Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZMETALL TEXNOLODJI” OʻZBEKISTON — ISROIL QOʻSHMA KORXONASINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Qalmoqqir va Sori-Chek (Toshkent viloyati) mis-molibden konlaridan samarali foydalanish, molibdenli sanoat mahsulotini qayta ishlash va respublika eksport salohiyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va Oʻzbekiston qiyin eriydigan va oʻtga chidamli materiallar kombinatining “Metek Metall Texnolodji” (Isroil) kompaniyasi bilan birgalikda molibden uch oksidi va uning hosilalarini ishlab chiqarish va sotish 1-ilovaga* muvofiq prognozlashtirilayotgan parametrlarga ega boʻlgan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. Quyidagilar:
“Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasining ustav fondi 1.0 mln AQSH dollari miqdorida shakllantirilishi, ulushlarning: “Metek Metall Texnolodji” kompaniyasi boʻyicha — 50 foiz, Oʻzbekiston qiyin eriydigan va oʻtga chidamli metallar kombinati boʻyicha — 30 foiz va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boʻyicha — 20 foiz miqdorida taqsimlanishi;
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida molibdenli sanoat mahsulotini qayta ishlaydigan ishlab chiqarishni tashkil etish va Oʻzbekiston qiyin eriydigan va oʻtga chidamli metallar kombinatida molibden mahsuloti tayyorlashning zamonaviy texnologiyasini joriy etish “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasining asosiy vazifalari hisoblanishi;
“Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasining tayyor mahsulotini eksportga sotish hajmlari va shartlari “Metek Metall Texnolodji” kompaniyasi bilan tuziladigan alohida shartnomalar bilan belgilanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki:
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqariladigan tarkibida molibden boʻlgan barcha sanoat mahsulot “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasi tomonidan qayta ishlanadi, ushbu jarayonda olinadigan qoʻshimcha mahsulotlar Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ixtiyorida qoladi;
tuziladigan shartnomalarga muvofiq “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasi molibden qoldigʻini Oʻzbekiston qiyin eriydigan va oʻtga chidamli metallar kombinatida qayta ishlashda olinadigan kekni undagi mavjud metallar bilan birgalikda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga qaytaradi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilansinki, loyihaning 17,490 mln AQSH dollari miqdoridagi texnologiya asbob-uskunalari xarid qilish va oʻrnatishga oid qismini mablagʻ bilan taʼminlash 2-ilovaga* muvofiq sxema boʻyicha:
* 2-ilova berilmaydi.
kontrakt qiymatining 15 foizi (2,624 mln AQSH dollari) Isroilning “Metek Metall Texnolodji” kompaniyasining “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasiga 3 yil muddatga beriladigan krediti hisobiga;
kontrakt qiymatining 85 foizi (14,866 mln AQSH dollari) Isroil bankining mablagʻlarini “Iftrik” kompaniyasining sugʻurta qoplamasi ostida qayta moliyalash yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining 5 yil muddatga beriladigan krediti hisobiga amalga oshiriladi.
Kredit mablagʻlari “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasi tomonidan uning faoliyatidan oladigan valyuta mablagʻlari hisobiga 3 va 4-ilovalarga* muvofiq qaytariladi.
* 3 va 4-ilovalar berilmaydi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki kontrakt qiymatining 85 foizini toʻlash uchun Isroil banki bilan belgilangan tartibda kredit bitimi tuzsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Isroil banki oldidagi toʻlov majburiyatlari boʻyicha hamda “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasining “Metek Metall Texnolodji” kompaniyasi oldidagi majburiyatlari boʻyicha, shuningdek Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasi majburiyatlari boʻyicha kafolatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan belgilangan tartibda imzolashga vakil qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yangi tashkil etilayotgan “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasining taʼsis hujjatlarini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolatlari yuzasidan xorijiy kreditorlarga maqbul boʻlgan shakl boʻyicha yuridik xulosalar bersin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasini tashkil etish loyihasini 2000-yilgi investitsiya dasturiga belgilangan tartibda kiritsin.
9. Asbob-uskunalarning kontraktdagi muddatlarda oʻrnatilishini va “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasi ishlab chiqarishini oʻz vaqtida ishga tushirishni taʼminlash maqsadida obyekt qurilishini loyihalash bilan ayni bir vaqtda amalga oshirishga, istisno tariqasida, olti oy muddatga ruxsat etilsin, ushbu davr mobaynida loyiha-smeta hujjatlari albatta tasdiqlansin.
10. “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasi loyihani amalga oshirish uchun chetdan keltirilayotgan texnologiya asbob-uskunalari, materiallar va ehtiyot qismlar uchun bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtirishi uchun bojxona yigʻimlaridan tashqari) besh yil muddatga ozod qilinsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasiga texnologiya asbob-uskunalar yetkazib berish boʻyicha kontraktni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasi buyurtmanomalariga binoan, loyihani amalga oshirishga jalb etiladigan xorijiy xodimlarning ishlashi uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishini taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasi buyurtmanomalariga binoan, loyihani ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga, ularni konsullik yigʻimlari toʻlashdan ozod qilgan holda kelish vizalarining belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasi buyurtmanomalariga binoan, loyihani ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik kelish vizalari berishni va vizalar muddatini uzaytirishni, shuningdek, ularni davlat bojlari toʻlashdan ozod qilgan holda vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazishni va uning muddatini uzaytirishni taʼminlasin.
15. “Oʻzmetall Texnolodji” qoʻshma korxonasida ishlash uchun kelayotgan xorijiy mutaxassislarga respublika hududida yashash va transportda yurish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflar boʻyicha milliy valyutada haq toʻlash huquqi berilsin.
16. Xorijiy bank “Metek Metall Texnolodji” va “Iftrik” kompaniyalari Oʻzbekiston Respublikasi hududida norezidentlar oladigan daromadlaridan soliqlar toʻlashdan ozod qilinsin.
17. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 18-yanvar,
15-son