O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Meva-sabzavot mahsulotlarini tayyorlash va g‘amlash korxonalari uyushmasi — “O‘zbekoziqovqatzaxira”ni tashkil etish to‘g‘risida
Ichki iste’mol bozorini, eng avvalo qish-bahor davrida yangi meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum bilan barqaror ta’minlab turish uchun shunday mahsulotlarni tayyorlash va g‘amlash tizimini yanada takomillashtirish, zamonaviy saqlash texnologiyalarini joriy etish, omborxona xo‘jaligi va sovutish omborlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish asosida mahsulotlar nobudgarchiligini har tomonlama kamaytirish maqsadida:
1. “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi qatnashchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasini meva-sabzavot mahsulotlarini tayyorlash va g‘amlash korxonalari uyushmasi — “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi etib qayta tashkil qilish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Quyidagilar “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi faoliyatining asosiy vazifa va yo‘nalishlari etib belgilansin:
talab-ehtiyojni chuqur o‘rganish asosida, yangi meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum bilan ichki iste’mol bozorini uzluksiz to‘ldirib borish va narx-navo barqarorligini ta’minlash maqsadida ularni qish-bahor davriga g‘amlab qo‘yish uchun fermer va dehqon xo‘jaliklaridan, agrofirmalardan shunday mahsulotlarni xarid qilish shartnomalarini tuzish;
qish-bahor davriga g‘amlab qo‘yiladigan yangi meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumning yaxshi saqlanishini tashkillashtirish, ularni saqlash vaqtida nobudgarchiliklarni kamaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, mahsulotni xarid qilish va yetkazib berishda zamonaviy logistika tizimini keng joriy qilish;
respublika shaharlarida yangi meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum sotish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan yarmarka savdolarini doimiy asosda o‘tkazib turish;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni keng ko‘lamda jalb etish va uyushma tarkibiga kirgan korxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish ishlarini tashkil qilish, meva-sabzavot mahsulotlari saqlanadigan maxsus omborxonalar va sovutish kameralari qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalashni ta’minlash, ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash;
olis va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida yashovchi aholini ijtimoiy ahamiyatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ishonchli va uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish;
uyushma tarkibiga kirgan korxonalar mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish.
3. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tugatilayotgan “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasining shartnomalari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-oktabrdagi PQ-3344-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.10.2017-y., 07/17/3344/0152-son)
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Sh. Mirziyoyev) bir oy muddatda puxta tanlov asosida “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasining ijro etuvchi apparatini tasdiqlangan tuzilma va shtat jadvaliga muvofiq yuqori malakali mutaxassislar bilan butlasin.
6. “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi bir oy muddatda muassislarning umumiy yig‘ilishini o‘tkazib, uning ustavini tasdiqlasin hamda uni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etsin.
7. “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 25-uyga joylashtirilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasining tuzilmasini isloh qilish va faoliyat samaradorligini oshirish to‘g‘risida” 2011-yil 30-martdagi PQ-1514-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 8-aprel,
PQ-2517-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 15-son, 144-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.10.2017-y., 07/17/3344/0152-son)