Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish kiritish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-iyundagi 428-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish, shuningdek baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 12-dekabrdagi PF-5278-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 12-dekabrdagi PQ-3430-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida” 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-son qaroriga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida” 2016-yil 23-sentabrdagi PQ-2610-son qarorini bajarish yuzasidan hamda mahalliy budjetlar daromadlarini yanada optimallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 14-dekabrdagi 358-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 12-son, 107-modda) bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 13-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“13. Tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan koʻrsatilayotgan roʻyxatga kiritilgan davlat xizmatlari uchun tushadigan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar mablagʻlari summasi, qonun hujjatlarida belgilangan holatlardan tashqari, “yagona darcha” markazlari daromadlariga tegishli gʻaznachilik boʻlimlari tomonidan maxsus ochilgan hisob raqamlariga oʻtkaziladi hamda faqat “yagona darcha” markazlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, xodimlari mehnatiga haq toʻlashga va ularni ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.
“Yagona darcha” markazlari daromadlariga oʻtkaziladigan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar mablagʻlari miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadi”.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, moliya vaziri R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 21-oktabr,
357-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 43-son, 501-modda)