Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Ustaviga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-fevraldagi 108-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Banklarni kapitallashtirishni yanada oshirish va ularning investitsiya faolligini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2015-yil 26-oktabrdagi PQ-2420-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki toʻgʻrisida” 1993-yil 21-yanvardagi 45-son qarori bilan tasdiqlangan Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Ustavining 13-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“13. Bankning ustav fondi ustav fondini koʻpaytirishga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan toʻlangan mablagʻlar va Bank foydasini kapitallashtirish mablagʻlari hisobiga 79 000 000 000,00 (yetmish toʻqqiz milliard) soʻmni va Markaziy bankning mablagʻlar oʻtkazilgan kundagi kursi boʻyicha soʻmga ekvivalent boʻlgan 400 000 000,00 (toʻrt yuz million) AQSh dollarini tashkil qiladi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda ular oʻrtasida Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibda uy-joy qurish dasturini amalga oshirish doirasida maqsadli kredit liniyasi berish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomalarga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bank Ustaviga ushbu qarorga muvofiq kiritilayotgan oʻzgartirishlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Markaziy bankda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — moliya vaziri R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 18-dekabr,
367-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 51-son, 634-modda)