Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 3-fevralda 2758-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 22-iyundagi 14/12-sonli “Tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror va unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2758-3, 16.07.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2016-yil 16-yanvar,
1/10-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2016-yil 16-yanvardagi 1/10-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 28-iyuldagi PF–4232-son “Taʼlim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga milliy valyutada mikrokredit berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun davlat roʻyxatidan oʻtgan yoki yuridik shaxs ustav fondida (ustav kapitalida) 50 foiz yoki undan ortiq aksiyaga (ulushga) ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi kasb-hunar kollejlarida oʻqishni yakunlagan kunidan boshlab 3 yildan ortiq vaqt oʻtmagan bitiruvchilar kreditlash subyektlari (bundan buyon matnda qarz oluvchi deb yuritiladi) hisoblanadi.
2. “Mikrokreditbank” ATB hamda davlat maqsadli jamgʻarmalari kredit liniyalari hisobidan imtiyozli mikrokreditlar berish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
3. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun mikrokreditlar banklar tomonidan toʻlovlilik, muddatlilik hamda pul mablagʻlarini muayyan maqsadda ishlatish va qaytarish shartlari asosida beriladi.
4. Mikrokredit:
yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat yuritayotgan qarz oluvchilarga — eng kam oylik ish haqining 200 baravarigacha;
yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yuritayotgan qarz oluvchilarga — eng kam oylik ish haqining 300 baravarigacha miqdorda qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz beriladi.
5. Mikrokredit qarz oluvchiga kredit ajratilayotgan loyihaning oʻzini-oʻzi qoplashi hisobga olingan holda:
faoliyatni boshlash uchun aylanma mablagʻlarni shakllantirishga, investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqishga — 12 oy muddatgacha;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni tashkil etish uchun aylanma mablagʻlarini toʻldirishga, shuningdek asbob-uskunalarni sotib olishga — 2 yil muddatgacha;
investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun — 3 yildan ortiq muddatga beriladi.
6. Mikrokreditlar qarz oluvchilarga quyidagi maqsadlar uchun beriladi:
urugʻliklar, mineral oʻgʻitlar va oʻsimliklarni kimyoviy himoya qilish vositalarini sotib olish, chorvachilik, quyon boqish, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha koʻrsatiladigan texnik xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish;
yengil konstruksiyali va muqobil yoqilgʻi manbalari hisobiga ishlaydigan issiqxonalarni qurish, meva-sabzavotchilikda ishlatiladigan qishloq xoʻjalik texnikalari va mexanizmlarini sotib olish;
bevosita ishlab chiqarish sohasi — mahsulotlar ishlab chiqarish, xomashyo va materiallarni tubdan qayta ishlash, hunarmandchilikni rivojlantirish, kasanachilik mehnatini tashkil etish, binokorlik materiallari ishlab chiqarish va qurish;
xizmatlar koʻrsatish va servis sohasini rivojlantirish — aholiga maishiy, tibbiy, sayyohlik-ekskursiya va mehmonxona xizmati koʻrsatish, avtomobillar va boshqa texnikalarni taʼmirlash boʻyicha xizmat koʻrsatish, transport xizmati koʻrsatishni rivojlantirish;
yangi bogʻ va tokzorlarni barpo etish, ilgʻor zamonaviy texnologiyalarni, shu jumladan tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish.
Mikrokreditlar mazkur bandning ikkinchi — beshinchi xatboshilarida koʻrsatilgan maqsadlar uchun 6 oylik, oltinchi xatboshisida koʻrsatilgan maqsadlar uchun 12 oylik imtiyozli davr bilan beriladi.
7. Mikrokredit boʻyicha imtiyozli davr muddati shartnomaga asosan uzaytirilishi mumkin.
8. Mikrokreditlar mazkur Nizomning 6-bandida koʻrsatilmagan maqsadlar uchun berilmaydi.
9. Mikrokreditdan foydalanganlik uchun foiz stavkasi miqdori Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi darajasidan yuqori boʻlmagan miqdorda, bankning imtiyozli kreditlash jamgʻarmasi hisobidan mikrokredit ajratilgan taqdirda Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Mikrokreditlar boʻyicha foiz stavkasi miqdori Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi oʻzgarishiga qarab oʻzgarishi mumkin. Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi oshirilgan taqdirda shartnomada koʻrsatilgan foiz stavkasi oʻzgarishsiz qoldiriladi.
10. Imtiyozli davr oʻrnatilgan holda berilgan mikrokredit boʻyicha asosiy qarzni toʻlash imtiyozli davr tugagandan keyingi oydan boshlanadi. Imtiyozli davrda mikrokredit boʻyicha faqat foizlar hisoblanadi va toʻlanadi.
11. Zarar koʻrib ishlayotgan, nolikvid balansga ega boʻlgan qarz oluvchilarga mikrokredit berilmaydi, ilgari berilgan mikrokreditni esa, belgilangan tartibda muddatidan oldin undirib olish choralari koʻriladi.
2-bob. Mikrokredit berish boʻyicha buyurtma berish va mikrokreditni rasmiylashtirish
12. Qarz oluvchilar mikrokredit olish uchun bankka buyurtma taqdim etadi. Buyurtmada “Mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasida koʻrsatilgan talablarga muvofiq rasmiylashtirilishi lozim.
13. Buyurtmaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
qarz oluvchining bank hisobvaragʻiga pul tushumlari (pul oqimi) prognozi koʻrsatilgan biznes-reja;
qarz oluvchining tegishli davlat soliq inspeksiyasiga taqdim qilgan oxirgi hisobot davri uchun buxgalteriya balansi (1-son shakl), 90 kundan ortiq muddatdagi qarzlarga doir solishtirish dalolatnomalari, moliyaviy natijalar toʻgʻrisida hisobot (2-son shakl), yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat yuritayotgan dehqon xoʻjaliklari bundan mustasno;
qarz oluvchiga tegishli kasb-hunar kolleji diplomining notarial tasdiqlangan nusxasi;
Keyingi tahrirga qarang.
tegishli kredit taʼminoti turlaridan biri.
14. Qarz oluvchilar buyurtmani axborot tizimi orqali elektron shaklda berishlari mumkin.
15. Qarz oluvchi tomonidan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida quyidagi kredit taʼminoti turlaridan biri taqdim etiladi:
mol-mulk va qimmatli qogʻozlar garovi;
bank yoki sugʻurta tashkilotining kafolati;
uchinchi shaxs kafilligi;
qarz oluvchi tomonidan olingan mikrokreditni qaytarmaslik xatarining bank foydasiga sugʻurta qilinganligi toʻgʻrisidagi sugʻurta polisi;
taʼminotning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa turlari.
16. Mikrokredit hisobiga sotib olingan mulk oʻz qiymatining 80 foizi miqdorida mazkur mikrokredit boʻyicha garov predmeti boʻlib xizmat qilishi mumkin.
17. Bank buyurtmani olganidan soʻng uch ish kuni ichida uni koʻrib chiqishi va mikrokredit berish yoki mikrokredit berishni asoslantirilgan holda rad etish haqida qaror qabul qilishi shart.
18. Buyurtma bank tomonidan koʻrib chiqilayotganda quyidagilarning tahlili amalga oshiriladi:
buyurtma beruvchining (qarz oluvchining) daromadlari yetarliligini aniqlash;
buyurtmada bayon etilgan maʼlumotlarning bir-biriga zid boʻlmasligi;
bank oldidagi majburiyatlarni buyurtma beruvchi (qarz oluvchi) tomonidan oʻz vaqtida bajarish imkoniyatining mavjudligi.
Mikrokredit berish asoslantirilgan holda rad etilgan taqdirda, bank buyurtma beruvchiga (qarz oluvchiga) bu haqda yozma shaklda maʼlum qilishi shart.
19. Buyurtmani koʻrib chiqish natijalariga koʻra mikrokredit berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, bank va qarz oluvchi oʻrtasida yozma shaklda shartnoma tuziladi hamda qarz oluvchi tomonidan taqdim etilayotgan kredit taʼminoti turi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
20. Bank va qarz oluvchi oʻrtasida tuziladigan shartnoma “Mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq rasmiylashtirilishi lozim.
3-bob. Mikrokreditlarni berish va soʻndirish
21. Shartnoma tuzilgandan hamda kreditning taʼminoti rasmiylashtirilgandan soʻng, qarz oluvchiga bank tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ssuda hisobvaragʻi ochiladi.
22. Mikrokredit qarz oluvchiga naqd pulsiz shaklda pul oʻtkazish yoʻli bilan beriladi.
23. Qarz oluvchilarga ajratilgan mikrokredit “Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarida buxgalteriya hisobi hisobvaraqlari rejasi”ning (roʻyxat raqami 773-17, 2004-yil 13-avgust) mos balans hisobvaraqlarida hisobga olinadi.
24. Mikrokreditni soʻndirish muddatlari jadval koʻrinishida shartnomaga ilova qilinadi.
25. Qarz oluvchining mikrokredit boʻyicha hisoblangan foizlar va kredit qoldigʻini toʻlash uchun mablagʻlari yetarli boʻlmagan taqdirda, qarzdorlik Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomada (roʻyxat raqami 2342, 2012-yil 15-mart) belgilangan tartibda undiriladi. Bunda dastlab kredit boʻyicha hisoblangan foizlar, soʻngra kredit boʻyicha asosiy qarz soʻndiriladi.
4-bob. Monitoring qilish
26. Banklar mikrokreditdan foydalanishning muddati davomida doimiy monitoring oʻtkazadi. Monitoring qarz oluvchining shartnoma shartlarini bajarishi uchun yordam koʻrsatishga yoʻnaltirilishi kerak.
27. Monitoring oʻtkazish jarayonida qarz oluvchining moliyaviy-xoʻjalik faoliyati, tuzilgan shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlarining bajarayotganligi, ishlab chiqarish hajmi, noishlab chiqarish xarajatlari va yoʻqotishlari, foydasi, aylanma mablagʻlari dinamikasi hamda tovar-moddiy boyliklar zaxirasi va boshqa muhim holatlar tahlil qilib boriladi.
28. Monitoring davomida qarz oluvchining faoliyati bilan bogʻliq barcha ijobiy va salbiy holatlar, shuningdek garov taʼminotining holati qarz oluvchi uchun bankda ochilgan maxsus jildda tizimlashtirib boriladi.
29. Qurilishni moliyalash uchun berilgan mikrokreditlar boʻyicha amalga oshiriladigan monitoring jarayonida bank tomonidan shartnomada belgilangan muddatlar va shartlarda bajarilgan ishlar hajmi va boshqa muhim masalalar oʻrganiladi.
30. Mikrokreditdan belgilangan maqsadlarda foydalanmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, bank qarz oluvchiga kelgusida kredit berishni rad etishga yoki kredit summasi va unga hisoblangan foizlarni muddatidan oldin qaytarib olishga hamda shartnomada belgilangan shartlar asosida jarima belgilashga haqlidir.
31. Qarz oluvchi mikrokredit boʻyicha asosiy qarzi va unga hisoblangan foizlarni shartnoma asosida toʻlashdan yoki garov shartnomasi shartlari asosida garov mulkini bank tasarrufiga berishdan bosh tortgan hollarda, bank tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan choralar koʻriladi.
32. Qarz oluvchining garov taʼminoti mikrokredit boʻyicha asosiy qarz va unga hisoblangan foizlarni qaytarishga yetmagan taqdirda, bank mazkur qarz boʻyicha undiruvni Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-dekabrdagi 422-sonli qarori bilan tasdiqlangan Banklarni kreditlari boʻyicha qarzdorlik oʻz vaqtida qaytarilmagan taqdirda undiruvni qarzdorlarning likvidli mol-mulkiga qaratish tartibiga muvofiq qarz oluvchining likvidli mol-mulki qaratishi mumkin.
5-bob. Yakuniy qoida
33. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 5-son, 43-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2017-y., 10/17/2758-1/0329-son; 09.02.2018-y., 10/18/2758-2/0678-son)