga oid iltimosnomasini qabul qilishni jazoni ijro etuvchi organ taqdim etishi shart bo‘lgan hujjatlar yo‘qligi sababli rad etishga haqli emas. JIK 164-moddasi birinchi va uchinchi qismlari mazmuniga ko‘ra, bunday hollarda iltimosnoma nusxasi lozim darajada rasmiylashtirilgan materiallar keyinchalik sudga taqdim etilishi uchun jazoni ijro etuvchi organga yuboriladi.
Mahkumning yoki jazoni ijro etuvchi organ vakilining iltimosiga ko‘ra, sudya ularga mahkum yoki jazoni ijro etuvchi organ tomonidan olinishi yoki talab qilinishi mumkin bo‘lmagan ma’lumotlarni to‘plashda ko‘maklashishi mumkin.
12. Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishga oid iltimosnoma advokat tomonidan JIK 164-moddasiga muvofiq berilgan hollarda, u sud tomonidan umumiy asoslarda mazmunan ko‘rib chiqilishi lozim.
13. Sudya mahkum, uning qonuniy vakili, advokat jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish to‘g‘risida JK 73, 74, 89 va 90-moddalarida ko‘rsatilgan muddatlar qismi haqiqatda o‘talmasdan turib iltimosnoma bilan murojaat etganligini aniqlaganda, iltimosnomani qabul qilishni rad etish to‘g‘risida ajrim chiqaradi va uni ariza egasiga qaytaradi. Mazkur shaxslar jazo muddatining qonunda belgilangan qismi mahkum tomonidan o‘talgandan so‘ng qayta iltimosnoma bilan murojaat qilishga haqlidirlar.
14. Agar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish rad etilgan mahkumga nisbatan tegishli iltimosnoma takroran sudga JIK 164-moddasi beshinchi qismida belgilangan olti oylik muddatdan ilgari kelib tushsa, sudya iltimosnomani qabul qilishni rad etish to‘g‘risida ajrim chiqaradi va uni ariza egasiga qaytaradi. Bunda qonunda belgilangan olti oylik muddat sud tomonidan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishni rad etish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
15. Mahkum, uning qonuniy vakili, advokat yoki jazoni ijro etuvchi organ tomonidan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma sud majlisi tayinlangunga qadar chaqirib olinsa, sudya xat bilan iltimosnomani ularga qaytaradi. Agar iltimosnoma sud majlisi tayinlangandan keyin chaqirib olinsa, sudya ish yuritishni tugatish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Iltimosnoma chaqirib olinganligi munosabati bilan ish yuritish tugatilishi bunday iltimosnoma bilan keyinchalik, shu jumladan ish yuritishni tugatish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kundan olti oy o‘tmasdan turib, sudga murojaat qilishga to‘sqinlik qilmaydi.
16. Sudya jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish to‘g‘risidagi taqdimnoma (iltimosnoma) ko‘riladigan sana, vaqt va joy to‘g‘risida mahkum, uning qonuniy vakili, advokat, shuningdek jazoni ijro etuvchi organ ma’muriyati va prokurorni oldindan xabardor etishi lozim.
Sud majlisida jazoni ijro etuvchi organ vakili sifatida mazkur organ rahbari tomonidan berilgan ishonchnoma asosida tegishli vakolatga ega shaxs ishtirok etishi mumkin.
Sudya jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rish paytida sud majlisida mahkumning shaxsan ishtirokini ta’minlashi shart.
17. Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish to‘g‘risidagi taqdimnoma (iltimosnoma)ni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud majlisi taqdimnoma (iltimosnoma)ni o‘qib eshittirish bilan boshlanadi. Shundan keyin sud masalani hal qilish uchun ahamiyatli bo‘lgan holatlarni tekshirib chiqadi, sud majlisida hozir bo‘lgan shaxslar va prokurorning fikrini eshitadi. Mahkum va uning himoyachisi eng oxirida so‘zga chiqadi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
18. Sud ajrimi qonuniy bo‘lishi, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish to‘g‘risidagi taqdimnoma (iltimosnoma)ni ko‘rib chiqish natijasida sud chiqargan xulosalar batafsil asoslab berilgan bo‘lishi shart. Taqdimnoma (iltimosnoma) rad etilganda sud ajrimida jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish imkoniyatini istisno etuvchi faktik holatlar aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi shart. Bunday holatlar mavjudligi to‘g‘risidagi xulosalar sud majlisida tekshirilmagan ma’lumotlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish to‘g‘risidagi taqdimnoma (iltimosnoma) qanoatlantirilganda, sudya mahkumga, tegishlicha, JK 73-moddasining o‘ninchi qismida yoki JK 74-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarni tushuntirishi shart bo‘lib, bu haqda ajrimning qaror qismi va sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatilishi lozim.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
20. Sud tomonidan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda, mahkum ozodlikdan mahrum qilish joylaridan jinoyat-ijroiya qonunida belgilangan tartibda ozod etiladi.
Taqdimnoma (iltimosnoma)ni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha ajrim nusxasini sud darhol jazoni ijro etuvchi organga, ariza egasiga, hukm chiqargan sudga, shuningdek ichki ishlar organlarining axborot markaziga yuborishi lozim.
21. Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxs jazoning o‘talmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etsa, sud, shartli muddat o‘tgan yoki o‘tmaganligidan qat’iy nazar, JK 60-moddasi tartibida uzil-kesil jazo tayinlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
22. JK 75-moddasi birinchi qismiga muvofiq, shaxs hukm chiqarilgandan keyin o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan va boshqara olmaydigan darajada ruhiy holati buzilganda, shuningdek, jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan boshqacha og‘ir kasallikka chalinib qolsa, jazoni o‘tashdan ozod qilinishi lozim.
(22-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Qonunning mazkur normasi asosida mahkumni jazoni o‘tashdan ozod qilish uchun u kasallikka chalinganligi aniqlangan paytga qadar sud tomonidan tayinlangan jazoning qancha qismini o‘taganligi ahamiyatga ega emas.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Sudlar mahkumni ruhiy holati buzilganligi munosabati bilan jazoni o‘tashdan ozod qilishga oid materiallarni ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 2008-yil 12-dekabrdagi 23-sonli qarorida bayon etilgan tushuntirishlarga amal etishlari lozim.
(23-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
24. JK 75-moddasining birinchi qismi mazmuniga ko‘ra, shaxsni og‘ir kasallikka chalinganligi munosabati bilan jazoni o‘tashdan ozod qilish masalasini hal etishda mahkumda tayinlangan jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan kasallikning aniqlanishi hal etuvchi ahamiyatga ega.
Jazoni ijro etuvchi organning tegishli taqdimnomasini ko‘rishda, sud O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2008-yil 9-sentabrda 1854-son bilan ro‘yxatga olingan Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2008-yil 13-avgustdagi 12/9-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Og‘ir kasallikka chalingan mahkumlarni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar ro‘yxati” asosida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi maxsus tibbiy komissiyasining xulosasiga baho beradi.
25. Jazoni ijro etuvchi organning mahkumni og‘ir kasallikka chalinganligi munosabati bilan jazoni o‘tashdan ozod qilish to‘g‘risidagi taqdimnomasini o‘z ish yurituviga qabul qilishga oid masalani hal etishda, sudya u JIK 165-moddasi ikkinchi qismi talablariga javob berish-bermasligini va taqdim etilgan materiallarda mahkumning jazo o‘tashi uchun asos bo‘lgan hujjatlar nusxalari, mahkumning kasalligini tavsiflovchi batafsil ma’lumotlar, shu jumladan, tibbiy komissiya xulosasi mavjud-mavjud emasligini tekshirishi lozim.
Sudya mahkumni og‘ir kasallikka chalinganligi munosabati bilan jazoni o‘tashdan ozod qilish to‘g‘risidagi taqdimnomani qabul qilishni JIK 165-moddasi birinchi qismiga muvofiq taqdim etilishi shart bo‘lgan hujjatlar (tibbiy komissiya xulosasi, mahkumning shaxsiy ishi) yo‘qligi sababli rad etishga haqli emas. Bunday hollarda sud jazoni ijro etuvchi organga tegishli materiallarni sudga darhol taqdim etish to‘g‘risida so‘rovnoma yuborishi lozim.
26. Intizomiy qismga jo‘natish yoki xizmat bo‘yicha cheklash tariqasidagi jazoni o‘tayotgan va sog‘ligi holati tufayli harbiy xizmatga noloyiq deb topilgan mahkum harbiy xizmatchilar JK 75-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq sud tomonidan jazodan ozod etiladilar.
Jazoni ijro etuvchi organning harbiy xizmatchilarni jazoni o‘tashdan ozod qilish to‘g‘risidagi taqdimnomasi ular harbiy xizmatga noloyiq deb topilganligi to‘g‘risidagi tegishli harbiy-tibbiy komissiyasining xulosasi asosida kiritiladi. Xizmat bo‘yicha cheklash tariqasidagi jazoni o‘tayotgan ayol harbiy xizmatchilar, shuningdek, homiladorlik va tug‘ish uchun ta’til berilganligi munosabati bilan ham jazodan ozod etiladilar.
27. JK 75-moddasining beshinchi qismiga muvofiq axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tash davrida mehnat qobiliyatini yo‘qotgan yoki pensiya yoshiga yetgan shaxslar, shuningdek, bunday jazoni o‘tash davrida homiladorlik va tug‘ish uchun ta’til berilgan ayollar jazodan ozod etiladilar.
Mahkumni mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi munosabati bilan jazodan ozod qilish to‘g‘risidagi taqdimnoma jazoni ijro etuvchi organ tomonidan tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining xulosasi asosida, jazoni o‘tash davrida homiladorlik va tug‘ish uchun ta’til berilgan ayollarni jazodan ozod qilish to‘g‘risidagi taqdimnoma esa, bunday ta’til berilishi uchun huquq beruvchi tibbiy hujjat asosida kiritiladi,
28. Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish, kasallikka chalinganligi yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi munosabati bilan jazodan ozod qilishga oid materiallarni sud tomonidan ko‘rib chiqish muddatlari qonunda tartibga solinmaganligi tufayli, sudlar ular kelib tushgan paytdan boshlab o‘n sutka mobaynida ko‘rib chiqilishini ta’minlashlari lozim (JPK 590-moddasi ikkinchi qismiga analogiya).
Oldingi tahrirga qarang.
29. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, jazoni ijro etuvchi organ rahbari, shuningdek, uning vakili sudning JPK 534 yoki 536-moddasiga muvofiq chiqarilgan ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqiga ega emas, chunki qonunga (JPK 56-bobi) ko‘ra, sud qarori ustidan shikoyat (protest) berish huquqi mahkumga, uning qonuniy vakiliga, advokatga, prokurorga, shuningdek, jabrlanuvchi va uning qonuniy vakiliga (vakiliga) tegishli.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
30. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishga oid qonunlarni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotini muntazam umumlashtirishlari, bunday toifaga oid materiallar bo‘yicha sud qarorlarining qonuniy va asoslantirilganligini sinchiklab tekshirishlari, qonun buzilishi holatlarini o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rishlari lozim.
(30-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oliy sud raisi Sh. GAZIYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi D. KAMILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 27-dekabr,
28-son