Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishga shartnomalarni Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-oktabrdagi 787-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlar tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 31-iyuldagi PQ-3166-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining “2015-yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 13-martdagi 59-son qaroriga muvofiq, shuningdek shartnomalarni Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasida roʻyxatdan oʻtkazish mexanizmini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-maydagi 117-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 5-son, 43-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishga shartnomalarni Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 22-fevral,
47-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 22-fevraldagi 47-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishga shartnomalarni Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. 6-bandning toʻrtinchi xatboshiga “(eksport kontraktini yoki unga qoʻshimcha bitimni roʻyxatdan oʻtkazishda ariza beruvchi kichik tadbirkorlik subyekti hisoblangan hollar bundan mustasno).
2. 12-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“12. Shartnomani, eksport kontraktini yoki qoʻshimcha bitimni roʻyxatdan oʻtkazishda Direksiya tomonidan oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishga va eksport qilishga shartnomalar (kontraktlar) tuzishda xoʻjalik subyektlariga koʻmak berish boʻyicha xizmatlar uchun toʻlov kunida Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida vositachilik haqi undiriladi.
Agar ariza beruvchi kichik tadbirkorlik subyekti hisoblangan taqdirda:
shartnomani yoki unga qoʻshimcha bitimni roʻyxatdan oʻtkazishda vositachilik haqi toʻlov kunida Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida undiriladi;
eksport kontraktini yoki unga qoʻshimcha bitimni roʻyxatdan oʻtkazishda vositachilik haqi undirilmaydi.
Vositachilik haqi shartnoma (eksport kontrakti) tomonlaridan biri yoki boʻysunish tartibida yuqori turuvchi organ tomonidan toʻlanadi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 8-son, 78-modda)