Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Koʻmir uchun ulgurji-sotish narxlari ustamasining maxsus miqdorini oʻzgartirish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-sonli “Koʻmir sanoatida bozor mexanizmlari joriy etilishi munosabati bilan ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2013 — 2018-yillar davrida koʻmir sanoati korxonalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda uni muvozanatli rivojlantirish dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2013-yil 6-iyundagi 161-son qarori ijrosini soʻzsiz taʼminlash, koʻmir tarmogʻini modernizatsiya qilish va rivojlantirish uchun zarur moliyaviy mablagʻlar bilan taʼminlash maqsadida, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2015-yil 1-yanvardan boshlab koʻmir tarmogʻi korxonalari tomonidan sotiladigan 1 tonna koʻmiring ulgurji sotish narxiga maxsus ustama miqdori 54 000 soʻm etib belgilansin, aholiga va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarga sotiladigan koʻmir hajmlari bundan mustasno.
2. Belgilansinki:
maxsus ustamani qoʻllashdan kelib tushadigan mablagʻlar faqat koʻmir tarmogʻini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash va uni bir meʼyorda rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishga, investitsiya loyihalari doirasida jalb qilingan kredit qarzlarini soʻndirishga, koʻmir tarmogʻi korxonalari tomonidan amalga oshiriladigan qoʻshimcha kon ustini ochish ishlarini bajarishga yoʻnaltiriladi;
1 tonna koʻmir uchun maxsus ustama miqdorini oʻzgartirish boʻyicha takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishgan holda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
3. 2015-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Koʻmir uchun maxsus ulgurji-sotish narxlari ustamasini joriy yetish toʻgʻrisida” 2013-yil 27-dekabrdagi 345-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari G.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 31-mart,
75-son