Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Pop-Qoʻqon-Andijon” uchastkasini elektrlashtirgan holda “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yoʻl liniyasini qurish” loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yoʻl liniyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 18-iyundagi PQ-1985-son qaroriga muvofiq va Fargʻona vodiysining transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yoʻl liniyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 18-iyundagi PQ-1985-son qaroriga muvofiq:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yoʻl liniyasini qurish amalga oshirilayotganligi;
“Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yoʻl liniyasini qurish ishlarini 2016-yil iyul oyida tugallash nazarda tutilganligi, bunda mablagʻlarning “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yoʻl liniyasini qurish loyihasining tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asoslanishiga nisbatan tejalishi kutilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning uzunligi 186 km boʻlgan “Pop-Qoʻqon-Andijon” temir yoʻl uchastkasini elektrlashtirish, koʻrsatib oʻtilgan ishlarni “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yoʻl liniyasini qurish” loyihasi tarkibiga uning tasdiqlangan umumiy qiymati doirasida kiritish boʻyicha taklifi maʼqullansin.
3. “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yoʻl liniyasini qurish” loyihasining tasdiqlangan moliyalashtirish manbalari doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning, “Oʻzbekenergo” AJning oʻz mablagʻlari, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining kreditlari “Pop-Qoʻqon-Andijon” temir yoʻl uchastkasini elektrlashtirish ishlarini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
4. 2016-yil 1-aprelgacha “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga va “Oʻzbekenergo” AJga “Pop-Qoʻqon-Andijon” temir yoʻl uchastkasini elektrlashtirishni hamda tashqi elektr taʼminoti obyektlarini qurishni loyihalashtirish, ishchi va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir paytda amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat etilsin.
5. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Oʻzbekenergo” AJ vakolatli ekspertiza organlari bilan birgalikda “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yoʻlini qurish” loyihasining “Pop-Qoʻqon-Andijon” temir yoʻl uchastkasini elektrlashtirish ishlarini kiritishni nazarda tutuvchi yangilangan texnik-iqtisodiy asoslanishini 2016-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsinlar.
6. “Oʻzbekenergo” AJ oʻz mablagʻlari hisobiga “Pop-Qoʻqon-Andijon” temir yoʻl uchastkasining tashqi elektr taʼminoti obyektlari loyihalashtirilishini, qurilishini va foydalanishga topshirilishini taʼminlasin.
7. “Oʻzbekenergo” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oʻz mablagʻlari hisobiga, tegishligiga koʻra, qurilish hududidagi mavjud muhandislik kommunikatsiyalarining koʻchirilishini va ulanishini, shuningdek elektrlashtiriladigan “Pop-Qoʻqon-Andijon” temir yoʻl uchastkasining loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq muhandislik kommunikatsiyalari va obyektlarining ulanishini taʼminlasinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzmetkombinat” AJ, “Oʻzqurilishmateriallari” AK va “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi bosh buyurtmachilar tomonidan ishchi hujjatlarni hisobga olgan holda taqdim etiladigan asoslangan hisob-kitoblarga koʻra, “Pop-Qoʻqon-Andijon” temir yoʻl uchastkasini elektrlashtirish uchun zarur boʻlgan sement, metall prokatining — tartibga solinadigan narxlar boʻyicha, yonilgʻi-moylash materiallarining — shartnomaviy narxlar boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalarga binoan ajratilishini va yetkazib berilishini taʼminlasinlar.
9. Namangan, Fargʻona va Andijon viloyatlari hokimliklari belgilangan tartibda:
loyiha-smeta hujjatlarining taqdim etilishiga koʻra, “Pop-Qoʻqon-Andijon” temir yoʻl uchastkasini elektrlashtirish obyektlari uchun yer uchastkalarining bir oy muddatda ajratilishini;
ushbu qarorga muvofiq “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yoʻlini qurish” loyihasi tarkibiga kiritiladigan “Pop-Qoʻqon-Andijon” temir yoʻl uchastkasini elektrlashtirish ishlari doirasida obyektlar uchun ajratiladigan yer uchastkalarida yashayotgan fuqarolarning zaruriyat boʻlganda oʻz vaqtida koʻchirilishini;
koʻchiriladigan fuqarolarga toʻlovlar va kompensatsiyalar toʻlashning mahalliy budjet mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini va “Pop-Qoʻqon-Andijon” temir yoʻl uchastkasini elektrlashtirish ishlari doirasida qurilish-montaj ishlarining bajarilishi sifati yuzasidan zarur darajada davlat arxitektura-qurilish nazorati amalga oshirilishini taʼminlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 17-sentabr,
269-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 37-son, 489-modda)