O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
FUQAROLARNING HAYOTI VA SOG‘LIG‘IGA QARShI QARATILGAN JINOYATLARNING OLDINI OLISh YuZASIDAN QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini jinoyatkorona tajovuzlar va salbiy ko‘rinishlardan himoya qilish yuzasidan aniq maqsadli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida og‘ir jinoyatlar pasayishi sezilmoqda va ularning ochilishi darajasi oshmoqda.
Shu bilan birga sodir etilgan jinoyatlarni o‘rganib chiqish fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga qarshi qaratilgan jinoyatlarning oldini olish va ularni ochishda nuqsonlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida jinoyatchilikni yanada pasaytirish hamda jinoyat sodir etishga va boshqa huquq buzishlarga moyil bo‘lgan shaxslar bilan olib boriladigan profilaktika ishlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Ichki ishlar vazirligi bo‘linmalari va respublika “Mahalla” xayriya jamg‘armasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
shaharlar va tumanlar hokimliklari huzurida — jazoni o‘tash joylaridan ozod qilingan shaxslarga ijtimoiy-maishiy jihatdan va ishga joylashishda yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus komissiyalar tashkil etsinlar, komissiyalarga rahbarlik qilishni hokim o‘rinbosarlaridan biriga yuklasinlar;
joylarda — jamoat tartibini saqlashni ta’minlashda ichki ishlar organlariga ko‘maklashish uchun “Mahalla posboni” jamoat tuzilmalari tashkil etsinlar;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish har bir organida — ilgari sudlangan, surunkali alkogolizmga chalingan va maishiy turmushda huquqni buzishlar sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish uchun oqsoqollar, faxriylar, ayollar va yoshlardan, madaniyat va din vakillaridan iborat yarashtirish komissiyalari tuzsinlar.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Almatov) shtatdagi xodimlarning mavjud sonini qayta taqsimlash hisobiga 1999-yil 1-maygacha:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar ichki ishlar Bosh boshqarmasining profilaktika xizmati tarkibida jazoni o‘tash joylaridan ozod qilingan shaxslar bilan ishlash bo‘linmalarini belgilangan tartibda tashkil etsin;
takroriy jinoyatchilikning oldini olishni yaxshilash, tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish va og‘ir jinoyatlar sodir etgan shaxslar xatti-harakatini tibbiy-psixologik o‘rganish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda har bir jazoni ijro etish muassasasi shtatiga psixolog lavozimini kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Almatov), Adliya vazirligi (Mirsafoyev), Mehnat vazirligi (Akbarov), respublika “Mahalla” xayriya jamg‘armasi (Jalilov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda:
hokimliklar huzuridagi jazoni o‘tash joylaridan ozod qilingan shaxslarga ijtimoiy-maishiy jihatdan va ishga joylashishda yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus komissiyalar to‘g‘risidagi;
“Mahalla posboni” jamoat tuzilmalari to‘g‘risidagi;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzuridagi yarashtirish komissiyalari to‘g‘risidagi nizomlarni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasiga (Xudoyqulov), vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar rahbarlari tomonidan ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod etilgan shaxslarga maishiy jihatdan va ishga joylashishda yordam ko‘rsatishga hamda ularning hayotga moslashuviga qaratilgan qonun hujjatlari bajarilishi ustidan prokuror nazoratini kuchaytirish tavsiya etilsin.
5. Ichki ishlar vazirligi (Almatov), Adliya vazirligi (Mirsafoyev) bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi (Xudoyqulov) bilan kelishgan holda “Ozodlikdan mahrum etish joylaridan bo‘shatilgan shaxslar ustidan ichki ishlar idoralarining ma’muriy nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga alohida og‘ir jinoyatlar sodir etgan shaxslar jazoni o‘tagandan keyin ular ustidan majburiy nazorat belgilashga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi takliflarni bir oy muddatda tayyorlasin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Ichki ishlar vazirligi (Almatov), Adliya vazirligi (Mirsafoyev), Moliya vazirligi (Azimov), Mehnat vazirligi (Akbarov), Ijtimoiy ta’minot vazirligi (Obidov) bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi (Xudoyqulov) va Oliy sudi (Mingboyev) bilan kelishgan holda 2000 — 2005-yillar davrida huquq buzishlarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurash chora-tadbirlari davlat dasturini 1999-yil 1-oktabrgacha ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi (Nazirov) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda surunkali alkogolizm va giyohvandlikka chalinganlarni davolash uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasalar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini 1999-yil 1-iyungacha belgilangan tartibda kiritsin.
8. “O‘zteleradio” kompaniyasi (Ko‘chimov) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (Boliyev):
matbuot, radio va televideniye orqali jinoyatchilikka qarshi kurash va huquq buzishlarning oldini olish to‘g‘risida axborot-tushuntirish ishlarini muntazam olib borsinlar;
“Sud zalidan reportaj” doimiy ruknini tashkil etsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 15-mart,
113-son