O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
BARTER ASOSIDA AMALGA OSHIRILADIGAN EKSPORT-IMPORT OPERATSIYALARI BO‘YICHA TARTIB BUZILISHLARI VA SUIISTE’MOLLIKLARGA CHEK QO‘YISH TO‘G‘RISIDA
Jahon bozoridagi ahvolni o‘rganish va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi ro‘yxatga olgan amaldagi barter shartnomalarini tahlil qilish tovar ayirboshlash operatsiyalari asosida yetkazib berilayotgan va xarid qilinayotgan tovarlarning qiymat jihatdan tengligi qo‘pol ravishda buzilayotganligidan dalolat beradi. Ko‘pgina hollarda O‘zbekistondan yetkazilib berilayotgan strategik mahsulot va xomashyo: paxta tolasi, rangli metallar, azot va fosfat o‘g‘itlarining narxi yashirincha arzonlashtirilganligi hisobiga respublikaga gilamlar, sigaretalar, spirtli ichimliklar va shu singari mollar oshirilgan narxda olib kelinmoqda.
Bunday barter operatsiyalarini amalga oshirishda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining manfaatdorligi ularning soliqlarni to‘lashdan o‘zlarini chetga olish, ba’zan valyutada olingan foydaning bir qismini yashirish, jumladan qonunni buzib, O‘zbekiston iqtisodiyoti, korxona va xo‘jalik mehnat jamoasining manfaatlariga ziyon yetkazgan holda eng ko‘p foyda olish istagi bilan ham rag‘batlantirilmoqda.
Bularning hammasi O‘zbekistonning eksport xomashyo zaxiralaridan nooqilona foydalanishiga, tashqi bozorlarda ularning narxi keskin pasayishiga, respublikaga valyuta tushumlari cheklanishiga va jiddiy suiiste’molliklarga olib keladi.
Yuqorida bayon etilganlar munosabati bilan:
1. 1993-yilning 16-iyulidan valyutasiz asosda eksport-import barter operatsiyalarini amalga oshirish uchun shartnomalar tuzish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilab qo‘yilsinki, barter asosida eksport-import operatsiyalari Vazirlar Mahkamasining qarorlariga ko‘ra hukumatlararo bitimlar doirasida amalga oshirilishi mumkin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-apreldagi PF-105-sonli Farmoniga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 06/22/105/0304-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 27-oktabrdagi PF-4374-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2011-y., 43-44-son, 461-modda)
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
o‘n kun muddat ichida barter operatsiyalari bo‘yicha respublikaga olib kelinadigan tovarlar va mahsulot ro‘yxatini aniqlasin. Ular yuzasidan shartnomalar tuzish tartibini va bajarilishi bo‘yicha nazoratni belgilasin;
o‘n kun ichida amaldagi barter shartnomalarini tugallash tartibini belgilasin;
bir oy muddat davomida hukumatning ilgari qabul qilingan qarorlarini ushbu Farmonga muvofiqlashtirilsin.
4. Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining rahbarlari mazkur Farmon qoidalari og‘ishmay bajarilishini ta’minlovchi zarur choralar ko‘rsinlar.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 9-iyul,
PF-616-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 06/22/105/0304-son)