Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Vengriya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bayonnoma
Ikkiyoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik va daromad hamda kapital soliqlarini toʻlashdan bosh tortishning oldini olish toʻgʻrisida 2008-yil 17-apreldagi Konvensiyaga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Vengriya Hukumati,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Vengriya Respublikasi Hukumati oʻrtasida ikkiyoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik va daromad hamda kapital soliqlarini toʻlashdan bosh tortishning oldini olish toʻgʻrisida 2008-yil 17-apreldagi Konvensiyaga (keyingi oʻrinlarda “Konvensiya” deb nomlanadi) muvofiq,
Ahdlashuvchi Davlatlarning Konvensiyaga oʻzgartishlar kiritish istagini eʼtiborga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Konvensiyaning 27-moddasi quyidagi tahrirdagi matnga almashtirilsin:
“27-modda. Maʼlumotlar almashish
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari Ahdlashuvchi Davlatlar yoki mahalliy hokimiyat organlari nomidan undiriladigan har qanday turdagi va tavsifdagi soliqlarga oid boʻlgan, mazkur Konvensiya qoidalarini bajarish yoxud milliy qonunchilikni amalga oshirish yoki qoʻllashga tegishli hisoblanuvchi hamda bunday soliqqa tortish mazkur Konvensiyaga zid boʻlmagan holatlardagina maʼlumotlar bilan almashadilar.
Maʼlumot almashinuvi mazkur Konvensiyaning 1- va 2-moddalari bilan cheklanmaydi.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan biri tomonidan 1-bandga muvofiq olingan har qanday maʼlumot mazkur Davlatning milliy qonunchiligiga muvofiq olingan maʼlumot qanchalik maxfiy boʻlsa, xuddi shunday maxfiy hisoblanadi hamda faqatgina 1-bandda eslatib oʻtilgan soliqlarga nisbatan baholash yoki yigʻish, majburiy undirish yoxud sud taʼqibi yoki apellatsiyani koʻrib chiqish hamda koʻrsatib oʻtilganlarning barchasini nazorat qilish bilan shugʻullanuvchi organ (sud va maʼmuriy organlar bilan birga) va shaxslarga oshkor qilinishi mumkin. Bunday shaxs yoki organlar mazkur maʼlumotdan faqatgina koʻrsatib oʻtilgan maqsadlarda foydalanishlari lozim. Ular bunday maʼlumotni ochiq sud majlisi yoki sud qarorlarida oshkor etishlari mumkin.
3. Har qanday holatda ham 1- va 2-bandlar qoidalari Ahdlashuvchi Davlatlarga quyidagi, majburiyatlarni yuklovchi meʼyor sifatida talqin qilinmasligi lozim:
a) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligi yoki maʼmuriy amaliyotiga zid boʻlgan maʼmuriy tadbirlar oʻtkazish;
b) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligi yoki odatdagi maʼmuriy amaliyotiga muvofiq olinishi mumkin boʻlmagan maʼlumotni taqdim etish;
c) savdo, tadbirkorlik, sanoat, tijorat yoki kasb sirini yoxud savdo jarayonini yoki oshkor etilishi jamoat tartibiga (ordre public) zid boʻlgan maʼlumotni taqdim etish.
4. Agarda maʼlumot bir Ahdlashuvchi Davlat tomonidan ushbu moddaga muvofiq soʻralgan boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Davlat bunday maʼlumotga oʻz soliq maqsadlari uchun ehtiyoj mavjud boʻlmasa ham soʻralayotgan maʼlumotni yigʻish boʻyicha tegishli choralarni koʻrishi lozim. Avvalgi jumlada nazarda tutilgan majburiyat 3-band qoidalariga muvofiq cheklangan boʻlib, biroq bunday cheklovlar hech qaysi bir holatda Ahdlashuvchi Davlatga faqatgina ichki manfaatlar mavjud emasligi sababli maʼlumot taqdim etishni rad qilish uchun ijozat beruvchi sifatida talqin qilinmasligi lozim.
5. Hech qaysi bir holatda 3-band qoidalari maʼlumot faqatgina bank, boshqa moliya muassasasi, nominal egalik qiluvchi yoxud agent yoki ishonchli boshqaruvchi sifatida harakat qilayotgan shaxsning tasarrufida ekanligi sababli uni taqdim etishni rad qilish uchun Ahdlashuvchi Davlatga ijozat beruvchi sifatida talqin qilmasligi lozim”.
2-modda
Ikkala Ahdlashuvchi Davlat diplomatik kanallar orqali mazkur Bayonnomaning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan protseduralarning bajarganligi toʻgʻrisida oʻzaro bir-birini xabardor qiladi. Mazkur Bayonnoma bunday xabarnomalarning oxirgisi olinganidan soʻng oʻttizinchi kundan kuchga kiradi hamda Bayonnoma kuchga kirgan yildan keyingi yilning 1-yanvaridan yoki 1-yanvaridan soʻng boshlanadigan soliq yillariga yoki tadbirkorlik yillariga taalluqli maʼlumotga nisbatan amal qiladi.
3-modda
Mazkur Bayonnoma Konvensiyaning ajralmas qismi hisoblanadi va Konvensiyaning amal qilishi tugagan sanadan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Tegishli tartibda oʻz hukumatlari tomonidan vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib, mazkur Bayonnomani imzoladilar.
Budapesht shahrida 2014-yil 25-noyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, venger va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Mazkur Bayonnoma qoidalarini talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda ingliz tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)